• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12880.35
    • RUB156.68
    • EUR14535.47
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +26°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Dunyo

    Kuchli charchoq, dispetcherlar xatosi, samolyot yukxonasidagi bomba... Eng yirik aviahalokatlar tarixiga nazar

    Bokudan Grozniyga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘iston hududida halokatga uchradi. Hozircha 32 kishi omon qolgani maʼlum, ulardan 11 nafari o‘ta og‘ir ahvolda. “Daryo” nashri Qozog‘istondagi hodisa bahonasida boshqa aviahalokatlarni ham yodga oldi.

    Foto: RIA Novosti

    Qushlar galasi bilan to‘qnashuv — halokat sababchisimi?

    Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Bokudan Grozniyga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Hodisa paytida samolyot bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj aʼzosi bo‘lgan.

    “Izvestiya” nashri Qozog‘iston transport vazirligiga tayanib Qozog‘iston yo‘lovchilarning 37 nafari Ozarbayjon, 16 nafari Rossiya, 6 nafari Qozog‘iston, 3 nafari Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgani haqida yozgan.

    Foto: RIA Novosti

    Hozirgacha to‘rt nafar yo‘lovchining jasadi topilgan. Qozog‘iston SSV 32 nafar yo‘lovchi (ulardan ikki nafari bolalar) omon qolgani haqida xabar bergan. Jabrlanuvchilar mahalliy shifoxonaga yetkazilgan.

    Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti Kaspiy dengizi ustida halokat signali bergan va majburiy qo‘nish joy qidirgan. RIA Novosti Grozniy aeroporti matbuot xizmatiga asoslangan holda Bokudan uchgan samolyot Grozniydagi noqulay ob-havo tufayli avvaliga Maxachqalʼaga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgani haqida xabar bergan.

    Foto: RIA Novosti

    Dastlab halokatga samolyotning qushlar galasi bilan to‘qnashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilingandi. Telegram-kanallarda Aqtauga qulagan samolyotning fyuzelyaji ilma-teshik bo‘lib ketgani aks etgan kadr tarqalmoqda. Bu esa samolyotga havoda zarba berilishi oqibati bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni paydo qilmoqda. Samolyot Grozniyga uchayotganida ushbu shaharga ukrain dronlari hujum qilgandi. Hozircha uchuvchilarning dispetcher bilan so‘zlashuvi yozuvi tarmoqqa chiqarilmadi. Aviahalokatning asl sababi — barcha ma’lumotlar yig‘ilganidan keyin oydinlashishi mumkin.

    MDH davlat rahbarlarining sammitida ishtirok etish uchun Sankt-Peterburgga borgan Ilhom Aliyev ro‘y bergan hodisa tufayli shoshilinch Bokuga qaytgan. Ozarbayjon rahbari aviahalokat natijasida qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Samolyot halokati sabablarini joyida o‘rganish uchun Ozarbayjon davlat delegatsiyasi Qozog‘istonga jo‘natilgan.

    Dunyo miqyosidagi eng yirik aviahalokatlar

    1974-yil 3-martda Parij yaqinidagi Ermenonvil aholi punktida Turkish Airlines aviakompaniyasiga qarashli Istanbul — Parij — London yo‘nalishida uchayotgan McDonnell Douglas DC-10-10 samolyoti quladi. Samolyot bortida bo‘lgan 346 kishining barchasi halok bo‘lgan.

    Foto: “Kommersant”

    Halokatga samolyotdagi texnik nosozlik, aniqrog‘i samolyot yukxonasi eshiklarining qulf tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Uch kilometr balandlikda bosimlar o‘rtasidagi farq sababli yukxona eshigi ochilib ketgan va boshqaruv tizimining izdan chiqishiga olib kelgan. Samolyot katta tezlikda tumshug‘i bilan yerga urilgan. Halokat shu kungacha Fransiya tarixidagi eng yirik aviahalokat bo‘lib qolmoqda.
     
