23-fevral – 1-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida 455 ta eng yaxshi tanlov va tenderlar o‘tkazilib, bitimlar amalga oshirildi. “Daryo” muxbiri hujjatlarni monitoring qilish davomida bir qator shubhali holatlarni aniqladi. Quyida eng e’tiborga molik savdolar haqida ma’lumot beradi.

Bellashuvmi, kelishuv?
Shu yilning 21-28-fevral kunlari Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasi autsorsing asosida bemorlarga parhez taom yetkazib berish bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 2,6 milliard so‘mlik uchta tender o‘tkazdi. Barcha tanlovda ikkita — “Ideal Autsorsing” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Saxovatli Temur” xususiy korxonasi ishtirok etgan.
Xarid komissiyasining yakuniy xulosasiga ko‘ra, “Ideal Autsorsing” MCHJ mutlaq g‘olib deb topilgan.
E’tiborli jihati, MCHJ 2022-2025-yillar davomida tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan 12 ta tanlov g‘olibi bo‘lgan. Shundan oltitasida yagona raqib sifatida - “Saxovatli Temur” xususiy korxonasi qatnashgan.
Asosiy faoliyati ko‘priklar va tunnellar qurishdan iborat korxonaning doimiy raqobatchi sifatida ishtirok etishi, taomnoma taqdim qilinishi va boshqa mezonlar bo‘yicha xarid komissiyasi tomonidan yuqori baholanishi shubhali, albatta.

“Yon qo‘shni — jon qo‘shni”
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “14-son rels payvandlash poyezdi” MCHJ MSR-6301A No34 rusumli statsionar rels payvandlash mashinasini modernizatsiya qilish (o‘rta ta’mirlash) va ehtiyot qismlarini yetkazib berish xizmati bo‘yicha tender o‘tkazgan. Boshlang‘ich qiymati 5,3 milliard so‘mlik tanlovda “Texnosvar”, “RTK MARKIN” va “Magnumtech” MCHJlar g‘oliblik uchun kurashgan. Yakunda “Texnosvar” korxonasi 4,6 milliard so‘m bilan tenderni yutib olgan.
E’tiborlisi, ikki ishtirokchi “Texnosvar” va “Magnumtech” MCHJlar Bektemir tumanining “Oltintopgan” mahallasi, Oltintopgan ko‘chasi, 2 va 2A-uylarda joylashgan.

Yana qo‘shnilar
Zarbdor tumani 2-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘tkazgan tenderni 1,044 milliard so‘mlik tender o‘tkazdi. Unda “Food Supply” va “Devers Stroy-DS” MCHJlar g‘oliblik uchun kurashgan. Yakunda birinchi ishtirokchi 1,042 milliard so‘mlik shartnoma summasi bilan tenderni yutib olgan.
G‘olib tadbirkorlik subyekti Zarbdor tumani, Bo‘ston shaharchasi, “Shodlik” mahallasi, Gulzor ko‘chasi, 1-uyda joylashgan.
Balki tasodifdir, ammo zaxira g‘olib ham aynan shu manzilda, faqat raqamsiz uyda joylashgan. Bundan tashqari, korxona yashash uchun mo‘ljallanmagan binolarni qurish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda qonun buzilish holati mavjud bo‘lishi mumkin.

Ishlamayotgan korxonani baholab bo‘ladimi?
“Dehqonobod kaliy zavodi” aksiyadorlik jamiyati 2025-yil ishlab chiqarish ehtiyoji uchun yuk avtotransport vositalarida yuk tashish uchun boshlang‘ich qiymati 32,4 milliard so‘mlik tender o‘tkazdi. Eng yaxshi taklifni tanlab olish bo‘yicha o‘tkazilgan savdo 2025-yilning 21-yanvaridan 11-fevraligacha davom etgan. Bayonnoma 28-fevral kuni rasmiylashtirilgan.
Eng past narx usuli tarzida o‘tkazilgan tenderda “Botir texnik” MCHJ tomonidan boshlang‘ich narxdan salkam 1,2 milliard so‘m, past narx – 30,8 milliard so‘m taklif qilingan va g‘olib bo‘lgan.
Qiziq jihati, xarid komissiyasi a’zolari tanlov ishtirokchilaridan biri - amalda faoliyat ko‘rsatmayotgan “Xorazm mirzo Bobur” MCHJ taqdim qilgan hujjatlarni baholagan.

