Afg‘onistonga deyarli to‘liq egalik qilishni boshlagan “Tolibon” butun dunyoga va mahalliy aholiga endi tashkilot vakillarining 1990-yillar oxirida mamlakatni boshqargan yovvoyi guruh emasligini isbotlashga urinmoqda. “Tolibon” amerikaliklar bilan hamkorlik qilgan hammaga amnistiya berdi, shuningdek, boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchi mamlakatdagi ozchilikning huquqlarini hurmat qilishi, hatto ayollarga o‘qish hamda ishlash imkonini yaratilishi haqida va’da berdi. Kobulda yashovchi minglab odamlar ushbu va’dalarga ishonmaydi va har qanday yo‘l bilan Afg‘onistondan chiqib ketishga harakat qilyapti. Toliblar haqiqatan ham o‘zgarib, yumshoqlashganmi? Tashkilotning “Al-Qoida”dan farqi nimada? Nima uchun Rossiya o‘zi terrorchi deb hisoblaydigan ushbu guruh bilan munosabatlar o‘rnatishga intilmoqda? Meduza Afg‘onistondagi yangi hukumat to‘g‘risida uyg‘ongan shu va shunga o‘xshash boshqa geosiyosiy savollarga javob izlagan. Quyida ushbu ma’lumotlarning tarjimasini taqdim qilamiz.
“Tolibon” o‘zi nima degani? Bu IShID yoki “Al-Qoida” kabi diniy tashkilotmi yoki milliy birlik harakatimi?
“Tolibon” harakati uchun alohida muayyan yo‘nalish belgilab olinmagan. Tashkilot ichida butun dunyo uchun jihod qilish g‘oyalarini targ‘ib qiluvchilar ham, Afg‘oniston (aholining 40-45 foiz qismini pushtunlar tashkil qiladi) hamda Pokistonda (aholisining 15 foizi pushtunlar) alohida pushtunlar davlatini tuzishni istovchilar bor. Ularning hammasi siyosiy tomondan xalqaro maydonda Afg‘oniston deb tan olingan, chegaralari belgilab berilgan hududda yagona davlat tuzishga intiladi.
“Tolibon” (arab tilida “tolib” — talaba, ta’lim oluvchi) 1990-yillar o‘rtalarida Pokistondagi islom maktablarida diniy oqim sifatida paydo bo‘lgan. Toliblar XIX asrda Hindistonda yuzaga kelgan oqim tarafdorlarining yo‘lidan keta boshlagan.
Chetdan kuzatuvchilarning fikricha, zamonaviy deobandizm vahobiylik (ular ham deobandistlardan ilhomlangan – Meduza) bilan o‘xshash. Ikkala yo‘nalish ham fundamentalistik, sababi ikkisi ham shariat qonunlariga islom dini yaralgan vaqtda qanday rioya etilgan bo‘lsa, hozir ham shunday hukm asosida yashashni targ‘ib qiladi. Deobandizm vakillari vahobiylar kabi shialarni bid’atchi deb hisoblab, ularga qarshi kurashadi. Bundan tashqari, ta’lim vaqtida toliblar ongiga rahnamoga so‘zsiz bo‘ysunish singdiriladi, deobandizm rahnamolari 2001-yilda Afg‘onistonning Bomaniyon viloyatidagi qadimgi yodgorlik Budda haykalini vayron qilinganini qo‘llab-quvvatlagan.
Deobandizm, asosan, Janubiy Osiyoda va ushbu oqim vakillari yashaydigan kichik hududlarda (masalan, Buyuk Britaniyada) keng tarqalgan; ta’lim messianlikka butunlay qarshi chiqadi, jamiyat yashaydigan hududdan tashqarida nimalar bo‘layotganiga ham befarq qaraydi. Vahobizm ham bir qancha dunyo harakatlariga, xususan, butun dunyoda islom xalifalik davlatini tuzishni maqsad qilgan “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan. Ammo ikki oqimning boshqa masalalardagi mafkuraviy yaqinligi ularning yetakchilarini Afg‘oniston hamda Pokistonda ittifoqchi bo‘lishiga olib keldi.