    Foto: “Kommersant”
    1977-yil 27-martda Kanar orollarining Tenerife shahridagi Los-Rodeos aeroportida ikki Boeing-747 samolyoti to‘qnashib ketgan. Inson omili tufayli yuz bergan baxtsiz hodisa aviatsiya tarixida qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik halokat hisoblanadi. Aviahalokat natijasida 583 kishi qurbon bo‘lgan.
    Foto: “Kommersant”
    Foto: “Kommersant”
    Halokatdan biroz oldin “Kanar orollari avtonomiyasi va mustaqilligi uchun harakat” jangarilar guruhi Las-Palmas aeroportining kutish zalida bomba portlatgan. Aeroport Los-Rodeos aeroportidan 100 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bomba portlagandan so‘ng barcha reyslar Los-Rodeos aeroportiga yo‘naltirilgan edi.
     
    Foto: “Kommersant”
    Foto: “Kommersant”
    1979-yil 25-mayda Chikagodan Los-Anjelesga parvoz qilayotgan McDonnell Douglas DC-10-10 samolyoti qulagan. 273 kishi qurbon bo‘lgan.
     
    Foto: “Kommersant”
    Halokatga samolyotdagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan — havoga ko‘tarilish vaqtida chap dvigatel gidrotizimlardan birini ishdan chiqargan va chap qanotga zarar yetkazgan. Nima bo‘layotganini tushunmagan ekipaj yo‘riqnoma bo‘yicha harakatni davom ettirgan va Chikago yaqinida qulagan.
     
    Foto: “Kommersant”
    Foto: “Kommersant”
    Foto: “Pikabu.ru”

    1980-yil 19-avgust kuni Saudi Arabian Airlines aviakompaniyasiga qarashli samolyot Saudiya poytaxti Ar-Riyoddan Jidda shahriga parvoz qilish uchun havoga ko‘tariladi. Shu paytda uning yukxonasida yong‘in yuz beradi va undan chiqqan tutun samolyot saloniga ham kira boshlaydi. Uchuvchilar darhol ortga qaytib, samolyotni Ar-Riyod aeroportiga qo‘ndirishga qaror qiladi.

    Bu paytda olov salon ichiga ham o‘tgan va barcha tutundan zaharlangandi. Shu sababli samolyot qo‘ngandan so‘ng hech kim lyuklarni ichkaridan ochmaydi. Qutqaruvchilar lyuklarni ochish uchun 25 daqiqa vaqt sarflaydi. Lyuklar ochilgandan so‘ng samolyot salonidagi olov battar alanga oladi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 301 kishi halok bo‘ladi.

    1985-yil 23-iyunda Air-India kompaniyasiga qarashli Boeing 747-237B samolyoti halokatga uchragan. Havo kemasi Bombey — Dehli — Frankfurt-Mayn — Toronto — Monreal yo‘nalishida parvoz qilayotgan edi. Samolyotning yukxonasiga o‘rnatilgan bomba Boeing Atlantika okeani ustidan uchib o‘tayotgan vaqtda portlagan.

    Foto: “Kommersant”

    Halokat Boeing-747 da yuz bergan birinchi va Kanadadagi eng yirik terakt bo‘lgan. Halokat oqibatida 329 kishi halok bo‘lgan.
     
    Foto: “Kommersant”
    1985-yil 12-avgustda Yaponiyaning Gumma prefekturasida Japan Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing-747SR havo kemasi halokatga uchradi. Atigi 4 kishi omon qolgan, 520 kishi, shu jumladan, ekipajning barcha aʼzolari halok bo‘lgan.
    Foto: “Kommersant”
    Samolyot Xaneda aeroportidan havoga ko‘tarilganidan 12 daqiqa o‘tib boshqaruvni yo‘qotgan va aeroportdan 88 kilometr uzoqlikda joylashgan Osutaka tog‘iga borib urilgan. Samolyot qulagandan so‘ng yong‘in yuz bergan va u 14 soat davomida qutqaruvchilarga halokat joyiga yaqinlashishga imkon bermagan. Texnik ko‘rikni kerakli darajada o‘tkazmagani uchun aviakompaniya halokatda aybdor deb topilgan.
    Foto: “Kommersant”
    1988-yil 3-iyulda Eronning Bandar-Abbos shahridan BAAning Dubay shahriga uchayotgan Airbus A300B2-203 samolyotini Fors ko‘rfazi ustida AQSh harbiy dengiz kuchlari tomonidan uchirilgan raketa urib tushirgan. 290 kishi, shu jumladan, 66 nafar yosh bola halok bo‘lgan. AQSh harbiy dengiz kuchlari halokatni xato tufayli yuz bergan deb izohlagan.
    Foto: “Kommersant”
    Foto: “Kommersant”

    1996-yil 12-noyabrda Dehli osmonida Saudiya Arabistoniga uchib ketayotgan Boeing-747 va Qozog‘istondan uchib kelayotgan Il-76 TD charter samolyoti to‘qnashgan va kuchli portlash yuz bergan. 349 kishi halok bo‘lgan.

