Jillian Anderson ilgari 90-yillarning eng mashhur seriallaridan biri sifatida esda qolgan “Maxfiy hujjatlar” serialida suratga tushishga qat’iyan qarshi bo‘lgan. Biroq mazkur serialning qayta ishlangan talqini bo‘yicha taklifni u iliq kutib olganga o‘xshaydi.

“Qora Pantera” filmining rejissyori Rayan Kugler serialning yangi talqinini suratga olish ishlariga bel bog‘lagani va allaqachon Anderson bilan gaplashganini aytib, uni buyuk aktrisa deb atadi.
Anderson xonim juda ajoyib aktrisa. Men bu loyiha haqida uzoq vaqtdan beri o‘ylab yurar edim. Hozirda esa ishni boshlashni sabrsizlik bilan kutyapman. Agar serial ustida yaxshi ishlasak, ba’zi epizodlar chinakamiga dahshatli va qo‘rqinchli bo‘ladi. Biz “Maxfiy hujjatlar” muxlislari uchun ajoyib loyiha yaratishga harakat qilamiz va umid qilamanki, o‘z muxlislarimizga ham ega bo‘lamiz, dedi Kugler Last Podcast on the Left podkastida.

Serialning yangi versiyasi haqida xabarlar chiqqach, Anderson ssenariyga yuqori baho bergan va rejissyorni “dahoga o‘xshaydi” deya maqtagan. 90-yillarda chiqqan serial ustida ishlagan Kris Karter esa Kuglerning muvaffaqiyatga erishish imkoniyati yuqoriligini ta’kidlab, vaqt o‘tishi bilan jamiyat o‘zgargani sababli yangi “Maxfiy hujjatlar” butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lishini ta’kidlagan. Serialga Devid Duxov qaytadimi yoki yo‘q — hozircha noma’lum.
Ma’lumot uchun, “Maxfiy hujjatlar” (The X-Files) 1993-yildan boshlab AQSHda namoyish etilgan mashhur ilmiy-fantastik va sirli serial. Syujeti FQB (Federal qidiruv byurosi) xodimlari — maxsus agentlar Foks Malder va Dana Skalli atrofida rivojlanadi. Ular g‘ayritabiiy va izoh berib bo‘lmaydigan voqealarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bu tergovlar odatda “Maxfiy hujjatlar” deb nomlanuvchi ochilmagan ishlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Serial davomida inson va begona mavjudotlar o‘rtasidagi aloqalar, hukumatning sir saqlayotgan loyihalari, sirli hodisalar, genetik tajribalar va boshqa ko‘plab mavzular yoritiladi. Har bir epizod yoki alohida voqeani yoritadi, yoki umumiy syujet chizig‘iga xizmat qiladi.
Serial 1993-yildan 2002-yilgacha 9 fasl ko‘rinishida efirga uzatilgan. Keyinchalik 2016 va 2018-yillarda yana 10 va 11-fasllar bilan qaytgan. Shuningdek, serial asosida ikkita badiiy film ham suratga olingan.

Izoh (0)