Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo mahalliy aeroportini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroport 29-aprel kuni Silk Avia aviakompaniyasining ATR-72-600 samolyotida amalga oshirilgan birinchi texnik parvozini qabul qildi.

Aeroport aerodromining sun’iy sirtki qismi kapital ta’mirlandi, ya’ni uzunligi 1 550 metr, eni 35 metr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagining butun uzunligi bo‘ylab ikki qatlamda, yurish yo‘lagi hamda ikkita ATR-72-60 samolyoti uchun to‘xtash joylari mavjud perroni asfalt-beton bilan mustahkamlandi.

Qayd etilishicha, 100 nafargacha yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilishi ham nihoyasiga yetmoqda.

Bir oy ichida Sariosiyo aeroportiga muntazam reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Maʼlumot uchun, bundan avval Mo‘ynoq, Qo‘qon, Shahrisabz va Zomin aeroportlari ham rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan edi.
Izoh (0)