Afg‘onistonda fundamental ta’lim o‘ziga xos milliy jihatlarga ham ega. Toliblarning katta qismi – deobandist pushtunlar, jumladan, 1970-yillar oxirida Afg‘onistonda boshlangan urushdagi qochqinlar va ularning avlodlari. Ularning kelib chiqishi madaniyat va mafkurasiga ham diniy ta’limdan kam ta’sir ko‘rsatmagan. Xususan, pushtunlar o‘z e’tiqod qomusi Pushtunvalayga qat’iy rioya etadi. 1990-yillar oxirida toliblar Afg‘onistonni boshqargan vaqtida ushbu qoidalarga amal qilinishi (masalan, qonli qasosni to‘xtatish maqsadida o‘ch olmoqchi bo‘lgan tomon oilasiga voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish amaliyoti) G‘arb tomonidan mazkur harakatlarning “yovvoyi” deb topilishiga sabab bo‘lgan.
Toliblarning boshqa qonun-qoidalari ham yuqoridagi hukmlardan qolishmagan. Kobulda “Tolibon” hukumatining o‘rnatilishi sho‘roviy davlat rahbari bo‘lgan Muhammad Najibullohning BMT vakolatxonasida ushlanishi va qonli qasos sifatida o‘ldirilishi bilan boshlangan. “Tolibon” antik davrga oid haykallarni buzib tashlanganini but va sanamlarga qarshi kurash, Nyu-York hamda Vashingtonda minglab odamlarni o‘ldirgan “Al-Qoida” terrorchilarini yashirishni esa mehmondo‘stlik qoidalariga rioya etish deb atagan.
Toliblarning Afg‘onistondagi besh yillik hukmronligi davrida (1996–2001) AQSh hamda uning ittifoqchilarining 2001-yildagi hujumlariga mafkuraviy poydevor o‘rnatilgan. Amerikaliklar nafaqat 11-sentabrdagi teraktlarga javobgar “Al-Qoida” terrorchilari va tashkilot bazalarini yo‘q qilish uchun, balki afg‘on xalqini yovvoyi boshqaruvdagi “Tolibon”dan xalos etish uchun ham mamlakat hududiga kirib kelgan.
“Tolibon” 1990-yillardagi bilan taqqoslagandan yumshoqroq va aqlliroq bo‘ldimi? Bu tashkilot vakillarini endi terrorchi deb atalmasligini anglatadimi?Harakat oxirgi yillarda katta siyosiy va targ‘ibotlar jihatidan kuchli tashkilotga aylanganini namoyish qildi. Harakat yetakchilari o‘z mafkurasidan, ya’ni fundamentalistik g‘oyalari, pushtunlarning “e’tiqod qomusi”dan omma oldida voz kechmagan holda hozir va shu yerda ushbu mafkurani tatbiq qilmoqchi emasligi haqida gapirmoqda hamda buni ko‘rsatishga ham muvaffaq bo‘lmoqda.
“Yumshash” 2020-yil fevral oyida AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasining “Tolibon” bilan kelishuv tuzgani va harakatni Afg‘onistondagi legitim siyosiy kuch deb tan olinganidan keyin boshlangan.
“Tolibon” rasmiy jihatdan fundamental mafkurasidan voz kechmagan. “Tolibon” AQShning 2021-yil 11-sentabrda mamlakatdan o‘z qo‘shinini olib chiqib ketish haqidagi va’dasiga javoban Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar o‘tkazish hamda o‘z nazorati ostidagi hududlardan boshqa xorij fundamental harakatlarining (eng birinchi navbatda “Al-Qoida”) terrorchilarini haydash majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Biroq aynan AQSh bilan kelishuv harakat yetakchilarining ayrim fikrlarining o‘zgarishi, buning amalda ham o‘z aksini topishiga xizmat qildi.
Toliblar bir yarim yil ichida G‘arb hamda uning “qo‘g‘irchoq hukumati” bilan kurashayotgan partizanlar qo‘shinidan umumafg‘on siyosatini olib borish qudratiga ega siyosiy kuchga aylandi.
