Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan AQSHga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tug‘ilgan shaxs Navoiy shahrida yashovchi fuqaroni Turkiya—Yevropa—Meksika yo‘nalishi orqali AQSHga yuborish evaziga 28 ming dollar talab qilib, oldindan 14 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xizmatning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni AQSHga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollarni uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida kuzatilgan holatda esa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan shaxs mahalliy fuqaroni Turkiya—Ispaniya—Meksika yo‘nalishi orqali Amerikaga ishlash maqsadida yuborish uchun mansabdor tanishlari orqali viza rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming dollar talab qilib, oldindan 5 ming dollari va 26 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Xizmatning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1995-yilda tug‘ilgan shaxs Shirin shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni AQSHga ishga yuborish hamda viza va boshqa hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming dollar talab qilib, oldindan 52 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistondan AQSHga noqonuniy borish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari haqida xabar berilishiga qaramay, bunday holatlar tez-tez qayd etilmoqda. 26-mart kuni Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 38 ming va 14 ming dollar evaziga AQSHga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Undan avval Toshkentning Chilonzor tumanida AQSHga ishga yuborish uchun 40 ming dollar olgan kishi ushlangandi.
“Hurmatli fuqarolar, xorijiy davlatlarga ishga yuborish bilan bog‘liq shubhali takliflar bildirayotgan firibgarlarning so‘zlariga aldanib, o‘z hayotingizni xavf ostiga qo‘ymang, ogoh bo‘ling”, deyiladi DXX matbuot xizmati axborotida.
Izoh (0)