Eron rasmiylari 4-may kuni “Qassem Basir” nomli yangi qattiq yonilg‘ili ballistik raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Bu haqda Tehran Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, raketa sinovlari 17-aprel kuni bo‘lib o‘tgan. Eron mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda raketa takomillashtirilgan manyovrchanlikka ega ekanini aytmoqda. Uni THAAD, Patriot kabi havo mudofaa tizimlari va Isroildagi mavjud tizimlar to‘xtata olmaydi.
Raketaning infraqizil va optik boshqaruv tizimlari GPSʼga tayanmasdan aniq nishonga olish imkonini beradi, bu esa navigatsiyani izdan chiqarish uchun qo‘llanadigan elektron urush usullarini chetlab o‘tadi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu tizimning radioto‘siqlar kuchli bo‘lgan sharoitlarda ham ishlashini ta’minlaydi.
Nosirzoda agar AQSH Eronga hujum qilsa, kuchli javob qaytarilishidan ogohlantirmoqda. Eron harbiy idorasi rahbari Tehron “qo‘shni davlatlarga dushmanlik kayfiyatida emasligini” qayd etgan. Biroq urush boshlangan taqdirda mintaqadagi Amerika bazalari Eron harbiylari uchun “qonuniy nishon”ga aylanadi.
Yaqinda Yaman husiylarining Isroilga raketa hujumiga izoh berar ekan, Nosirzoda Yaman “o‘z qarorlarini o‘zi qabul qiladigan mustaqil davlat” ekanini aytdi. U Eron ushbu mojaroga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.
Afsuski, biz, bir tomondan, Amerika rasmiylari halol va muzokaralarga ochiqlik haqida da’vo qilayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan muntazam ravishda turli yo‘llar bilan Islom respublikasiga harbiy hujum bilan tahdid qilayotganini ko‘rmoqdamiz, dedi vazir.
Izoh (0)