Ayni vaqtda harakatning avvalgi mafkurasi mazkur loyihaga mos tushmaydi: Afg‘oniston aholisining asosiy qismi uchun mazkur g‘oyalar mazmuni begona va bu hali beri o‘zgarmaydi. Toliblar xalqqa berishi mumkin bo‘lgan yagona narsa – xorij qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqish (bunda ularni qo‘rqitib yubormaslik ham talab etiladi), urushni to‘xtatish va avvalgi hukumatlardan farqli ravishda davlat apparatida intizom o‘rnatishdan iborat. Urushni to‘xtatish uchun toliblar davlatni o‘z mafkurasiga moslashtirishi va uni tezkorlik bilan qayta qurish siyosatidan voz kechishi talab etiladi.
So‘nggi oylarda va ayniqsa mamlakatdagi katta shaharlar egallanganidan keyin toliblar o‘zlarining umumafg‘on loyihasini shakllantira oldi. Ular:- bosqinchilar bilan hamkorlik qilgan hammaga amnistiya berdi;
- hamma uchun fuqarolik erkinliklari berildi (ayollar va diniy ozchilik vakillariga ham), lekin barchasi shariat qonun-qoidalari asosida tartibga solinadi;
- siyosiy boshqaruv tartibi o‘rnatila boshlandi, biroq hammasi toliblar boshqaruvi ostida kechmoqda;
- AQShga berilgan va’da va majburiyatlarni bajarish: mamlakatga xorijlik terrorchilarni kiritmaslik kafolatlanmoqda;
- jangovar harakatlarni to‘xtatish, tartib va intizom o‘rnatish;
- iqtisodiy tanglikdan chiqishdan (qanday yo‘l bilan qaysi manbalar evaziga bo‘lishi hanuzgacha noma’lum) iborat.
Mehribon va adolatli toliblar loyihasining yana qancha vaqt davom etishi ham ma’lum emas. Yangi hukumat iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelishi, davlat apparatining fitnalariga uchrashi (avvalgi AQShdan meros qolgan hukumat), katta shaharlarda aholining norozilik namoyishlariga qarshi turishi, konfessiyalar va millatlararo to‘qnashuvlar va hatto afg‘on armiyasi dala qo‘mondonlariga tegishli guruhlar bilan jang olib borishi mumkin. Bularning hammasi “Tolibon”ni avvalgi mafkuraga qaytishga va uni eski uslublar bilan yana tatbiq etishga majbur qilishi hech gap emas.
Shunday bo‘lishi mumkinmi? Kobuldan boshqa hududlarda toliblarning aksar qismi 1990-yillardagi ruhiyatni saqlab qolgan va yangi g‘oyalarga bo‘yin egmasligi mumkin.
“Tolibon” Pokiston tomonidan boshqarilayotgani rostmi? Bu Pokistonga nima uchun kerak va ushbu mamlakat AQSh ittifoqchisimi? Shuningdek, AQSh Afg‘onistonni toliblarga atayin juda tez topshirdimi?
“Tolibon” afg‘on mujohidlarining boshqa harakatlari bilan birgalikda 1990-yillar o‘rtalarida Pokistonning idoralararo razvedkasiga (ISI) tegishli loyiha edi. 1980-yillarda ushbu harakatni Pokiston (razvedka, armiya, siyosatchilar va jismoniy shaxslar) Sovet armiyasiga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlagan.
Sovet qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketgach va 1989-yilda Afg‘onistonda amaldagi hukumat ag‘darilgach, 1992-yilda Pokiston mamlakatda pushtun qo‘mondonlari, siyosatchilari rahbarligida barqaror hukumat tuzishga uringan, bu orqali Hindistonning mintaqadagi ta’sir kuchini kamaytirmoqchi bo‘lgan. Biroq bu amalga oshmagan: mamlakatda fuqarolar urushi davom etgan, bunda SSSRning avvalgi ittifoqchilari bilan janglar boshlangan.
1996-yilda Pokiston razvedkasi mujohidlar guruhlarining urushni to‘xtata olmayotgani tufayli, toliblarning yangi harakatiga umid bog‘lagan, o‘shanda ular mamlakat janubida bir nechta hududni egallab olgandi. Toliblar avvalo bir vaqtlar ISI’dan yordam olib turgan Gulbiddin Hikmatyorning guruhlarini tor-mor etgan. Shundan keyin toliblar Kobulni juda tez egallagan, lekin butun mamlakatni bo‘ysundirishning uddasidan chiqa olmagan.
