Kolinda Grabar-Kitarovich dunyodagi eng mashhur ayol bo‘lishi bilan birga, eng oddiy rahbarlardan biri hamdir. U Xorvatiya prezidenti lavozimini egallagan birinchi ayol va mamlakat tarixidagi eng yosh hukumat vakiliga aylandi. Uning ba’zi tarafdorlari Kolindaning quvnoq fe’l-atvori va ochiqko‘ngilliligiga qoyil qolishadi, boshqalari esa uni qalblar malikasi va siyosatdagi eng jozibali ayol deb ataydi. Ular bir narsaga aniq tan berishadi — bu ayol o‘zining soddaligi va kamtarligi bilan ajralib turadi. Kolinda o‘ziga har qanday hashamatni ravo ko‘rishi mumkin, lekin u buning o‘rniga ekonom-klassda uchishni afzal ko‘radi, futbol o‘yinlarini VIP lojadan tomosha qilishni rad etadi, jamoat transportida sayr qiladi va oziq-ovqat mahsulotlarini shaxsan o‘zi xarid qiladi.
“Men sizlarning biringizman”
Kolinda Grabar-Kitarovich 2015-yilgi saylov kampaniyasi paytida vatanparvarlik, oilaviy va nasroniy qadriyatlar haqida gapirganda, Xorvatiya liberal OAVlari u haqda “Katta gavdali ahmoq mallasoch” deb yozgan edi. Bir muncha vaqt o‘tgach, ikkinchi turda 50,42 foiz ovoz olib, prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. O‘sha paytda yangi prezident — Kolinda Grabar-Kitarovich 46 yoshda edi.
Avvaliga ko‘pchilik ayolga davlat rahbari sifatida noto‘g‘ri fikr bilan qaragan. Biroq u tezda xorvatlar qalbini zabt etdi: “Men sizlarning biringizman, sizlarning ovozingiz bo‘laman”, deya ta’kidlagandi o‘shanda Kolinda. Va u o‘z va’dasini bajara oldi.
Shundan so‘ng mamlakat aholisi jigarrang ko‘zli va chiroyli tabassumli bu mallasoch ayol chinakam xalq prezidentiga aylanganiga ishonch hosil qildi: unda yopiqlik va sovuqlik yo‘q edi. Ba’zilar hatto uning kayfiyati doimo a’lo bo‘ladi, deb o‘ylashadi, chunki u kulib yuradi. Kolinda prezident bo‘lishiga qaramay, oddiy odamlar kabi Zagreb markazidagi “Basta” pitsseriyasiga boradi, bozordan oziq-ovqat sotib oladi, jamoat transporti yoki mikroavtobusda hech qanday hashamatsiz xotirjam sayr qiladi.
Shu kungacha sobiq prezident sayyohlar oldiga xotirjam borib, shaharliklar bilan bemalol suratga tushadi. U piyoda sayr qilish bilan birga, sport bilan faol shug‘ullanadi, bo‘sh vaqtlarida mikroto‘lqinli pechda pishirilgan popkorn yeb, bolalari va eri bilan film tomosha qiladi. Grabar-Kitarovichning tan olishicha, pleylistida uni ilhomlantiradigan bir nechta qo‘shiqlar mavjud: Meredit Bruksning Bitch (“Yaramas”) va Emina Arapovichning Vucica (“Bo‘ri bolasi”) nomli xorvatcha qo‘shiqlari shular jumlasidan.
Tanqidchilarning ham tan olishicha, Kolinda har doim zamonaviy uslubdagi o‘ziga yarashgan liboslarni kiyadi. U kiyimlarini o‘zi xarid qiladi, shu o‘rinda eng qimmat moda uylarining hashamatli liboslarini sotib olishga qurbi yetishini ham tan oladi. Ammo siyosatchi kiyinishga katta mablag‘ sarflashni yoqtirmaydi, chunki u kambag‘al oilada tug‘ilganini hali-hanuz esdan chiqarmagan. “Mehnatingiz bilan topilgan pul lotereyada yutib olishdan ko‘ra ko‘proq huzur bag‘ishlaydi, deb o‘ylayman”, — deydi u.
Kolinda nafis ko‘ylaklar, klassik kostyum va paltolar, yubkalarni ma’qul ko‘radi. Ayniqsa, u mahalliy dizaynerlar brendlarini yaxshi ko‘radi — Greta Gudelj, Aleksandra Doysinovis, Ivan Tandaris, Aleksandar Sekuljica, Vesna va Maradan Mariya Milkovich butiklaridan ko‘nglidagidek libos topa oladi. U dizaynerlardan ko‘pincha etnik motivlar, to‘r, kashtado‘zlik, naqshlardan foydalanishni so‘raydi. Ba’zan uning buyurtmasiga ko‘ra, kiyimlarga biror-bir so‘z ham qo‘shish mumkin: “jasorat”, “sevgi” yoki ruhlantiruvchi “o‘zingdek bo‘l” kabi. Siyosatchining sevimli ranglari — qizil, oq va qora.
