O‘zbekistonda 2025-yil I-choragida 24 ming nafardan ortiq ayolga “Himoya orderi” rasmiylashtirilgan, deb xabar bermoqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Qayd etilishicha, mazkur davrda 1,7 ming nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar birlamchi ko‘mak xonalariga joylashtirilib tibbiy yordam berilgan. Ushbu ayollarga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan psixologik va yuridik yordamlar ko‘rsatilib, chuqurlashtirilgan reabilitatsiya xizmatlariga muhtoj bo‘lgan 202 nafar ayol Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirildi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 19,3 ming nafar ayol bilan suhbat o‘tkazilib, so‘rovnomalar asosida ularning holati o‘rganildi va xizmatlar taklif qilindi.
Shu bilan birga, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan kunduzgi qatnov asosida 3,5 ming nafar tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarga yuridik, psixologik va boshqa xizmatlar ko‘rsatildi.
O‘zbekistonda zo‘ravonlik kuzatilgan oilalarda yarashish muddatisiz er-xotinni ajratish rejasi “Oilalarni mustahkamlash va xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgandi. 2023-yilning dekabrida imzolangan qarorda Vazirlar Mahkamasi va Oliy sud bilan birgalikda jinoiy oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qurbonlariga nisbatan jabrlanuvchining talabiga ko‘ra sud tomonidan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarning soddalashtirilgan tartibda, ya’ni, sud mahalladagi xotin-qizlar faolining fikrini inobatga olgan holda er va xotinning bundan buyon birgalikda yashashiga imkoniyat yo‘q deb topsa, ishni ko‘rishni keyinga qoldirmasdan hamda yarashish uchun muhlat tayinlamasdan hal qilish qarorini chiqarishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqib, Qonunchilik palatasiga kiritishi belgilangandi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zo‘ravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonda ham har uchinchi ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgan deb biladi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning may oyida ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishganda har bir ayol uchun munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergandi. 2024-yil 1-iyundan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etildi.
Izoh (0)