Ispaniyada keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishi mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy zarba berdi. Ekspertlarning dastlabki baholashlariga ko‘ra, yo‘qotishlar 1 mlrd yevrodan 4,5 mlrd yevrogacha bo‘lishi mumkin. Bu haqda RTVE teleradiokompaniyasi xabar bermoqda.

Granada universiteti iqtisodiyot professori Fransisko Rodrigesning aytishicha, 4,5 mlrd yevrolik yo‘qotishlar mamlakatning kunlik YIMiga teng, biroq u bunday ssenariyni ehtimoldan yiroq deb hisoblamoqda.
Mutaxassislar haqiqiy yo‘qotishlar kunlik YIMning 25 foizidan 50 foizigacha, ya’ni 1,1 mlrd yevrodan 2,25 mlrd yevrogacha bo‘lishi mumkinligi haqida bir fikrga kelishmoqda. Bu esa yillik YIMning 0,05-0,15 foiziga teng degani.
Ayniqsa, Ispaniya iqtisodiyotining ikkinchi muhim tarmog‘i bo‘lgan ishlab chiqarish sanoati katta zarar ko‘rgan. Seat, Ebro va Ford avtomobil ishlab chiqaruvchi zavodlari, shuningdek Repsol va Petronor neftni qayta ishlash korxonalari to‘xtab qolgan.
Eng sezilarli zarar transport sohasida qayd etilgan. Temir yo‘l qatnovi ommaviy uzilishlari va aeroportlar faoliyatidagi cheklovlar logistikaning izdan chiqishiga olib kelgan. Minglab odamlar uylariga piyoda borishga yoki vokzallarda tunashga majbur bo‘lgan.

Mamlakat ishlab chiqarish tuzilmasining deyarli 100 foizini tashkil etuvchi kichik va o‘rta korxonalar ham sezilarli zarar ko‘rgan. Professionallar va mustaqil ishchilar ittifoqining hisob-kitoblariga ko‘ra, tadbirkorlar kuniga o‘rtacha 650 yevro yo‘qotgan. Sektorning umumiy zarari esa 1,3 mlrd yevroga yetishi mumkin.
Ba’zi hududlarda aloqa va internet bilan bog‘liq muammolar davom etayotgan bir paytda, ekspertlar eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalarni zudlik bilan baholash va kompensatsiya choralarini ko‘rish zarurligini ta’kidlamoqda.
28-aprel kuni Ispaniyada keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishi sodir bo‘ldi. Bu nosozlik Portugaliya, Fransiya va Andorraga ham ta’sir ko‘rsatdi. Oqibatda temir yo‘l qatnovi to‘xtab, jamoat transporti harakati izdan chiqdi. Ispaniya Ichki ishlar vazirligi bu hodisa tufayli favqulodda holat e’lon qildi. 29-aprel kuni Ispaniyada elektr ta’minoti tiklandi.
Yevropa Ittifoqining Kiberxavfsizlik agentligi (ENISA) taxmin qilishicha, nosozlikka keskin kuchlanish o‘zgarishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)