    Foto: “Kommersant”

    Halokat sabablari shu kungacha aniqlanmagan. Halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi havoda jon bergan. Samolyot bo‘laklari tushgan qishloq aholisidan hech kim jabrlanmagan. Yo‘lning yo‘qligi sababli qutqaruv xizmati, shifokorlar va o‘t o‘chiruvchilar bir necha soatdan keyin halokat joyiga yetib borgan. Bu vaqt ichida halokat joyiga yig‘ilgan mahalliy aholi qurbon bo‘lganlarning shaxsiy buyumlarini o‘g‘irlab ketishga ulgurgan.
    Foto: “Kommersant”
    2001-yil 12-noyabrda Nyu-York — Santo-Domingo yo‘nalishida parvoz qilayotgan Airbus A300 layneri halokatga uchradi. Samolyot Kvins shahri atrofidagi aholi yashash punktiga qulagan va 265 kishi qurbon bo‘lgan.
     
    Foto: “Kommersant”
    Halokat sabablaridan biri sifatida terakt ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, samolyot biroz avvalroq uchib o‘tgan Boeing-747 havo kemasining havo oqimiga tushib qolishi natijasida qulagan deb topilgan. Uchuvchi nima bo‘layotganini tushunmasdan noto‘g‘ri harakat qilgan.
    Foto: “Kommersant”
    2003-yil 19-fevralda Eronning Kermon shahri yaqinida bortida Islom inqilobi soqchilar korpusining jangchilari bo‘lgan Il-76MD samolyoti quladi. 275 kishi halok bo‘lgan. Halokatga noqulay ob-havo sabab bo‘lgan.
    Foto: “Kommersant”
    2014-yil 17-iyulda Amsterdam — Kuala-Lumpur yo‘nalishida uchayotgan Malaysia Airlines kompaniyasiga qarashli Boeing-777 havo kemasi Donetsk shahri yaqinida urib tushirilgan. Samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
    Foto: “Kommersant”
    2015-yil 31-oktyabrda bortida 224 kishi bo‘lgan “Kogalimavia” kompaniyasiga tegishli A321 samolyoti terakt natijasida qulagan. Ekspertlar tomonidan aniqlanishicha, layner bortida bomba portlagan.
    Foto: “Kommersant”
    Bundan tashqari
    • 1979-yil 25-mayda Chikagoda (qurbonlar 273 kishi),
    • 1996-yil 8-yanvar kuni Kongo Demokratik Respublikasi poytaxti Kinsasha shahrida (qurbonlar 297 kishi),
    • 1997-yil 26-sentyabrda Indoneziyaning Sumatra oroli yaqinida (qurbonlar 234 kishi),
    • 2009-yil 1-iyunda Atlantika okeani ustida (Rio-de-Janeyrodan Parijga yo‘l olgan samolyot bortida 228 nafar yo‘lovchi bo‘lgan) sodir bo‘lgan fojialar fuqaro aviatsiyasi tarixidagi eng yirik aviahalokatlar hisoblanadi.

    O‘zbekiston hududida sodir bo‘lgan aviahalokatlar

    ANT-20 bis
    Foto: Wikipedia

    O‘zbekiston hududida ham shu paytgacha yigirmaga yaqin aviahalokat sodir bo‘lgan. Jumladan, 1942-yil 14-dekabr kuni Urganch-Chorjo‘y-Toshkent yo‘nalishida parvoz qilgan ANT-20bis samolyoti Toshkentga yetishiga 50 kilometr qolganda halokatga uchraydi. Bortdagi 36 kishining barchasi halok bo‘lgan. Tergov natijasida, ekipaj komandiri samolyotni yo‘lovchi sifatida uchayotgan uchuvchiga topshirgani va uning xatosi tufayli halokat sodir bo‘lgani aniqlangan.

