Quyma oltinni noqonuniy olib chiqishga bo‘lgan urinish fosh etildi, deb xabar bermoqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi.
Xabarga ko‘ra, “Navoiy” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tayotgan vaqtda, uning xatti-harakatlarida shubhali holatlar kuzatilgani sababli bojxona xodimi tomonidan belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Shaxsiy ko‘rik natijasida fuqaroning tanasidan umumiy og‘irligi 1 028 gramm bo‘lgan quyma tilla bo‘laklari aniqlandi. Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur oltin buyumlarining umumiy qiymati 1 milliard 312 million so‘mni tashkil etdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bundan avval Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijiy mamlakatga uchib ketayotgan fuqaroning qo‘l sumkasi tekshirilganda, uning ichida qadimiy tangalar va quyma oltin bo‘laklari borligi aniqlangandi.
Izoh (0)