“Boshqa muxlislar qatorida biz ham aviareysni uzoq kutganmiz”
2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Kolindaning mashhurligi butun jahonga ovoza bo‘ldi. Shundan so‘ng prezident Vladimir Putin shaxsan o‘zi uni uchrashuvga taklif qildi. Xorvatiya rahbari chempionatning asosiy qahramonlaridan biriga aylandi: butun dunyo uning Moskvadagi o‘yinni Rossiya va Fransiya rahbarlari hamrohligida tomosha qilayotgani tasvirlangan suratlarini ko‘rdi. Grabar-Kitarovich urilgan gollar quvonchidan raqsga tushdi: his-tuyg‘ularini yashirib o‘tirmadi ham. Xorvatiya terma jamoasi Fransiya terma jamoasiga yutqazib qo‘yganida esa barcha o‘yinchilarni, shu jumladan, fransuzlarni ham quchoqlab o‘pdi.
Kolinda Rossiyadagi boshqa o‘yinlarga ham xorvatiyaliklar bilan birga bordi: u charter reys va stadionlarga chiptalar buyurtma qildi. “Aeroportda parvozni uzoq kutib qolish holatlari tez-tez bo‘lib turardi va xorvatiyalik muxlislar singari biz ham butun tunni samolyotda o‘tkazardik”, deb eslaydi u.
Xorvatiya prezidenti boshqa futbol ishqibozlari bilan birgalikda o‘yinlarni odatiy tribunadan tomosha qildi. “Men ham boshqalar kabi quvnoq ekanligimni ko‘rsatishni, tribunadagi muxlislar bilan birga jamoani qo‘llab-quvvatlashni xohladim. Men ham milliy ramzlarimiz tushirilgan futbolka kiydim. Odatda uzun ko‘ylak kiyish kerak bo‘lgan VIP zonada siz bunday kiyimda bo‘lolmaysiz”, — deya tushuntiradi siyosatchi.
Milliy jamoaning keyingi o‘yinlarida ham u xuddi shu futbolkada bo‘ldi va shu bilan kostyumlarda bo‘lgan boshqa siyosatchilardan ajralib turdi.
Kolindaning tan olishicha, u nafaqat futbol, balki basketbol va suv polosi bo‘yicha ham terma jamoaning o‘yinlariga shaxsan tashrif buyurishga harakat qiladi. U bolaligidan sportga mehr qo‘ygan: uning do‘stlari, asosan, o‘g‘il bolalar bo‘lgan va ular bilan birga to‘p ortidan qolmagan.
Erkakshoda qizaloq
Ko‘pchilik Grabar-Kitarovichning hayotini Zolushka haqidagi ertakka qiyoslaydi. Ayol Xorvatiyaning Riyeka shahri yaqinidagi Lubarska qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning ota-onasi boshlang‘ich maktabnigina bitirgan juda oddiy odamlar edi. Otasi go‘sht do‘koniga egalik qilar, onasi esa uy bekasi bo‘lgan. Qizining ismi ham kutilmaganda tanlangan: o‘sha paytda mashhur xorvat xonandasi Zdenka Vuchkovichning “Kolinda” deb nomlangan qo‘shig‘i mashhur bo‘lgan davrlar edi.
Qizning shakllanishiga uni haqiqiy katolik va vatanparvar qilib tarbiyalagan bobosi va buvisining ta’siri katta bo‘ldi. Ular 1942-yilda italyan fashistlarining qishloqqa qilingan hujumidan omon qolgan: bobosi partizanlarga qo‘shilgan, ammo buvisi konslagerga tushib qolgan. Keyinchalik buvisi asirlikdan ozod bo‘lgach, antifashistlik yo‘lini tanlaydi.
Kolindaning otasi o‘g‘illi bo‘lishni orzu qilardi, shuning uchun ham qiz erkakshoda bo‘lib o‘sdi: u ovga chiqar, cho‘zma (rogatka)dan tosh otar, futbol o‘ynardi. Hozir ham bo‘sh vaqtida tirdan o‘q otishni yaxshi ko‘radi.
Maktabda Grabar-Kitarovich a’lochi o‘quvchi bo‘lib, tarix va chet tillarini yaxshi ko‘rardi, styuardessa yoki tarjimon bo‘lish orzusi edi. Bu vaqtga kelib u ingliz, ispan, portugal tillarini o‘zlashtirgan, nemis, italyan va fransuz tillarida esa oz-moz gapira olgan. Iqtidorli qishloq qizi shaharga kelganida, ko‘pchilik uning qishloqcha talaffuzidan kulishadi. Bunday talaffuzdan qutulish uchun u nutqi ustida juda ko‘p ishlaydi.
