Hindiston Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurash agentligi monopoliyaga qarshi tergov doirasida smartfon ishlab chiqaruvchilari - AQSHning Apple va Xitoyning Xiaomi kompaniyalaridan onlayn savdolar haqidagi ma’lumotlarni so‘ragan. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, tergov ushbu kompaniyalarning Hindiston elektron tijorat qoidalarini buzganlik gumoniga asoslangan. Qoidalarga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilarning mamlakat elektron savdo platformalaridagi tovarlar ustidan nazorat o‘rnatishi taqiqlanadi.
Surishtiruv mahalliy savdogarlarning shikoyati asosida boshlangan. Ular Apple va Xiaomi’ning onlayn savdo maydonlaridagi sotuvlar ustidan nazorati hamda ushbu kompaniyalar internet mahsulotlariga berilgan chegirmalar chakana savdo tarmog‘ida mobil telefonlar savdosiga zarar yetkazganini ta’kidlashgan.
2024-yilda Hindistonda o‘tkazilgan tergov natijasida AQSHning Amazon va mahalliy Flipkart kompaniyalarining Hindistonda mobil telefonlar savdosini faqat o‘z onlayn platformalari bilan cheklashga urinishlari respublika monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzganini aniqlagan.
Hozirda Hindistonda gadjetlar savdosining qariyb 40 foizi onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Hindistonning elektron chakana savdo bozori 2028-yilga kelib 160 milliard dollardan oshishi kutilmoqda. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 57-60 milliard dollarga yetgan.
2023-yilda Hindiston hukumati Xiaomi’ning mahalliy filialini valyuta qonunchiligini buzganlikda va xorijiy tashkilotlarga 673 million dollar miqdorida noqonuniy pul o‘tkazmalarini amalga oshirganlikda ayblagan.
Buyuk Britaniyada Amerika kompaniyasi Google’ga qarshi 5 milliard funt sterlingdan ortiq (taxminan 6,6 milliard dollar) jamoaviy da’vo kiritdi.
Yevropa Ittifoqi Amerika texnologiya gigantlari Apple va Meta’ni monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzganligi uchun jarimaga tortishi mumkinligi xabar berilgandi. Yevrokomissiya Google qidiruv tizimini o‘z ichiga olgan Alphabet kompaniyasiga Yevropa Ittifoqining raqamli bozorida raqobat qoidalarini muntazam ravishda buzayotgani to‘g‘risida ogohlantirish yuborgandi.
Izoh (0)