Rejissyor Xvan Don Xek tomonidan suratga olingan “Kalmar o‘yini 2” seriali reytinglarda rekord ko‘rsatkichlarni zabt etishda davom etmoqda. Drama ketma-ket uch hafta davomida Netflix’ning Global Top 10 Movies reytingida 1-o‘rinni egallab turibdi.
Birinchi mavsumdagi g‘olib bo‘lganidan o‘yinni tashkil qilgan sirli tashkilotdan qasos olishni rejalashtirgan Son Ki Xun haqidagi hikoyaning davomi butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlar e’tiborini yanada ko‘proq tortdi.
6-12-yanvar kunlarida serial 26,3 million marta ko‘rildi va 93 mamlakatda ingliz tilidagi va ingliz tilida bo‘lmagan dramalar nominatsiyasida 1-o‘rinni egalladi. Atigi uch hafta ichida jami 152,5 million marta ko‘rilgan “Kalmar o‘yini 2” Netflix platformasida eng ko‘p ko‘rilgan seriallar reytingida uchinchi o‘rinni egalladi. Hozirda birinchi o‘rin serialning birinchi mavsumiga tegishli, ikkinchi o‘rinni esa “Uenzdey” loyihasi egallagan.
Ma’lumot uchun, 2-mavsumda avvalgi o‘yindan uch yil o‘tgach sodir bo‘lgan voqealar yoritiladi. Unda o‘yin g‘olibi Ki Xun yutuq puliga maxsus kishilarni yollab, o‘yin tashkilotchisini izlab topishni va bunday shafqatsizlikka chek qo‘yishni maqsad qiladi. So‘ng unga boshlovchi Xvan In Xoning ukasi, politsiya xodimi Xvan Chun Xo yordam berishga kirishadi. Natijada Ki Xun yana bir bor so‘nggi — 456-raqamli ishtirokchi sifatida o‘yinga kiritiladi. Uning sheriklari esa o‘yinlar bo‘lib o‘tayotgan orolni qidirishga tushadi. Ularga kapitan Pak yordam beradi.
Mashhur serialining so‘nggi 3-mavsumi 2025-yilda chiqishi rejalashtirilgan. Uning rejissyori loyiha premyerasi taxminan yoz faslining oxiri yoki kuz faslining boshida bo‘lishi kerakligini aytgan.
Izoh (0)