Fransiya hukumati AQSHda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish qisqartirilishi sharoitida amerikalik olimlarni o‘z mamlakatida qabul qilish uchun 100 million yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.

Foto: AP Photo
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Donald Tramp siyosatidan norozi bo‘lgan amerikalik olimlarga Yevropaga ko‘chib kelishni taklif qildi.
“Iqtisodiy modeli erkin fan va innovatsiyalarga shunchalik tayanadigan bu buyuk demokratiya… Bunday xatoga yo‘l qo‘yishini hech kim tasavvur qila olmas edi. Agar erkinlikni qadrlasangiz, bu yerga kelib tadqiqotlaringizni olib boring. Buning uchun davlat qo‘shimcha ravishda 100 million yevro ajratadi”, dedi Makron.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa olimlar uchun boshpanaga aylanishi kerak.
“Maqsad - nomzodlarning sifatlarini hisobga olgan holda zarur miqdordagi tadqiqotchilarni jalb etish. Doktorantlar va yosh professorlardan tortib Nobel mukofoti sovrindorlarigacha”, dedi Fransiya Prezidenti.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va Buyuk Britaniya Amerika ma’muriyatining davlat xarajatlarini qisqartirish siyosati fonida AQSHdan ko‘plab olimlarning Yevropa ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga o‘tishini kutmoqda.
Trampning Garvard universitetiga qo‘ygan talablari
Amerika hukumati 11-aprel kuni Garvardga rasmiy maktub yo‘llab, universitet agar keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirsa, federal moliyalashtirishni saqlab qolishi mumkinligini bildirgan. Aks holda deyarli 9 milliard dollarlik moliyaviy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilgan.
Tramp ma’muriyatining fikricha, o‘tgan yili G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar paytida Garvard va boshqa Amerika oliy o‘quv yurtlarida antisemitizmga yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli Garvard universitetiga quyidagi talablar qo‘yilgan:
- boshqaruv tizimini isloh qilish;
- ilmiy faoliyatdan ko‘ra faollikka (aktivizmga) berilgan professor-o‘qituvchilarning ta’sirini kamaytirish;
- AQSH qadriyatlariga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan talabalarni qabul qilmaslik;
- shuningdek, xulq-atvor qoidalarini buzgan “grin karta” egalari haqida politsiyaga xabar berish.
Garvard prezidenti Alan Garber 14-aprel kuni universitet hukumatning bu talablarini bajarmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng AQSH hukumati universitetga ajratilgan 2,2 milliard dollardan ortiq miqdordagi grant va shartnomaviy mablag‘larni muzlatib qo‘ydi.
Izoh (0)