Netflix striming platformasi “Uenzdey” seriali ikkinchi mavsumi uchun ilk tizer-treylerini e’lon qildi va premyera sanalarini ma’lum qildi. Serial davomi ikki qismga bo‘lingan: birinchi qismning premyerasi 6-avgust, ikkinchisi esa 3-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Videoda bosh qahramon Uenzdey “Nevermor” akademiyasiga qaytayotgani tasvirlangan. Unda Uenzdey ko‘tarib kelgan quroli emas, balki “Thing” (qo‘l)ning olib kirishga uringan quyoshdan himoyalovchi krem e’tiborni tortadi.
“Bu birinchi marta o‘z ixtiyoring bilan maktabga qaytishing”, deydi rolikda Mortisha Addams.
“Bu jinoyat sodir etilgan joyga qaytishdek gap. Men jasadlar qayerda ko‘milganini allaqachon bilaman”, deb javob beradi Uenzdey.
Adams oilasining aqlli va sovuqqon vakili haqida hikoya qiluvchi serial ikkinchi mavsumini suratga olish ishlari 2024-yil bahorida boshlangan. Oldinroq loyiha ijodkorlari yangi mavsumda bosh qahramon va uning onasi Mortisha Addams o‘rtasidagi munosabatlarga ko‘proq e’tibor qaratilishini aytishgandi. Jenna Ortega esa yangi mavsumda ko‘proq jangovar sahnalar bo‘lishini ma’lum qilgan.
Serial muallifi sifatida yana Tim Byorton tanlandi. Unda Jenna Ortega, Gvendolin Kristi, Luis Gusman, Ketrin Zeta-Jons, shuningdek, Ledi Gaga va Stiv Bushemi suratga tushgan.

Ma’lumot uchun, serialning dastlabki sakkiz qismi 2022-yilning 23-noyabrida Netflix platformasi yuzini ko‘rgan edi. Serial premyerasidan buyon jami 752 million soat tomosha qilingan. Bu hisob serial chiqqanidan keyingi dastlabki 28 kunga asoslanadi.
Shuningdek, loyiha ilk haftaning o‘zidayoq 341,2 million soat ko‘rilgan. U 83 davlatda eng ommabop serialga aylangan va 93 mamlakatda eng ko‘p ko‘rilayotgan seriallarning birinchi 10 taligiga kirgan.
Izoh (0)