“Daryo”ning YouTubeʼdagi kanalida rejissyor Zamira Begimqulova va Sarvar Karimov bilan seriallar mavzusida ko‘rsatuv tashkil qilindi. Ular suhbat davomida o‘zbek serialchiligi ortidagi muammo va o‘z yechimini kutayotgan masalalar haqida to‘xtalib o‘tishdi.
— Bolaligimda telekanallarda asosan Meksika seriallari namoyish etilardi. Tabiiyki, ularning tomoshabinlari asosan ayollar bo‘lgan. O‘tgan asrning 70–80-yillaridagi serialchilik sanʼati hozir bizda ham takrorlanyapti. Achinarlisi, haligacha texnik jihatdan juda past.

“Umr so‘qmoqlari” degan videoni tomoshabin ko‘rmasligi mumkin, ammo “Qaynotasi bilan don olishgan kelin” deb nomlangani bo‘lsa, videoni ko‘radi. Shu boisdan ko‘p kontentlar odamlar eʼtiborini jalb qilish uchun shunday nomlanyapti. Aslida, qadimdan dramalar shunga o‘xshash maishiy mavzularga qurilgan. Masalan, Sofoklning “Shoh Edip” asarini oladigan bo‘lsak, unda bir inson o‘zi bilmagan holda otasini o‘ldirib, onasiga uylanib, undan ikkita farzand ko‘radi. Bu antik davrning eng buyuk dramasi hisoblanadi. Asosiy farq shundaki, yaxshi ijodkor mana shunday mavzularni ham saviyali, go‘zal qilib ommaga olib chiqadi.
Aytmoqchimanki, hozirgi serial va novellalarimizning mavzusi juda yomon emas. Drama bor ekanki, doim mana shunday mavzular atrofida aylanadi. Hamma gap ijodkorlarda, mavzuni go‘zal ko‘rsata bilish, odamlarning maʼnaviy didini o‘stirish ularga bog‘liq, deydi rejissyor Sarvar Karimov.
“Tutash taqdirlar”, “Gulxan atrofida” va “Opa-singillar” kabi milliy seriallarning rejissyori Zamira Begimqulova esa aktyorlarning ishga masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgani va odob-axloq chegarasini unutib qo‘yishayotgani haqida gapirdi.

— Ilgari seriallar juda kam suratga olinardi. Bugungi kunda xususiy telekanallar tashkil etilib, aktyorlarning davri keldi. Hamma kanalda serial suratga olinyapti, ularning qo‘li qo‘liga tegmay rollar ijro etishyapti. Ammo roliga tayyorlanmay syomkaga borishayotgani, hatto rol ustida izlanish olib borishmayotgani hayron qoldirdi. Hatto qaysi serialda rol ijro etishayotganini ham bilishmaydi. Serialdan serialga ko‘chib o‘tayotgan kiyim va imij sabab tomoshabin ham qaysi serialni ko‘rayotganini tushunmay qolyapti.
Ishga bunday yondashmaslik kerak, axir shu kasbning ortidan non topib yeyishyapti-ku. Bundan tashqari, er-xotinning yotoqxonasi ochiqchasiga ko‘rsatilyapti. Dialoglarni aynan yotoqxona sahnasi bilan bog‘lash shartmi? Yana bir narsa g‘ashimni keltiradi. Hamma serialda oilani buzuvchi, yengiltabiat ayollar personaji bor. Eng yomoni, ular bosh qahramon darajasiga ko‘tarilgan, deydi rejissyor Zamira Begimqulova.
Sarvar Karimov seriallar uchun nihoyatda kam mablag‘ ajratilishi va o‘zini hurmat qilgan professional ijodkorlar bu ishni noprofessionallarga bo‘shatib bergani haqida gapirdi.
— “Qachon o‘zbek kinosi rivojoanadi?”, deb ko‘p so‘rashadi. Qachon mamlakat iqtisodiyoti rivojlansa, shundagina kino va seriallarimizda ham o‘zgarish bo‘ladi, deyman. Boisi boshqa sanʼat turlarida kam mablag‘ bilan ham yaxshi ijod qilish mumkindir. Ammo kino sanʼatida emas.
Masalan, Netflix eng oddiy loyihalariga ham kamida 5 milliondan 10 million dollargacha mablag‘ ajratadi. “Amazon tomonda uzuklar hukmdori” degan serial olindi. Uning byudjeti har bir qismi uchun 58 million dollar etib belgilangan. Bizda olinayotgan seriallarning byudjeti esa 15 million so‘m. Agar soliqlarini olib tashlab hisoblasangiz, ming dollar bo‘ladi. Ming dollar qayerda-yu, besh million dollar qayerda? Istaymizmi-yo‘qmi, sifat ham berilayotgan pulga yarasha bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomoni bor, ijodkorlar ming dollar pulga 40 daqiqalik serialni suratga olishi kerak. U pulni ssenaristga bersinmi, operator yoki aktyorlarga haq to‘lasinmi? Katta gapirish emas-u, ammo men bu pulga serial suratga olmayman. Chunki berilgan pul katta guruhning tushlik va yo‘l puligi ketib qoladi. Shu bois professional ijodkorlar serial suratga olmayapti, ular o‘rnini noprofessionallarga bo‘shatib bergan. “Konfet” yoki ko‘cha-ko‘ydan olib kelingan aktyorlarning seriallarimizda suratga tushayotganining asosiy sababi ham shunda. Chunki professional aktyor haq so‘raydi.
Toki seriallarimizga ajratilgan mablag‘ o‘zgarmas ekan, sifatli kontent kutmanglar. Bu xuddi eski “Moskvich” avtomobiliga pul to‘lab, nega yangi BMW bermading, degandek gap. “Moskvich”ga pul to‘landimi, demak, shunga yarashasi beriladi, deydi Sarvar Karimov.
Ko‘rsatuvni quyidagi havola orqali to‘liq holda tomosha qilishingizni tavsiya qiling.
Izoh (0)