Kanada Mudofaa vazirligi harbiy va fuqarolik xodimlariga yovvoyi g‘ozlarni boqish yoki ularga teginishni taqiqladi. Bu haqda Ottawa Citizen xabar berdi.

Harbiylarga g‘ozlarni ko‘rganda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma yuborilgan. Shunday yo‘riqnomalardan biri Kanada Milliy mudofaa vazirligining Ottavadagi Karling avenyu shtabida tarqatilgan.
Ta’kidlanishicha, Karling kampusi Ottavaning yashil hududlari bilan o‘ralgan bo‘lib, u yerda g‘ozlar an’anaviy ravishda uya quradi. Mart oyidan may oyigacha ularning xatti-harakatlari, ayniqsa, in yaqinida juda tajovuzkor bo‘ladi. Ba’zan ular gultuvaklarda, hatto binolarning tomlarida ham uya qurishi mumkin.
Agar g‘oz tajovuzkorlik ko‘rsatsa, xodimlarga xotirjamlikni saqlash, vahimaga tushmaslik, qushdan ko‘z uzmasdan asta-sekin chekinish va iloji boricha qo‘llarni ko‘tarib, kattaroq ko‘rinish tavsiya etiladi. Agar g‘oz ovoz chiqara boshlasa yoki hujum qilsa, unga orqa o‘girmasdan, asta-sekin uzoqlashishda davom etish kerak, deyiladi Kanada Mudofaa vazirligi yo‘riqnomasida.
Shtab hududidagi g‘ozlarning aniq soni noma’lum. Ularning soni kuzatilmaydi. Garchi tajovuzkor g‘ozlar bilan to‘qnashuvlarning aksariyati jiddiy oqibatlarsiz yakunlansa-da, ba’zan jarohatlar ham uchraydi. Ko‘pincha odamlar qochishga urinib, qoqilib yiqilib tushadi.
Yo‘riqnomada, shuningdek, Kanada g‘ozlari qo‘riqlanadigan tur ekani va ularni uya qurish paytida boshqa joyga ko‘chirish taqiqlanishi qayd etilgan.
Izoh (0)