Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kuzda parlamentni maxsus saylovlar o‘tkazish uchun tarqatib yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar bermoqda.

“Makron parlamentni tarqatib yuborish va shu yilning kuzida maxsus saylovlarni o‘tkazish imkoniyatini o‘rganmoqda. Chunki uning xalqaro maydonda tan olinishi Fransiya Prezidentining o‘z fuqarolari orasida mashhurligini oshirishga yordam beradi”, deyiladi materialda.
Nashr manbalariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Makron bu masala bo‘yicha o‘zining yaqin atrofidagilar bilan maslahatlashgan, ammo hozircha hech qanday qaror qabul qilmagan.
Agar Fransiya prezidenti o‘z rejalaridan voz kechsa, keyingi parlament saylovlari faqat 2029-yilda bo‘lib o‘tadi.
Makron 2024-yilning 9-iyunida ham Fransiya parlamentini tarqatib yuborgan va navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazilgandi. Bunga Yevropa parlamentiga saylovlarda prezident Makronning “Renessans” partiyasi o‘ta o‘ngchi muxolifatga o‘z o‘rnini boy bergani sabab bo‘lgandi.

Fransiya tizimiga ko‘ra, parlament saylovlari quyi palataning 577 nafar aʼzosini — Milliy assambleyani saylash uchun o‘tkaziladi. Mamlakat prezidentini tanlash uchun esa alohida saylovlar tizimi mavjud.
2022-yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarining so‘nggi bosqichida Makronning “Renessans” partiyasi ko‘pchilik ovoz to‘play olmay, koalitsiya tuzishga majbur bo‘lgan edi.
Makron 17-aprel kuni Parijda bo‘lib o‘tgan Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralar natijalarini izohlab, munozaralarni ijobiy va konstruktiv deb atagandi.
Aprel oyi boshida Fransiya prezidenti yaqin oylarda uning mamlakati Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytgandi.
Izoh (0)