Pokistonning asosiy maqsadi amalga oshgan: Kobulda milliy pushtun harakatining hukumati o‘rnatilgan. Buning ustiga ushbu hukumat hayotga Pokiston dasturini tatbiq qilishni ham uddalagan. Masalan, toliblar hukmronligining dastlabki yillarida mamlakat miqyosida afyun yetishtirish qo‘llab-quvvatlangan — ammo 1999-yilda (Islomobod buyrug‘i bilan) giyohvand moddalar yetishtirishga barham berildi, faqat muxolifat boshqaruvidagi shimoliy hududlarda bu ishlar davom etgan.
Pokiston razvedkasiga bo‘ysunuvchi barqaror pushtun hukumati loyihasi qanday tez boshlangan bo‘lsa shuncha tez poyoniga yetgan. 2001-yil 11-sentabrda AQShda yuz bergan teraktlardan keyin “Tolibon” va uning davlati “Al-Qoida” yetakchilarini Vashingtonga topshirishdan bosh tortdi va Amerikaning dushmaniga aylandi. Vashington Pokistondan (AQShning NATOdan tashqaridagi muhim rasmiy ittifoqchisi maqomida bo‘lgan) toliblarga yordam berishni to‘xtatishni iltimos qildi. Islomobod uzoq davom etmagan muzokaralardan keyin rozi bo‘ldi va o‘z hududidan AQSh harbiylariga Afg‘onistonga hujum qilish uchun joy va sharoit hozirladi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay amerikaliklar Pokiston razvedkasining o‘z va’dasini bajarmayotgani va toliblarga ko‘maklashishda davom etayotganini tushundi. Bunday qilishning bir nechta sabablari bor edi (bu haqda amerikalik jurnalist Stiv Koll o‘z kitobida batafsil ma’lumot bergan):
- Pokistondagi “Tolibon” tarafdorlarini jismoniy yo‘q qilish imkonsiz edi, ularni millionlab pushtunlar qo‘llab-quvvatlardi, ushbu millat xalqi Pokiston g‘arbi va shimolida hayot kechiradi.
- Bundan tashqari, Pokistonning o‘zida pushtun jangarilari bilan fuqarolar urushi boshlandi, ular ham o‘zlarini “Tolibon” vakillari deb e’lon qildi (“Texrik-e Tolibon – Pokiston”, TTP). Urush hanuzgacha davom etmoqda, Pokistondagi tolib jangarilarning asosiy bazasi esa Afg‘onistonda joylashgan.
- Pokiston har doim AQSh ketidan Afg‘onistonga Hindiston kompaniyalari va razvedkasi kirishi mumkinligidan xavotirlangan. Shuning uchun ham Islomobod mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdor.
- Bunda Pokistonning asosiy maqsadi Afg‘onistonda samarali va nazorat qilinadigan pushtunlar hukumatini shakllantirish, u avvalgidek va o‘zgarmagan.
- Amerikalik harbiylarning taxmin qilishicha ISI rahbarlarining bir qismi toliblarning mafkurasi va diniy qarashlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuning uchun ham Pokistonda Amerika dronlari “Tolibon”ning bir nechta rahbarini o‘ldirgan; shu yerning o‘zida 2011-yilda Pokiston hukumati va razvedkasi bilan hamkorlik asosida o‘tkazilgan operatsiyada “Al-Qoida” rahbari Usama Ben Laden yo‘q qilingan.
Yuqoridagi g‘alati qoidalar 2017-yilgacha amal qilgan va Donald Tramp yakunda ularga o‘zgartirish kiritgan. U Islomobodni toliblarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi va Pokistonga yordam berishni to‘xtatdi. Hindistonni esa Afg‘onistonda muhim rol o‘ynashga chaqirdi. Hindlarni vaziyatga aralashtirish haqidagi bayonot Islomobodda keskin reaksiya uyg‘otdi. Islomobod Hindistonning AQSh tuzgan Kobuldagi Afg‘oniston hukumati bilan birgalikda Pokistondagi “Tolibon” jangarilarini moliyalashtirayotgani va ularni urushga tayyorlayotganini bildirdi.