Maktabni tugatgan Kolinda ta’lim granti yutib oladi va tahsil olish uchun AQShga jo‘nab ketadi. Amerikadagi stipendiyasi yetmagani sababli u bo‘sh vaqtida kir yuvuvchi bo‘lib ishlaydi. Vataniga qaytib, universitetga kirganida uning qo‘lidan enagalik va ingliz tilidan repetitorlik qilish kelardi.
Ayol bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Yakov bilan 1989-yilda Zagreb universitetida o‘qiyotganida tanishgan. Yigit muhandislik, Kolinda esa xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. Turmush qurishgandan so‘ng avval qizi Katarina, keyin o‘g‘li Luka dunyoga keldi. Kolindaning siyosatga qiziqib qolishiga ham turmush o‘rtog‘i Yakov sababchi bo‘ldi. Hozirda uning eri biznesmen va universitet professori: mashhurlikka qiziqmagani sababli rafiqasining soyasida qolishni afzal ko‘radi.
Kolindaning siyosiy faoliyati 1992-yilda boshlangan. Dastlab Grabar-Kitarovich Fan va texnologiyalar vazirligining Xalqaro hamkorlik bo‘limi maslahatchisi, keyin esa Tashqi ishlar vazirligi maslahatchisi bo‘ldi. 2003-yilda u Yevropa integratsiyasi bo‘limiga rahbarlik qildi, ikki yildan so‘ng esa mamlakat tashqi ishlar vaziri bo‘ldi. 2008-yildan 2011-yilgacha u Xorvatiyaning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi lavozimida faoliyat yuritdi. Intervyularining birida esa “Men sigir sog‘a oladigan kam sonli diplomatlardan biriman”, deb hazillashgan ham.
Cho‘milish kiyimidagi prezident
Olti yil oldin internetda cho‘milish kiyimi kiygan jozibali mallasoch ayolning suratlari tarqaldi. Tashqi tomondan, u Xorvatiya prezidentiga juda o‘xshardi, ustiga ustak o‘sha paytda Kolinda oilasi bilan ta’tilda edi. Ko‘pchilik davlat rahbari, ayniqsa, qat’iy kiyinish uslubiga rioya qiladigan odam bunday ochiq-sochiq cho‘milish kiyimini kiymasligi kerakligi haqida yozishni boshladi. Keyinchalik bu Grabar-Kitarovich emas, balki Kolindaga juda o‘xshash bo‘lgan aktrisa Nikol Ostin ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ayni o‘sha vaqtda davlat rahbarining cho‘milish kiyimida bo‘lgan haqiqiy fotosuratlari tarqalib ketdi – bu yanada katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Kolindaning cho‘milish kiyimi sipo bo‘lsa-da, prezidentning qaddi-qomati ko‘pchilikni maftun qilib qo‘ydi.
Kolinda haqidagi feyk xabarlar internetda tez-tez paydo bo‘lib turadi. Bir safar esa ommaviy axborot vositalari u prezident samolyotini, shuningdek, hukumat amaldorlarini olib yuruvchi 35 ta Mercedes avtomobilini sotib yuborgani haqida ham yozgan. Unda aytilishicha, u tushgan pullarni davlat g‘aznasiga topshirgan, shuningdek, konsul va elchilar maoshlarini 60 foizga qisqartirgani ham aytib o‘tilgan. Keyinchalik bu haqiqat emasligi ma’lum bo‘ldi. Mamlakatda barcha hokimiyat faqat prezidentga emas, balki hukumatga tegishli, aslida Grabar-Kitarovichning bunday vakolatlari yo‘q.
Xalqning cheksiz mehriga qaramay, Kolinda prezidentlik kursisida uzoq vaqt qolmadi. 2019-yilning dekabr—2020-yilning yanvar oylarida Xorvatiyada bo‘lib o‘tgan yangi prezidentlik saylovlarida u Zoran Milanovichga yutqazdi. Ammo sportga bo‘lgan muhabbati Kolindaga shu yerda ham yordam berdi: u Xorvatiyaning Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidagi rasmiy vakili etib saylandi.
Mavzuga doir:
- Oq uydan keyingi hayot: prezidentlik muddatidan so‘ng AQShning sobiq birinchi xonimlari nima bilan shug‘ullanadi?
- Birinchi xonimlar amal qilishi shart bo‘lgan etiketlar: prezidentlarning rafiqalariga nima qilish mumkin-u, nimalar mumkin emas (foto va video)
- “Tetcher davri”— Buyuk Britaniyaning chuqur iqtisodiy tanglikdan chiqishi. Ayol irodasi ramziga aylangan “Temir xonim” — Margaret Tetcher haqida
- Fanga bo‘ron kabi kirib, ancha-muncha erkaklarning popugini pasaytirib qo‘ygan olima. Mariya Skladovskaya-Kyuri hayoti davomida amal qilgan 10 saboq
Izoh (0)