Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir hududida sodir bo‘lgan otishmada o‘nlab sayyohlar halok bo‘ldi. Bu haqda Hindiston mudofaa vazirligi va xavfsizlik xizmatlari manbalariga tayanib News18 telekanali xabar berdi.

Fojia Paxalgam shahrida yuz bergan. Sayyohlar Boysaron vodiysidagi so‘qmoq bo‘ylab ko‘tarilayotganda, qurollangan shaxslar ularga qarata o‘t ochgan. Kamida 27 kishi, jumladan, ikki nafar chet ellik halok bo‘lgani ma’lum. Otishmadan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari va tibbiyot xodimlari voqea joyiga yetib kelishgan. Mahalliy hokimiyat hodisani terakt deb baholamoqda.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ikki nafar chet ellik ham bor. Mamlakat rasmiy idoralari hozircha qurbonlar va jabrlanganlar sonini e’lon qilmadi.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mamlakat ichki ishlar vaziri Amit Shoh bilan telefon orqali bog‘lanib, undan zudlik bilan choralar ko‘rishini va voqea joyiga borishni so‘ragan.
“Terrorizmga qarshi kurashish borasidagi qat’iyatimiz mustahkam va yanada kuchayadi”, deb yozdi Modi X ijtimoiy tarmog‘ida.
O‘z navbatida, Shoh teraktga aloqador shaxslar jazosiz qolmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, u Jammu va Kashmirga “barcha idoralar bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish” o‘tkazish uchun yo‘l olgan.
Guvohlarning aytishicha, sayyohlarga harbiy kiyimdagi bir necha kishi hujum qilgan. Ular qochib ketishga muvaffaq bo‘lishgan. Hindiston xavfsizlik kuchlari hududni o‘rab olgan, jinoyatchilar qidirilmoqda. Shuningdek, terakt uchun javobgarlikni “Qarshilik fronti” guruhi o‘z zimmasiga olgani xabar qilinmoqda.
Aprel oyi boshida Birlashgan Arab Amirliklarida sayyohlar bo‘lgan aerostat qulab tushishi natijasida ikki nafar chet ellik sayyoh halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat olgandi.
Izoh (0)