Rossiya qo‘shinlari 24-aprelga o‘tar kechasi Kiyev shahriga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Hodisa oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi, 63 kishi jarohatlandi. Bu haqda Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati xabar berdi.

Kiyevga turli yo‘nalishlardan ballistik raketalar bilan aralash hujumlar amalga oshirilmoqda. Dushmanning strategik aviatsiyasi tomonidan yangi raketa uchirilishi ham qayd etildi, dedi shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko.
U Ukraina poytaxtining uchta tumani — Goloseyev, Shevchenkov va Svyatoshinskda kamida to‘qqizta yong‘in sodir bo‘lganini aytdi. Tkachenko Rossiya hujumlari xavfi yaqin soatlarda saqlanib qolishini ta’kidladi.

Fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar yetkazilgan. Vaziyat juda jiddiy. Rus dunyosining nafasi butun dahshati bilan namoyon bo‘lmoqda, dedi u.
Kiyev meri Vitaliy Klichko ikki kishi halok bo‘lgani va 54 kishi jarohatlangani, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparati bo‘laklari noturar joy binosiga tushgani, garajlar va avtomobillar yonib ketganini ma’lum qildi.
Mazkur bayonotdan so‘ng Ukraina favqulodda vaziyatlar xizmati hujum oqibatida 9 kishi halok bo‘lgani va 63 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. 42 kishi, shu jumladan, 6 nafar bola kasalxonaga yotqizilgan.
Xarkovga ham hujum qilindi
Rossiyaning yettita raketa zarbasi Xarkovga qaratildi. Hozircha jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Novobavarsk tumaniga berilgan zarbalardan biri oqibatida yaqin atrofdagi ko‘p qavatli uylarning oynalari singan.
Shuningdek, shaharning Osnovyan tumanidagi xususiy uylarga ham zarar yetgani haqida ma’lumotlar bor, deya qo‘shimcha qildi mer.
U raketa hujumlaridan so‘ng shahar zarba beruvchi dronlarning ommaviy hujumi ostida qolganini aytdi. Rossiyaning Ukraina shaharlari va ularning fuqarolik obyektlariga havo hujumlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi uch yildan ortiq davom etayotgan urushi boshlanganidan beri deyarli har kuni sodir bo‘lmoqda.
Izoh (0)