Janubiy Koreya Kanadaga qiymati 20–24 milliard dollarga baholangan KSS-III suvosti kemalarini taklif qildi. Bu haqda Canadian Broadcasting Corporation’ga tayanib qator nashrlar xabar bermoqda.
Mazkur taklif Kanada va AQSH o‘rtasidagi taranglik kuchaygan bir paytda ilgari surilmoqda. Xususan, Kanada hukumatining AQSH yetakchiligidagi F-35 qiruvchi samolyotlari dasturidan chiqishi mumkinligi mamlakat mudofaa strategiyasida tub o‘zgarishlar boshlanayotganidan dalolat beradi.
CBC’ning ma’lum qilishicha, Janubiy Koreya bu taklifni ilgari surish bilan Kanadani AQSH va Yevropadagi an’anaviy hamkorlaridan uzoqlashtirishni ko‘zlayapti. Taklifning markazida Hyundai Heavy Industries va Hanwha Ocean tomonidan ishlab chiqilgan Dosan An Changho sinfiga mansub KSS-III suvosti kemalari turibdi.
Janubiy Koreya kamida 4 ta suvosti kemani 2035-yilgacha yetkazib berishni va’da qilgan. Bu esa Kanada hukumatining harbiy-dengiz kuchlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha CPSP jadvalidan ancha oldin hisoblanadi. Mazkur loyiha orqali Kanada mavjud Victoria sinfidagi suvosti kemalarini yangilashni rejalashtirmoqda.

KSS-III
Koreyslar taklif qilgan suvosti kemalari 20 kungacha yuzaga chiqmay harakatlana oladi. Ular zamonaviy sonar tizimlari, aktiv/passiv qidiruv modullari, jangovar boshqaruv kompyuter tizimi va raketalarni uchirish uchun vertikal start qurilmalari bilan jihozlangan.
Shovqinni kamaytirish texnologiyalari sabab ular maxfiy operatsiyalarni ham muvaffaqiyatli bajara oladi. Hozirda bu turdagi suvosti kemalari yadro energiyasiz ishlaydigan platformalar orasida eng ilg‘orlaridan biri sifatida tan olinmoqda. Ularning har biri taxminan 900 mln AQSH dollariga baholanadi.
Kanada suvosti kemalar flotini yangilamoqchi
2024-yilning iyul oyida Kanada mudofaa vazirligi 12 ta yangi dizel-elektr suvosti kemasini xarid qilish bo‘yicha rasmiy jarayon boshladi. Yangi kemalarga Arktika sharoitida harakatlana olish, uzoq masofada muntazam patrulni ta’minlash, dushmanni yashirincha aniqlash va zarurat tug‘ilganda, harbiy kuch bilan javob qaytarish kabi funksiyalarni bajarish kabi talablar qo‘yildi.
Ammo koreyslar Kanada uchun yagona variant emas. Ottava boshqa yetkazib beruvchilar takliflarini ham ko‘rib chiqmoqda. Ro‘yxatda Germaniya, Shvetsiya, Fransiya va AQSHning suvosti kemalari ham bor. Biroq Janubiy Koreyaning taklifi sifat va narx uyg‘unligi va mahalliy sanoatga integratsiyasi bilan ajralib turibdi.
Izoh (0)