Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 7-sinf o‘quvchisi tengdoshlari tomonidan muntazam kamsitib kelingani aniqlandi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, Xovos tumanida yashovchi o‘smir bola psixologik ko‘mak yordamida jamiyatga muvaffaqiyatli qayta ijtimoiylashtirildi. Bolaning onasi farzandining boshqa tengdoshlari bilan muloqot qila olmasligi, arzimas sabablarga ko‘ra yig‘lashi va asta-sekin uyda qolib ketishga odatlanib qolganidan xavotirga tushib, mahalla ijtimoiy xodimiga murojaat qilgan.
Dastlab bolaning ruhiy rivojlanishida muammo bor deb gumon qilingan va u bir necha bor psixiatr ko‘rigidan o‘tkazilgan. Biroq bu urinishlar samara bermagan.
Muammoning ildizini aniqlash va yechim topish maqsadida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Xovos tumanidagi psixologlar jamoasi o‘smir bilan individual tarzda ishlashni boshladi. Konsultatsiyalar davomida bolaning fikr va istaklari oilasi tomonidan inobatga olinmagani, qiziqishlari qo‘llab-quvvatlanmagani aniqlandi.
Ushbu omillar uning psixologik holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va ijtimoiy muhitda diskriminatsiyaga uchrashiga sabab bo‘lgan. So‘nggi olti oy davomida olib borilgan muntazam psixologik maslahatlar natijasida bolada sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Unda o‘ziga bo‘lgan ishonch shakllanib, ijtimoiy muhitga moslasha boshladi. Yangi do‘stlar orttirib, ijtimoiy faolligi oshdi.
Bolani yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida u mental arifmetika va shaxmat to‘garaklariga jalb qilindi. Ayni paytda o‘smir sog‘lom va faol turmush tarziga qaytgan.
Bundan avval Samarqandda bola maktabdoshi bo‘lgan qizdan tiz cho‘kib kechirim so‘ragani haqida xabar berilgandi. U Samarqand shahar hokimining 2021-yil 16-noyabrdagi tegishli qarori bilan hududdagi 1-sonli oilaviy bolalar uyiga berilgan bo‘lgan.
Izoh (0)