Qo‘shimcha og‘irlashtiruvchi faktor Pokistondagi toliblarning Afg‘onistondagi harakat vakillari bilan ittifoqchi ekanligi, ular Afg‘onistonda AQSh hamda Vashington boshqaruvidagi afg‘on armiyasiga qarshi jang qilganidir. Pokistondagi mahalliy “Tolibon” hukumat va fuqarolarga qarshi shafqatsiz teraktlar uyushtirgan.
Butun dunyo hozir katta ehtimol bilan geosiyosiy o‘yinlar qoidalarida o‘zgarishlarning guvohi bo‘lmoqda. Amerikaliklar Afg‘onistonni “Tolibon”ga jangsiz topshirdi (Vashingtonning ushbu versiyani Islomobod bilan kelishganiga shubhalar mavjud: Islomobod Jo Baydenning bu borada mamlakat hukumati bilan kelishmaganini qayd etgan). “Tolibon” avval Pokiston razvedkasi rejalashtirganidek Afg‘onistonda barqaror hukumat tuzib, urushga barham bermoqchi.
Afg‘on toliblari pokistonlik pushtunlar yashaydigan joylarga tajovuz qilmagan va hamisha Afg‘oniston chegaralari deb tan olingan hududda o‘z hukumatini tuzishga intilib kelgan. Lekin ularning ittifoqchisi pokistonlik toliblar Afg‘oniston—Pokiston chegarasidagi yerlarda (Duron chizig‘i deb ataladi) pushtunlar yashagani — mazkur xatoni to‘g‘rilash zarurligini ta’kidlaydi. Eng asosiy dushmanidan, ya’ni amerikalik harbiylardan qutulgan Kobuldagi toliblarni Pokiston nazorat qila oladimi yoki yo‘q? — bu eng katta savollardan biri bo‘lib turibdi.
Umuman “Tolibon”ga Pokistonning yordami asqatib qolishi mumkin, sababi harakat vakillari Afg‘oniston aholisi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q.
“Tolibon”ni Afg‘onistonda qanchalik darajada qo‘llab-quvvatlashmoqda? Toliblarning hokimiyat tepasiga kelganidan xursand bo‘lmaganlarning soni qancha?
Ushbu savollarga javob berish qiyin: uzoq vaqt davom etgan doimiy urush sharoitida haqiqatni aks ettirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy so‘rovlarni aholi orasida o‘tkazib bo‘lmaydi. Tadqiqotlar o‘tkazilgan, ammo ularning Afg‘onistondagi barcha aholisining kayfiyati aks etgan deb aytish mushkul. Bir tomondan, tadqiqotchilar tanlov asosida 34 ta viloyatdagi aholi orasida so‘rov o‘tkazib, shaharlar va qishloqlardagi turli odamlar fikrini o‘rgangan.
Boshqa tomondan esa aholi bergan javoblarning qay darajada samimiy yoki haqiqiy ekani borasida shubhalar mavjud; shuningdek, odamlar orasida uzoq vaqtdan buyon toliblar boshqaruvi ostida yashayotganlar bo‘lishi mumkinligi va ularning harakat vakillariga xayrixohligi, bunday odamlar soni inobatga olinmagan. Masalan, Urush va tinchlik instituti tadqiqotida qatnashganlarning asosiy qismi markaziy hukumat boshqargan hududlarda yashagan aholi.
Agar mazkur tadqiqotlardagi ma’lumotlarga tayanib fikr yuritilsa, toliblarni Afg‘oniston aholisining juda kam qismi (savolga har qanday javob variantini tanlagan 15 foizdan kamroq respondentlar) qo‘llab-quvvatlaydi. Ularni diniy fanatlar, ishsiz (uyushmagan) yoshlar vakillari, mamlakatga do‘st bo‘lmagan Pokistonning tarafkashlari deb hisoblashadi.
So‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pchilik qismi toliblarning hukumat bilan integratsiyalashgan hukmronligini istamaydi (lekin ular jangarilarga amnistiya berish, ularning oila a’zolarini tinch hayotga qaytarish tarafdori bo‘lgan). Umuman mamlakatning hozirgi shakllanayotgan hukumati so‘rovnomada qatnashgan odamlar orasida ijobiy tuyg‘ular uyg‘otmagan.- So‘rovnomada qatnashganlarning ko‘pchiligi 2014-yilgacha mamlakatning to‘g‘ri yo‘lda rivojlanib borganini qayd etgan. Keyin AQSh prezidenti Barak Obama Afg‘onistonga moliyaviy-iqtisodiy ko‘mak miqdorini kamaytirganidan keyin mamlakatda inqiroz boshlangan. Ishtirokchilarning uchdan ikki qismi ushbu qaror noto‘g‘ri bo‘lgan deb hisoblaydi.
- Ijtimoiy so‘rovnoma ishtirokchilarining qariyb yarmi xorij qo‘shinlarining mamlakatdan olib chiqib ketilishidan qoniqayotganini bildirgan (ayrimlar “bizga baribir” deb javob qilgan). Uchdan ikki qismi 2020-yildayoq xorij qo‘shinlarining Afg‘onistonda ketishi yakunda toliblarning hokimiyat tepasiga kelishiga sabab bo‘lishi, jangovar harakatlarning kuchayishi, afg‘on armiyasining ularga qarshi tura olmasligidan xavotirlanganidan xavotirlanganini aytgan.
- Aholining ko‘pchiligi hukumatni tanlov asosida shakllantirish tarafdori, ular diniy ulamo emas, balki prezident davlat boshqaruvini amalga oshirishini istaydi.
- 80 foizdan ko‘proq ishtirokchi voyaga yetmagan qizlarni majburlab turmushga berishga va shu kabi an’analarga qarshi. Shuningdek ayollar va erkaklar teng huquqli bo‘lishi, ayollarga ta’lim olish hamda ishlash huquqi berilishi kerak deb hisoblovchilar ham ishtirokchilarning to‘rtdan uch qismini tashkil qilgan.
- Respondentlar toliblarning intizomli ekanligi va ularning ichki birdamligini ijobiy jihatlar deb e’tirof qilgan. Jangarilarning o‘zlari istagan narsaga zo‘ravonlik bilan erishishga tayyorligini qayd etgan.
- Bundan tashqari mamlakat markazi va janubidagi so‘rovnomada qatnashganlarning bir qismini pushtunlar tashkil qiladi, bu yerda “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlaydiganlar ko‘p, ular toliblarning hokimiyat tepasiga kelishi odamlar uchun qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi mumkinligini ta’kidlagan.
Kobul qulaganidan keyin Panjsherdagi sobiq vitse-prezident Amrillo Solih (u o‘zini Afg‘onistonning yangi prezidenti deb e’lon qilgan) hamda Ahmad Mas’ud tomonidan “Tolibon”ga qarshi turish harakati avvalgi hukumatning alternativ markazi bo‘lishi mumkin — toliblarning avvalgi hukumati davrida Afg‘oniston shimolida shunday bo‘linish kuzatilgan. Hali hech bir davlat Solihning legitim prezidentligini tan olmagan, umuman hali hech kim toliblarning “Afg‘oniston islom amirligi” tuzilganini rasman tan olganini e’lon qilmagan.
Toliblar Afg‘oniston chegaralaridan tashqariga, masalan O‘zbekiston yoki Tojikistonga chiqadimi? Butun dunyoda terrorchilarning faollashuvi kuzatilishi mumkinmi?
Toliblar hech qachon o‘z ta’sir doirasidan Afg‘oniston tashqarisidagi xalqaro maydonga olib chiqish rejalari haqida gapirmagan. Bu ularning diniy ta’limi bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin (ularda yuqorida qayd etilganidek messianlik yo‘q), ular mafkurasining asosi milliy davlat qurish. Ularning transchegaraviy terrorda tajovuzkor harakatlari (ularning Pokistondagi hukumatga hujum qiluvchi toliblar bilan aloqasini hisobga olmasa) deyarli kuzatilmagan.
