Vengriya parlamenti mamlakatning Xalqaro jinoiy suddan chiqishini ma’qulladi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Siyyartoning ta’kidlashicha, Vengriya ushbu qaror bilan “xolislik va obro‘sini yo‘qotgan siyosiylashgan tashkilot”ning bir qismi bo‘lishdan voz kechmoqda.
“Vengriya parlamenti XJSdan chiqish uchun ovoz berdi. Ushbu qaror bilan biz o‘z xolisligi va nufuzini yo‘qotgan siyosiylashgan tashkilotning bir qismi bo‘lishdan voz kechamiz”, deya yozdi diplomat.
Ilgari mamlakat bosh vaziri Viktor Orban Vengriyaning XJSdan chiqish to‘g‘risidagi qarori haqida ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, bu sudning siyosiy vositaga aylanganiga bog‘liq bo‘lib, bunga uning Isroil bo‘yicha so‘nggi qarorlari ishora qilmoqda.

Bundan oldin, 3-aprel kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu XJS qarorini e’tiborga olmay, Vengriyaga tashrif buyurgan edi. Siyosatchining Budapeshtga tashrifi sud tomonidan qamoqqa olish uchun order berilganidan keyingi birinchi xorijiy safari bo‘ldi.
O‘z navbatida, Netanyaxu Vengriyaning bu qarorini jasur va prinsipial deb baholadi.
Xalqaro jinoiy sud matbuot xizmati Vengriyaning qaroriga izoh berib, Budapesht hamkorlik bo‘yicha majburiyatlari saqlanib qolishini eslatdi.
Keyinchalik Siyyarto mamlakatning XJSdan chiqishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlamentga kiritganini ma’lum qildi.
Izoh (0)