Fransiyada yakshanba kuni mamlakat parlamenti — Milliy assambleyaga saylovlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Fransiya OAVlari.
Ekspert va ommaviy axborot vositalarining e’tibori amaldagi prezident Emmanuel Makron koalitsiyasi Fransiya parlamentining quyi palatasida ko‘pchilikni saqlab qola oladimi degan savolga qaratilgan.
Bir hafta oldingi birinchi bosqichda Makronning “Birgalikda” koalitsiyasi so‘l harakat yetakchisi Jan-Lyuk Melenshon boshchiligidagi Yangi xalq ekologik va ijtimoiy ittifoqi (Nupes) bilan deyarli bir xil natija qayd etdi.
577 deputatdan iborat Milliy assambleyada ko‘pchilikni tashkil qilish uchun kamida partiyalarga 289 o‘rin kerak bo‘ladi.
Mutaxassislar va ommaviy axborot vositalarining fikricha, “makronist”lar ikkinchi bosqichda ham g‘alaba qozonish uchun imkoniyatini saqlab qoladi, ammo ko‘pchilik rekord darajada past saylovchilar ishtirokida o‘tkazilgan birinchi turdagi kichik farqni hisobga olgan holda bu natija haqida ba’zi noaniqlik borligini aytmoqda.
BFMTV telekanali va L’Express jurnali buyurtmasi bilan Elabe tadqiqot va konsalting markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, prezident koalitsiyasi bu safar Milliy assambleyada mutlaq ko‘pchilikni tashkil qilmasligi mumkin.
Parlament saylovlari majoritar saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi. Birinchi turdayoq saylanish uchun nomzod saylovchilarning mutlaq ko‘pchilik ovozini olishi kerak. Agar hech kim bunday natija qayd etmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi, unda birinchi turda kamida 12,5 foiz ovoz olgan barcha nomzodlar qatnashadi.
Milliy assambleya Fransiya parlamentining quyi palatasi hisoblanadi. U umumiy saylovda saylangan 577 nafar deputatdan iborat bo‘lib, besh yil vakolat muddatiga ega bo‘ladi.
Izoh (0)