Boshqa tomondan BMT ekspertlari “Tolibon”ning hanuzgacha dunyo miqyosida keng yoyilishni istovchi “Al-Qoida” va boshqa terrorchilik guruhlari bilan aloqalarni uzmaganini ta’kidlaydi. Shuning uchun ham toliblar AQSh harbiylariga ular mamlakatdan chiqib ketsa, barcha terrorchilarni Afg‘onistondan quvishni va’da qilgan.
2020-yilda e’lon qilingan BMTning navbatdagi hisobotida “Tolibon” hamda “Al-Qoida” hanuz birga harakat qilayotgani bayon etildi. Toliblar darhol BMTga buni inkor etuvchi faktlarni taqdim qilib, ular boshqarayotgan hududlarda terrorchilar yo‘qligini bildirgan. Ammo ekspertlar oradan bir yil o‘tib, 2021-yil mayda yana BMTga a’zo ayrim davlatlar bergan axborot asosida “Tolibon” va “Al-Qoida” o‘rtasida aloqa saqlanib turganini ma’lum qildi. “Al-Qoida”ning ayrim yetakchilari Pokistonda “Tolibon” rahbarlari oilalari bilan yashaydigan hududlarda istiqomat qiladi. BMT qaysi a’zo-davlatlar mazkur ma’lumotlarni taqdim qilganini oshkor etmagan. Agar ushbu axborot tasdig‘ini topsa, “Al-Qoida” jangarilari Afg‘oniston hamda Pokiston chegarasini boshqa mamlakatlardagi operatsiyalar uchun rejalashtirish bazasi sifatida ishlatishi mumkin.
Bundan tashqari “Tolibon” tarkibiga “Al-Qoida”ga bevosita aloqador kamida bitta guruh kirgan, bu “Haqqoniy tarmog‘i” . Ushbu guruh harbiylashgan, AQSh hamda Pokistonda terrorchilik tashkiloti deb topilgan. Guruh asoschisi Jaloliddin Haqqoniy (2018-yilda vafot etgan) Ben Ladenning do‘sti bo‘lgan va unga 2000-yillarda Tora-Bora tog‘larida yashirinishda ko‘mak bergan (amerikaliklar birinchi raqamli dushmanini g‘orlar majmuida shturm bilan ushlashga uringan, biroq Ben Laden so‘nggi daqiqalarda ulardan qochib qolgandi). Aynan Haqqoniy “Tolibon”da terrorchilik uslublarini joriy qilgan, xususan, xudkushlarni o‘zini o‘zi portlatishga tayyorlagan.
Endi Haqqoniyning o‘g‘illaridan biri “Tolibon” rahbariga o‘rinbosar, boshqa yana bir esa Kobulda “Afg‘oniston islom amirligi” davlatini tuzish yuzasidan muzokaralarda ishtirok etmoqda. “Haqqoniy tarmog‘i” ham Afg‘onistondan tashqariga chiqishga urinmaydigan guruh, lekin ular toliblar hamda xorijlik terrorchilar o‘rtasida bog‘lovchi zanjir halqasiga aylanishi hech gap emas.
Toliblarning g‘alabasi boshqa davlatlardagi islom radikallarining faoliyatiga ta’sir qiladi deb aytish qiyin. Biroq radikallar orasida xalifalik davlatini tuzish maqsadidagi toliblar uslubidagi urushlar urfga kirishi mumkin degan taxmin mavjud. Shunga qaramay Afg‘onistonda “Tolibon” erishgan g‘alabaning boshqa mamlakatlar hududlarida qayd etilishining ehtimoli juda kam, buning uchun xorijdan yordam va raqib orasida parokandalik kuzatilishi kerak.
Nima uchun toliblardan son jihatdan ko‘p bo‘lgan afg‘on armiyasi (jangarilarga qarshi juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgani haqida xabarlar berilgandi), bunchalik tez taslim bo‘ldi va deyarli qarshilik ko‘rsatmadi?