    Il-14 samolyoti Irkutsk aeroportida.
    Il-14 samolyoti Irkutsk aeroportida
    Foto: Wikipedia

    1956-yil Toshkent aviatsiya zavodida ishlab chiqarilgan Il-14 samolyoti 1958-yilning 23-dekabrida Mineralniye Vodidan Toshkentga parvoz qilgan. Uning bortida 6 nafar ekipaj aʼzosi va 15 yo‘lovchi bo‘lgan. Ekipajga Toshkentda 300–600 metr balandlik qat-qat bulutlar bilan qoplanishi, qor va tuman bo‘lishi, ko‘rish masofasi 2—4 kilometrdan 1—2 kilometrgacha tushishi mumkinligi haqida ob-havo maʼlumoti berilgan.

    Ekipaj Toshkent aeroporti hududiga kirganida dispetcher ularga ob-havo maʼlumotini bergan: qor, ko‘rish masofasi taxminan 1000 metr. Bu aeroportning meteorologik minimumidan past bo‘lgan, dispetcher esa samolyotni zaxira aeroportiga yo‘naltirish o‘rniga qo‘nishga ruxsat bergan. Avialayner uchish-qo‘nish yo‘lagiga yaqinlashganida 10–15 metr balandlikda komandir ikkinchi aylanaga ketishini maʼlum qilgan.

    Soat 03:10 da 100—150 metr balandlikda samolyot birdaniga o‘ngga burilib, 60 daraja burchak ostida ishlab turgan dvigatellari bilan qo‘nish yo‘lagidan 220 metr narida qorli maydonga qulagan. Bortda bo‘lgan 21 kishining barchasi halok bo‘lgan.

    Texnik ekspertiza samolyotning shassini tushirish signalizatsiyasi ishlamay qolganini ko‘rsatdi. Komissiya dispetcher va uchuvchi parvozlar bo‘yicha instruksiyaga amal qilmagani, komandirni parvozlarga tayyorlash sifatsiz amalga oshirilgani, Toshkent aeroporti bo‘yicha ob-havo maʼlumotlari noto‘g‘ri berilganini aniqladi.

    Il-14 samolyoti Stokgolmdagi Arlanda aeroportida (1970-yil).
    Il-14 samolyoti Stokgolmdagi Arlanda aeroportida (1970-yil)
    Foto: Wikipedia
    Boysunda halokatga uchragan Il-14 samolyoti 1957-yilda zavoddan chiqqan va O‘zbekiston fuqarolik havo floti boshqarmasiga berilgan. 1959-yil 14-dekabr kuni samolyot Afg‘oniston poytaxti Kobuldan Toshkentga parvoz qilgan. Uning bortida 5 nafar ekipaj aʼzosi va 25 yo‘lovchi bo‘lgan. Yo‘lovchilar orasida 2 nafar Xitoy va 3 nafar Germaniya fuqarosi ham bor edi.

    Avialayner Termizga qo‘nib o‘tgan. Ob-havo maʼlumotiga ko‘ra, havo yo‘lida 2000-2500 metr balandlikda qat-qat bulutlar bo‘lishi, qor yog‘ishi, ko‘rish masofasi taxminan 4-10 km bo‘lishi, tog‘lar bulutlar ostida yopilib qolishi kutilayotgandi. Samolyot 3600 metr balandlikka ko‘tarilib, shimol tomon uchgan. Ekipaj Darband ustidan uchib o‘tayotganini xabar qilganidan bir daqiqa o‘tgach, tog‘lar ortiga o‘tib, radiolokatorlar ekranidan yo‘qolgan. Shundan so‘ng ekipaj bilan aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan.

