AQSHni o‘z ixtiyori bilan tark etgan noqonuniy muhojirlarga 1000 dollar miqdorida stipendiya to‘lanadi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Muhojirlar o‘z vataniga qaytishi bilanoq moliyaviy yordam oladi. Ular CBP Home ilovasidan foydalanib, mustaqil ravishda deportatsiyani amalga oshiradi. Noqonuniy muhojir ilova orqali o‘z vataniga qaytganini tasdiqlagach, 1000 dollar taqdim etiladi.
O‘z-o‘zini deportatsiya qilish AQSHni tark etishning qonuniy muqobil usuli bo‘lib, noqonuniy muhojirlarga immigratsiya politsiyasi bilan to‘qnash kelmaslikka yordam beradi. Stipendiya narxini hisobga olgan holda, CBP Home’dan foydalanish deportatsiya xarajatlarini taxminan 70 foizga kamaytirishi kutilmoqda.
Hozirda noqonuniy muhojirni hibsga olish, ushlash va chiqarib yuborishning o‘rtacha qiymati 17 ming dollarni tashkil etadi, deyiladi Ichki ishlar vazirligi xabarida.
Dasturdan foydalanib Gondurasga boradigan muhojirlar allaqachon mavjud. AQSHda dastur bo‘yicha ketish haqida o‘z ixtiyori bilan xabar bergan muhojirlar hibsga olinmaydi. Bundan tashqari, ular kelajakda Qo‘shma Shtatlarga qonuniy asosda kirish imkoniyatini saqlab qoladi. Tegishli tashabbus prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan.
AQSHda noqonuniy bo‘lib turganlar deportatsiya qilinishi
Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni sudsiz deportatsiya qilishga ruxsat bergan. Tramp saylovoldi kampaniyasidayoq muhojirlarni ommaviy deportatsiya qilishga va’da bergan. 2025-yil fevralida Kosta Rika O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQSHdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi bo‘lgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi diplomatik vakolatxonalar O‘zbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, har tomonlama yordam ko‘rsatishini aytgan. 2025-yil fevralida 7 nafari Nyu York—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga olib kelingan. Mart oyida yana 10 nafar fuqaro AQSHdan O‘zbekistonga qaytarilgan.
Deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari soni 975 kishini tashkil etmoqda. Umumiy hisobda, turli davlatlardan 1 445 549 nafar chet el fuqarosi chiqarib yuboriladi. AQSHdan 2023-yil sentyabrdan 2024-yil sentyabrgacha O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.
AQSHda migrantlar uchun o‘z-o‘zini deportatsiya qilishga mo‘ljallangan ilova ishga tushirilgan. CBP Home deb nomlangan mobil ilova noqonuniy migrantlarga hibsga olinmasdan, mamlakatni mustaqil ravishda tark etish imkonini beradi. Ular keyinchalik qonuniy ravishda qaytib kelishi mumkin bo‘ladi.
Izoh (0)