Pentagon AQSh yordamisiz Afg‘oniston milliy armiyasining toliblarga qarshi tura olmasligini oldindan bilgan, deyiladi Afg‘oniston harbiy dasturi va mamlakatni qayta tiklash xarajatlarini audit qilish uchun shakllantirilgan SIGAR guruhining hisobotida. Qisqacha tahlil qilganda afg‘on armiyasining jangovar kuchga aylana olmaganining sabablari quyidagilar:
- Dastlab Afg‘onistonda kuchli professional armiya shakllantirish rejalashtirilgan. Ammo “Tolibon” bilan davom etgan urush katta resurs — avvalo janglarda ishtirok etishning o‘zini emas, balki mamlakatning turli hududlarida vaziyatni nazorat qilishni talab etardi. Bu 2000-yillar oxirida armiyadagi askarlar sonining bir necha barobar ko‘payishiga olib keldi.
- 2010-yilda milliy politsiya tuzilganida ham ushbu holat takrorlandi — sifatga emas songa ishlash, chaqiriluvchilarning jangovar tayyorgarligida oqsashlar kuzatilishiga sabab bo‘ldi.
- Odamlar jang qilishga tayyorlanish va jang qilish uchun emas, balki shunchaki maosh olish uchun ishga qabul qilinardi. Shu tariqa 2010-yildan 2020-yilgacha armiya askarlarining soni 80 foizga ko‘tarildi va 185 ming nafarga yetdi. Xarajatlar, jumladan, harbiylarni tayyorlash uchun vaqtinchalik sarflar kamayib ketdi.
- Armiya tarkibi har yili 25 foizga almashgan.
- Harbiylar armiyani daromad manbayi deb hisoblardi. O‘g‘rilik ularning kichik maoshi va to‘lovlardagi kechikishlar o‘rnini qoplardi. Amerikalik harbiylar afg‘on armiyasi uchun elektron zaxira tizimini kiritganida, qo‘shin tezda 56 ming nafar odamga qisqardi.
- Qabilalararo guruhlarni ommaviy ravishda tuzishning imkoni bo‘lmadi. Armiya, asosan, qabila belgilari asosida shakllantirildi. Askarlar qabilasidan kelib chiqib guruhdagi qo‘mondoniga bo‘ysunardi. Toliblarning faollashuvi kuzatilgach, ko‘plab komandirlar g‘olib tomonga o‘tib ketdi.
Rossiya Oliy sudi 2003-yilda toliblarni terrorchi deb topish haqida quyidagi qarorni chiqargan:
Afg‘onistonda 1994-yilda tashkil qilingan “Tolibon” harakati ekstremistik islom harakati. Checheniston Respublikasi hududidagi noqonuniy jangari guruhlar bilan hamkorlik qiladi. O‘z faoliyatida terror uslublaridan foydalanadi, 1995-yil kuzida Tataristonning “Aerostan” kompaniyasiga tegishli Il-76 samolyotini egallab olgan (bu haqda film ham suratga olingan), samolyot ekipaji uzoq vaqt davomida asirda ushlab turilgan. Usama Ben Laden ko‘magida Markaziy Osiyo davlatlarida, xususan O‘zbekiston, Tojikiston hamda Qirg‘izistonda diniy oqimlar jangarilari bilan birga hukumatni egallashga uringan.
2014-yilda Moskva hamda Vashington o‘rtasidagi nizoli vaziyat yuzaga kelgach, “Tolibon” Rossiya uchun ortiq terrorchilik tashkiloti bo‘lmay qoldi va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralardagi hamkorga aylandi. Rossiya dastlab “Tolibon” bilan munosabatlar o‘rnatganini inkor qildi va afg‘onlararo muloqotda vositachi bo‘lishga intildi, biroq 2018-yildan boshlab toliblar bilan aloqa rasmiylashtirildi. Rossiya hozir ham vositachi sifatida harakat qilmoqchi, xususan Moskva Kobul toliblar tomonidan egallab olinganidan keyin BMTdan “Tolibon”ga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni olib tashlashni so‘ragan.
AQSh Rossiya hamda toliblar o‘rtasida norasmiy munosabatlar bo‘lgan deb hisoblaydi, Vashington fikricha Rossiya razvedkasi harakatga amerikalik askarlarning o‘ldirilishi uchun mukofot va’da qilgan. Moskva va toliblar ushbu ayblovlarni inkor etgan. 2021-yil aprel oyida amerikalik harbiylar mazkur ish bo‘yicha ularda aniq axborotlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Mavzuga doir: “Tolibon” va dunyo: kim kimga kerak?
Izoh (0)