“Eski do‘stla-a-a-r...”
Xorazm viloyati Gurlan tumani 43-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘tkazgan tenderlarda esa “Tayyorlov” va “Oriyent SNAB” MCHJlar raqobatlashgan. Boshlang‘ich qiymati 359 million so‘m bo‘lgan tanlovlarda “Tayyorlov” MCHJ g‘olib bo‘lgan. Endilikda mazkur korxona 8 oy davomida to‘rt mahal issiq oziq-ovqat bilan ta’minlashi zarur.
Ishtirokchilarning ma’lumotlarini ko‘zdan kechirish davomida ularning ta’sischilari o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlandi.
G‘olib “Tayyorlov” MCHJning ta’sischi va rahbari Rahimov Ulfat Akbarovich hisoblanadi. Zaxira g‘olibi “Oriyent SNAB” esa Xudoyberganov Zokirjon Hakimovichga tegishli. Xo‘sh, bularning qanday bog‘liqligi bor?
_page-0001-xKSEI0LG.jpg)
Birinchidan, ikkisi ham Shovot tumanida joylashgan. Ikkinchidan, Ulfat Rahimov va Zokirjon Xudoyberganov uzoq yillik hamkorlar bo‘lib, 2022-yilda tugatilgan “Ganja Urganch tayyorlov” MCHJning ta’sischilari hisoblanishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, tanlovda sobiq hamkorlar o‘zaro bellashgan.

G‘alabami, mag‘lubiyat?!
Beshariq tuman tibbiyot birlashmasi boshlang‘ich qiymati 305 million so‘mlik buyumlar yoki xonalarni sterilizatsiya qilish xizmati uchun tender o‘tkazdi. Unda yaqinda davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Osiyo darmon” MCHJ va ixtiyoriy tugatish jarayonida bo‘lgan “Yasin O” MCHJ bellashdi va yakunda “Osiyo Darmon” tenderni yutib oldi.
Xo‘sh, shunga nima bo‘pti, demoqchimisiz? Hamma gap shundaki, bu tanlovda g‘olib chiqqan ham, mag‘lub ham “Xoshimov Ravshanjon Aminjonovich” bo‘ladilar. Ya’ni, har ikki korxonaning yakka egasi — shu kishi. O‘z-o‘zini mag‘lub etib, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunni buzganlarga ham chora ko‘rilishiga ishonamiz.

4 kunlik “superkorxona”
Do‘stlik tuman obodonlashtirish boshqarmasi 17-25-fevral kunlari balon va akkumulyatorlar sotib olish bo‘yicha tender o‘tkazdi. Uning boshlang‘ich qiymati 108 million so‘mni tashkil etgan. G‘oliblik uchun “Smart biznes 222” hamda “Avto Service Office” MCHJ kurashgan.
Yakunda tashkil etilganiga 4 kun ham bo‘lmagan “Smart biznes 222” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilib, boshlang‘ich qiymat bahosida shartnoma tuzish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, ushbu korxona 26-fevral kuni Do‘stlik tuman Axborot kutubxona markazi hamda 1-mart kuni Obodonlashtirish boshqarmasi o‘tkazgan tenderlarda ham g‘olib deb topilgan.
_page-0001-EGOw03LY.jpg)
“Tuxumdan endi chiqqan” bu korxonaga qayerdan shuncha ishonch bildirilayotgani siz kabi bizni ham shubhalantirdi. Yana shunisi ham borki, rasmiylashtirilgan bayonnomalarda xarid komissiyasi a’zolari belgilangan talablarga zid ravishda, yangi tashkil etilgan MCHJga yaqqol yon bosganligiga guvoh bo‘ldik.
Mas’ullardan ushbu shubhali tenderlar natijalariga e’tibor qaratib, noqonuniy holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘raymiz.
Xaridlarni kuzatishda davom etamiz.
Izoh (0)