Yevropa Ittifoqi butun dunyodan olimlarni jalb qilish maqsadida 500 million yevrolik (taxminan 566,6 million dollarlik) keng ko‘lamli tashabbusni boshlaydi. Bu haqda Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ma’lum qildi.

U Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda tegishli bayonotni berdi. Olimlarni jalb qilishga AQSH prezidenti ma’muriyati va Amerika universitetlari o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi sabab bo‘lgan. Oq uy ilm-fanni moliyalashtirishni qisqartirgan.
Biz butun dunyo tadqiqotchilarini birlashishga va bizga qo‘shilishga chaqiramiz. Agar erkinlikni qadrlasangiz keling va bizga erkin qolishda yordam bering, dedi Makron.
Ajratilgan mablag‘lar ilmiy-tadqiqot loyihalarini moliyalashtirish, universitetlarning xorijiy mutaxassislarni jalb qilish xarajatlarini qisman qoplashga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari 2030-yilga borib ilm-fanga davlat investitsiyalarini yalpi ichki mahsulotning 3 foizi darajasiga yetkazmoqchi.
Makron, o‘z navbatida, Fransiya nomidan 100 million yevro to‘lashga va’da bergan, biroq bu summa umumiy paketga kiradimi yoki qo‘shimcha hissa bo‘ladimi noma’lum.
E’lon Amerika ilmiy muhitida kuchayib borayotgan inqiroz fonida e’lon qilindi. Oq uyga qaytganidan so‘ng Donald Tramp universitetlarga bosim o‘tkazish kampaniyasini boshladi, federal moliyalashtirishni muzlatib qo‘ydi. Tramp ma’muriyati oliy o‘quv yurtlarini “antisemitizm, antiamerika, marksistik va radikal so‘l mafkurani” tarqatishda ayblamoqda.
Aprel oyida AQSH Ta’lim vazirligi Garvard universitetini 2,2 milliard dollarlik davlat mablag‘idan mahrum qildi. Shuningdek, 60 million dollarlik shartnomalar va 2,7 million dollarlik ikkita ilmiy grantni bekor qildi. Bundan tashqari, Tramp Garvardni soliq imtiyozlaridan mahrum qilish bilan tahdid qildi. Universitet bu AQSH soliq kodeksini “noqonuniy suiiste’mol qilish” hisoblanishini bildirdi.
Trampning Garvard universitetiga qo‘ygan talablari
Amerika hukumati 11-aprel kuni Garvardga rasmiy maktub yo‘llab, universitet agar keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirsa, federal moliyalashtirishni saqlab qolishi mumkinligini bildirgan. Aks holda deyarli 9 milliard dollarlik moliyaviy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilgan. Tramp ma’muriyatining fikricha, o‘tgan yili G‘azo sektoridagi urushga qarshi o‘tkazilgan namoyishlar paytida Garvard va boshqa Amerika oliy o‘quv yurtlarida antisemitizmga yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli Garvard universitetiga quyidagi talablar qo‘yilgan:
- boshqaruv tizimini isloh qilish; ilmiy faoliyatdan ko‘ra faollikka (aktivizmga) berilgan professor-o‘qituvchilarning ta’sirini kamaytirish;
- AQSH qadriyatlariga nisbatan dushmanona munosabatda bo‘lgan talabalarni qabul qilmaslik;
- shuningdek, xulq-atvor qoidalarini buzgan “grin karta” egalari haqida politsiyaga xabar berish.
Garvard prezidenti Alan Garber 14-aprel kuni universitet hukumatning bu talablarini bajarmasligini ma’lum qildi. Shundan so‘ng AQSH hukumati universitetga ajratilgan 2,2 milliard dollardan ortiq miqdordagi grant va shartnomaviy mablag‘larni muzlatib qo‘ydi.
Izoh (0)