    Bir oydan ortiq davom etgan qidiruv ishlari ham natija bermagan. Oradan 37 kun o‘tib, 1960-yil 19-yanvar kuni Kobuldagi SSSR elchixonasi 91577-raqamli bort yo‘qolganini rasman maʼlum qilgan. 6 oydan so‘ng, 1960-yil 2-iyunda Mi-1 vertolyoti Boysuntog‘ tizmasining Qushtang tog‘lari qiyaliklarida samolyot bo‘laklarini payqab qolgan. Samolyot 3700 metr balandlikda tog‘ning tik qiyaligiga 45-60 daraja burchak ostida avvaliga qanoti, keyin esa fyuzelyaji bilan urilgani, so‘ngra 200 metr pastlikka qulab, 3500 metr balandlikda qolib ketgani aniqlangan. Samolyot bortida bo‘lgan 30 kishining bari halok bo‘lgan.

    Ekipaj belgilangan marshrut bo‘yicha uchmasdan, Darband va tog‘lar orqali to‘g‘ri Toshkentga uchishga qaror qilgan. Ular shamolni ham hisobga olmaganligi sababli samolyot belgilangan yo‘ldan chiqib ketib tog‘lar tomonga uchib ketgan. Halokat joyi trassadan 40-50 km o‘ngroqda joylashgandi. Komissiya tergov davomida ushbu hududda aviatashuvlar qoidabuzarliklari tez-tez buzilishi, uchuvchilar marshrutni tog‘li yo‘llar orqali o‘zgartirishi, aviadispetcherlar esa samolyotni trassaga qaytarishga urinmasligini aniqlagan.

    Il-14 samolyoti.
    Il-14 samolyoti
    Foto: “Airmuseum.ru”

    1957-yilda Moskvada ishlab chiqarilgan Il-14 samolyoti 1962-yil 16-iyulda Toshkent—Samarqand—Buxoro—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchayotganida halokatga uchragan. Uning bortida 5 nafar ekipaj aʼzosi va 33 yo‘lovchi bo‘lgan. Ekipaj samolyot Buxoro aeroportidan havoga ko‘tarilganidan yarim soat o‘tib, soat 10:35 da silindr porsheni kuygani tufayli o‘ng motor ishlamay qolganini maʼlum qilgan. Komandir Toshkentgacha 3000 metr o‘rniga 2400 metr balandlikda uchishga dispetcherdan ruxsat olgan. Ammo ekipaj 1500 metrgacha pastlagan. Toshkentga 120 km qolganda, Chordara hududida bort muhandisi ishlab turgan dvigatel buzilishidan xavotir olib, uning quvvatini pasaytirgan. Samolyot tezlik va balandlikni yo‘qota boshlagan. 200 metr balandlikda ekipaj ishlab turgan dvigatelning quvvatini oshirishga qaror qilgan. Yerga 100 metr qolganda komandir buzilgan motorni ishga tushirishga urinib ko‘rgan, ammo samolyot tezligi yanada sekinlashgan.

    Soat 12:14 da Il-14 Toshkent aeroportidan 34 kilometr uzoqlikda, Yangiyo‘l shahri yaqinida 2,5 metrlik devorga urilib, so‘ng paxta dalasiga qulagan. Zarba natijasida fyuzelyaj uch qismga bo‘linib ketgan. Hodisa joyida 9 kishi halok bo‘lgan. Jarohatlar oqibatida yana 2 kishi kasalxonada vafot etgan. Baʼzi xorijiy manbalarda halokat oqibatida aslida 14 kishi halok bo‘lgani aytiladi.

    Komandir samolyotni Buxoroga qaytarish yoki Navoiyga qo‘ndirish o‘rniga Toshkent sari parvozni davom ettirgani, parvozlarni boshqarish xizmati ham Buxoro yoki Navoiyga qo‘nish haqida tavsiya qilmagani halokatga olib kelgan asosiy sabablardan biri bo‘lgan.

    Il-18 halokati oqibatlari.
    Il-18 halokati oqibatlari
    Foto: Wikipedia

    1974-yil 24-iyunda Aeroflot kompaniyasining Samarqand—Toshkent—Sverdlovsk—Leningrad yo‘nalishida parvoz qilayotgan Il-18 samolyoti Toshkent aeroportida halokatga uchragan.

