83 yoshli nafaqaga chiqqan Bobbi Oksford ismli keksa ayol uzoq vaqtdan beri kutgan orzusini amalga oshirdi — u Kolorado shtatidagi Payks-Pik xalqaro poyga trassasida avtopoygada ishtirok etdi. Bu haqda AARP xayriya tashkilotining YouTube kanalida xabar berildi.

Ilgari ham Oksford poygada ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo faqat ayollar uchun tashkil etilgan, Powder Puff Derby nomli ekstremal sport ishqibozlari musobaqasi ob-havo sharoitlari tufayli bekor qilingan edi.
Shundan so‘ng ham Bobbi o‘z orzusidan voz kechmagan, ammo sport avtomobilini boshqarish imkoniyati undan uzoqlashgan edi. Yillar o‘tib, ayolning orzusi AARP xayriya dasturi yordamida amalga oshdi.
Bobbi Payks-Pik xalqaro poyga yo‘lida birinchi marta avtoulovni boshqardi. Bundan avval u avtopoyga formasi va shlemini kiyib, kerakli darslardan o‘tdi. So‘ng ayol haydovchilik o‘rindig‘ini egallab, 1,6 kilometr uzunlikdagi trassada sayr qildi. Tribunada Bobbini qarindoshlari, qariyalar uyidagi do‘stlari, o‘g‘li va kelini hamda boshqa ayol poygachilar qo‘llab-quvvatlashdi.
Keyin rulga professional haydovchi o‘tirdi va uning yonida ketayotgan Bobbi haqiqiy poygachilar tezligi va manyovridan bahramand bo‘ldi.
“Orzuyim amalga oshishiga ishonchim komil emas edi, ammo bu sodir bo‘ldi va men baxtiyorman”, dedi ayol.
Izoh (0)