Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni saqlab qolish uchun “B reja”ni ishlab chiqmoqda. Bu reja Tramp ma’muriyati Ukrainadagi tinchlik muzokaralaridan chiqqan taqdirda amalga oshadi. Bu haqda YI tashqi siyosat bo‘limi rahbari Kaya Kallas Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Yevropa rasmiylari fikricha, AQSH “Ukrainani tark etib”, Rossiya bilan kelishuv tuzishga harakat qilmoqda. Sababi muzokaralar jarayoni juda qiyin tus olyapti. “B reja” esa Rossiyaga iqtisodiy bosimni davom ettirishga qaratilgan.
“B reja” ham bor, lekin “A reja” asosida harakat qilishimiz kerak, aks holda “B reja”ga e’tiborni qaratib qo‘yasiz va u haqiqatga aylanadi, deya tushuntirdi Kallas.
U AQSH va boshqa hamkorlar bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimini saqlab qolish yuzasidan muzokaralar davom etayotganini aytdi.
Yevropaning ba’zi davlatlari AQSH agar Ukrainadan “voz kechsa” va Rossiya bilan munosabatlarni qayta tiklasa, unga ergashish kerakmi yoki yo‘qligi muhokama qilinmoqda. Ular “endi Ukrainani qo‘llab-quvvatlamasliklariga” umid qilmoqda, dedi Kallas va bu fikrni “yolg‘on umid” deb atadi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari agar AQSH o‘yindan chiqadigan bo‘lsa, YI Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatishi mumkinligini aytdi. Lekin amerikaliklarsiz Kiyev harbiy ta’minotidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish oson bo‘lmasligini ta’kidladi. Kallas urush oqibati AQSHga ham ta’sir qilishini aytdi. U Yevropa AQSHni bunga ishontirishda davom etayotganini bildirdi.
Shuningdek, u YIning hech bir davlati Qrimni Rossiyaniki deb tan olmasligini ma’lum qildi. Bu avvalroq Vashingtonda muhokama qilingan va Kiyevda qat’iyan rad etilgan edi.
Yevropaga kelsak, qayta-qayta takrorlayman... Qrim — bu Ukraina. Amerikaliklar qo‘lida bu urushni to‘xtatadigan va Rossiyaga bosim o‘tkazish uchun ishlatiladigan vositalar bor. Tramp qotillik to‘xtatilishini istayotganini aytdi. U qotillik qilayotgan odamga bosim o‘tkazishi kerak, deya qo‘shimcha qildi Kallas.
Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Amerika taqdim etgan loyihada tinchlik muzokaralari tugashidan oldin Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish bandi bor edi.
Yevropa Ittifoqi va Ukraina bu taklifni rad etdi. Buning o‘rniga, Moskva o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini buzmasa, Rossiyaga qarshi cheklovlarni bosqichma-bosqich bekor qilishni nazarda tutuvchi boshqa loyihani ilgari surdi.
Izoh (0)