    Samolyot qismlaridan biri taʼmirlashga ehtiyoj tug‘ilgani uchun reysning Toshkentdan uchishi bir soatga kechikkandi. Il-18 uchish yo‘lagi bo‘ylab harakatni boshlaganidan 41 soniya o‘tib, u 230 km/soat tezlikka erishganida uning chetki o‘ng dvigateli qushlar galasi bilan to‘qnashgan. Ekipaj buni ko‘rmay qolgan. Bort muhandisi uskunalar orqali 4-dvigatel ishlamay qolganini ko‘rib, komandirga maʼlum qilgan. Yo‘lak oxirigacha 2100 metr qolganda uchuvchi parvozni to‘xtatishga qaror qilgan. Komandir uskunalarni aerodinamik tormozlash rejimiga o‘tkazishga buyruq beradi. Vintlar nol burchak ostiga o‘tishi uchun 10—12 soniya talab etilishini komandir hayajon tufayli unutib qo‘yadi.

    Bortmexanik chap qanotdagi 1 va 2-vintlarni to‘xtatadi. Yo‘lak oxiriga 600 metr qolganda komandir avariyaviy tormozlashga buyruq beradi, ammo hech kim darhol uni yoqishga kirishmaydi. Bort mexanik tashabbus ko‘rsatib tormozni yoqadi, ammo oxirigacha emas. U avariyaviy tormozlashga eʼtiborini qaratib, 3-vintni bo‘shatishni unutadi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi oxiriga 250 metr qolganda samolyot chap tomonga burila boshlaydi. Layner uchish yo‘lagidan chiqib ketganidan so‘ng bortmexanik 3-vintni eslaydi va barcha dvigatellarni to‘xtatadi. Tuproqli yo‘l bo‘ylab harakatlangan samolyot asfaltli yo‘llarni bosib o‘tgan, soatiga 50—100 km tezlikda Qorasuv kanali ustidan o‘tib, kanalning narigi qirg‘og‘iga urilgan. Zarba natijasida samolyot ikkiga bo‘linib ketgan.

    Xavfsizlik kamarini taqmagan uch yo‘lovchi zarba oqibatida og‘ir jarohat oldi. Ulardan biri yo‘lovchi sifatida uchayotgan uchuvchi bo‘lgan. U kasalxonada vafot etgan va hodisaning yagona qurboni bo‘lib qolgan. Halokat oqibatida jami 22 kishi turli darajada jarohat olgan.

    Ил-18В авиакомпании «Аэрофлот»
    Il-18 samolyoti
    Foto: Wikipedia

    1977-yil 15-fevralda Toshkent-Nukus-Minvoda yo‘nalishida parvoz qilgan Il-18 samolyoti yakuniy manzilga yetib borganda havo qalin tuman bilan qoplangan edi. Samolyot ana shunday noqulay ob-havo sharoitida qo‘nish yo‘lakchasi hududiga kiradi. Birinchi urinishda qo‘na olmagan samolyot biroz tepaga ko‘tarilib aylanib oladi va yana qo‘nish yo‘lagiga tusha boshlaydi.

    Ekipaj aʼzolari samolyotni o‘nglab olishga ulgurmaydi. Uning chap qanoti qo‘nish yo‘lagidan 2 kilometr narida yerga kuchli zarba bilan uriladi va uzilib ketadi. Uchishda davom etgan samolyot aeroport hududidan chiqib ketib, yerga qulaydi va yonib ketadi. Natijada ekipaj komandiri va yana 76 yo‘lovchi halok bo‘ladi.

    Tu-154B-2
    Foto: pikabu.ru

    1985-yil 10-iyul kuni Qarshidan Boshqirdiston poytaxti Ufa shahri orqali Leningradga uchayotgan Tu-154B-2 samolyoti Qizilqum cho‘liga qulab tushadi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 9 nafar ekipaj aʼzosi va 191 nafar yo‘lovchi (shundan 52 nafari bolalar) halok bo‘ladi.

    Halokatni o‘rgangan komissiya aʼzolari tayyorlagan hisobotga ko‘ra, fojiaga issiq ob-havoda samolyot yetarli darajada tezlik ololmagani sabab qilib ko‘rsatiladi. Rasmiy xulosada uchuvchilar samolyotni boshqarishda xatolarga yo‘l qo‘ygani qayd etiladi. Komissiya xulosasiga qo‘shilmagan mutaxassislar hodisaga samolyot konstruksiyasidagi kamchiliklar va uchuvchilarning yetarlicha dam olmasdan parvoz qilaverishi sabab bo‘lganini aytishgan. Maʼlum bo‘lishicha, o‘shanda Tu-154B-2 samolyoti ekipaji O‘zbekistondagi issiq ob-havoga qaramasdan, sutkalab dam olmasdan parvoz qilgan va og‘ir sharoit ularni toliqtirib qo‘ygan.

    Taxminlardan biriga ko‘ra, Tu-154B-2 samolyoti ekipaji dam olishlarsiz uzoq vaqt parvozda bo‘lgan va qattiq charchoq tufayli avtopilotni yoqib uxlagan. Har ikkala uchuvchi samolyot qulayotganda uyg‘onib ketgan va bu paytda vaziyatni o‘nglashning iloji bo‘lmagan.

    An-24RV samolyoti halokatdan 2,5 yil oldin.
    An-24RV samolyoti halokatdan 2,5 yil oldin.
    Foto: Wikipedia

    1991 yil 23 mart kuni Toshkentdan Navoiyga parvoz qilgan An-24 samolyoti Navoiy aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchraydi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 59 yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj aʼzolaridan 34 nafari halok bo‘ladi. 29 kishi tirik qoladi.

    Halokatdan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda ekipaj komandiri dispetcherga samolyot turgan balandlik haqida noto‘g‘ri maʼlumot bergani aniqlanadi. Shu sababli samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga noto‘g‘ri mo‘ljal bilan keladi.

    An-24 birinchi urinishda qo‘na olmagach, uchuvchilar aylanib kelish uchun tepaga ko‘tariladi. Ikkinchi urinishda samolyot uchuvchilari yana mo‘ljalda adashadi va samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. Oqibatda u aeroport chetidagi beton to‘siqlarga urilib, yonib ketadi.
    Yak-40 samolyoti.
    Yak-40 samolyoti
    Foto: Airport-data.com
    1999-yil 26-avgustda Toshkentdan Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahriga parvoz qilgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tegishli Yak-40 bortida 4 ekipaj aʼzosi va 29 yo‘lovchi bo‘lgan. Samolyot To‘rtko‘l shahridagi aeroportga yaqinlashgan vaqtida trassa o‘qidan chetga chiqib ketgan. Dispetcher ekipaj trassadan chetga chiqib ketgani haqida ogohlantirmasdan ularning pastlashiga ruxsat bergan. Samolyot 500 metr balandlikkacha pastlaganida uchish-qo‘nish yo‘lagiga 4 km qolgandi. Ekipaj ikkinchi aylanaga ketish o‘rniga samolyotni keskin pasaytirishni boshlagan.

    Bortmexanik va ikkinchi uchuvchi ikkinchi aylanaga ketishni maslahat bergan, ammo komandir pastlashda davom etgan. Samolyot yo‘lakning boshlanish qismiga yetganida yerdan 4–7 metr balandlikda va soatiga 250 km tezlikda uchayotgandi. Yo‘lakning boshlanish chegarasidan 965 metr o‘tib ketganidan so‘ng komandir ikkinchi aylanaga ketishga qaror qilgan. Komandir samolyotni daraxtlardan olib qochishga uringan, ammo elektr simlariga urilib, avialayner yerga qulagan. Samolyotga jiddiy shikast yetib, ikki yo‘lovchi halok bo‘lgan.

    Yak-40 halokati oqibatlari.
    Yak-40 halokati oqibatlari
    Foto: NTV
    2004-yil 13-yanvar kuni Termizdan maxsus reys bilan uchib kelgan Yak-40 samolyoti Toshkent aeroportiga qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib halokatga uchraydi. Oqibatda samolyot bortida bo‘lgan 5 nafar ekipaj aʼzolari va 32 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar xorij fuqarosi, shu jumladan, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari britaniyalik Richard Konroy ham bor edi.

    Halokatga uchragan Yak-40 1975-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, u so‘nggi marta 1999-yil Belarusda taʼmirlangan. Halokat sabablari o‘rganilganda u uchuvchilarning xatosi tufayli sodir bo‘lgani aniqlanadi. O‘sha kuni Toshkentda tuman tushgani tufayli uchuvchilar qo‘nish chog‘ida balandlik mo‘ljalini olishda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Ular uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushayotganda 70 metr o‘rniga 130 metr balandlikda bo‘lishadi. Oqibatda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. U aeroportning beton to‘siqlarini yiqitib o‘tib, Qorasuv kanaliga qulaydi va yonib ketadi. 2004-yil 15-yanvar kuni mamlakatda uch kunlik motam eʼlon qilinadi.

    Qulagan An-2 samolyoti aviahalokatdan ikki kun avval.
    Foto: “Gazeta.uz”

    2006-yilning 19-oktyabr kuni tong soat 7:30 da Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi aerodromga qo‘nish vaqtida “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasining bortida Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari bo‘lgan An-2 samolyoti halokatga uchragan. Hodisaga ob-havo sharoitining keskin yomonlashuvi sabab bo‘lgan — samolyot tuman oqimiga tushib qolib, aerodromdan tashqarida yerga zarb bilan borib urilgan.

    Hodisa oqibatida 15 kishi — ekipajning ikki aʼzosi va 13 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. O‘zA axborotiga ko‘ra, o‘shanda hodisa sabablarini aniqlash maqsadida tuzilgan hukumat komissiyasiga aviahalokatga olib kelgan omillarni aniqlab, bu haqda keng jamoatchilikka axborot berish haqida ham topshiriq berilgan. Biroq bu topshiriq ijrosi bajarilmagan.

    2021-yilning 14−15 avgust kunlari Afg‘onistonda hokimiyatning qurolli yo‘l bilan almashinuvi jarayonida ushbu mamlakatning 22 ta harbiy samolyoti va 24 ta harbiy vertolyoti “Tolibon” taʼqibidan qochib, O‘zbekiston havo hududiga kiradi.

    авиаҳалокат
    Foto: “Gazeta.uz”

    O‘zbekiston Bosh prokuraturasi maʼlumotiga ko‘ra, 15-avgust kuni Qashqadaryodagi “Xonobod” aeroportiga qo‘nish uchun ruxsat so‘ragan Afg‘onistonning uchta Embraer-314 harbiy samolyoti Termiz aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida ogohlantirilib, ular O‘zbekistonning ikkita MiG-29 qiruvchi samolyotlari kuzatuviga olinadi.

    авиаҳалокат
    Foto: Gazeta.uz

    “Lekin kuzatuv davomida Embraer-314 va MiG-29 samolyotlari to‘qnashib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududiga qulagan. Ushbu samolyotlar uchuvchilari parashyut (katapult) orqali yerga tushishgan”, deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

    Hodisada Afg‘oniston va O‘zbekiston samolyotlari qulagani ochiqlangan bo‘lsa-da, hodisaning boshqa tafsilotlari maʼlum qilinmagan.

    25.12.2024, 19:58   Izoh (0)   24949
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email
    #aviahalokat#fuqaro aviatsiyasi#fojia

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    UZTELECOM Toshkentdagi IWTC 2025 da faol ishtirok etmoqda


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    “Orzudagi uy” — bugunoq zamonaviy uy egasi bo‘lishni istaganlar uchun ipoteka!


    TENET butik-developer debyut loyiha — Stellar Residence sotuvi boshlanganini e’lon qiladi


    Fonon zargarlik uyi "Brilliantlar olamiga sayohat" mavzusida navbatdagi master-klassni Intercontinental mehmonxonasida o‘tkazdi  


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Mashhur patir, hamma biladigan qabriston, tor ko‘chali mahallalar. Kadrlarda Olmazor

    10 aprel, 10:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Dunyodagi eng katta Lego shaharchasi qurildi (foto)

    Dunyo | 11 may, 23:50

    “Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman” — Zelenskiy

    Dunyo | 11 may, 23:25

    Superliga. “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Sho‘rtan” bilan durang o‘ynadi

    Sport | 11 may, 22:51

    Qatar Trampga 400 mln dollarlik “uchar saroy” sovg‘a qilmoqchi — OAV

    Dunyo | 11 may, 22:50

    Shveysariyada ayol qo‘shni mushukni boqqani uchun sudlandi

    Dunyo | 11 may, 22:10

    La Liga. “Barselona” — “Real” uchrashuvida “gollar otishmasi” bo‘ldi

    Sport | 11 may, 21:35
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.