Xitoylik 34 yoshli Van Xun ismli matematik ayol bir asrlik murakkab masala — uch o‘lchamli fazodagi Kakeya gipotezasini isbotladi. South China Morning Post va ECNS axborot agentliklari xabar berishicha, matematiklar ushbu masala ustida yuz yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelmoqda.

Kakeya gipotezasi 1917-yilda yapon matematigi Soiti Kakeya tomonidan ishlab chiqilgan. U cheksiz ingichka igna aylanayotgan vaqtda qancha kenglikdagi maydonni qamrab olishi mumkinligiga qiziqqan. Bu gipoteza avval bir va ikki o‘lchamli fazoda isbotlangan, ammo uch o‘lchamli fazo gipotezasi bir asrdan ortiq vaqt davomida yechilmagan. Hozirda jahon ilmiy kengashi Vang Xun isbotlagan gipotezani rasman tekshirilishini kutmoqda. Agar bu tasdiqlansa, bu ayol zamonamizning eng kuchli matematiklaridan biriga aylanishi mumkin.
Matematik Vang Xong va Britaniya Kolumbiya universitetidan bo‘lgan hamkasbi Joshua Zal 127 sahifadan iborat ilmiy maqolada masala yechimini taqdim etdi. Kakeya gipotezasini isbotlash ma’lumotlarni vizuallashtirish, kriptografiya va simsiz aloqa texnologiyalarida dolzarb yutuqlarga erishish imkoniyatini beradi. Darhaqiqat, ularning mehnati 2006-yilda Filds mukofoti sovrindori bo‘lgan matematik Terens Tao tomonidan yuqori baholandi.
Van Xun Xitoyning Guylin shahrida tug‘ilgan va Pekin universitetini tamomlagan. 16 yoshida u Milliy kollejga kirish imtihonida 653 ball to‘plagan va keyinchalik matematika fakultetiga o‘tgan. O‘zining ilmiy faoliyatini Massachusets texnologiya institutida matematik Larri Gut rahbarligida davom ettirgan. 2023-yildan beri Van Xun Nyu-York universiteti qoshidagi Kurant matematika fanlari institutida dotsent bo‘lib ishlaydi.

Kakeya gipotezasining isboti Van Xunni Filds mukofoti uchun eng munosib nomzodlaridan biriga aylantiradi. Mukofot tarixida faqatgina ikki nafar xitoylik matematika sohasida e’tirof etilgan.
Ma’lumot uchun: Kakeya gipotezasi matematikada, ayniqsa geometriya, analiz va o‘lchamlar nazariyasi bilan bog‘liq qiziqarli masalalardan biri hisoblanadi.
Kakeya muammosi shunday savolni qo‘yadi:
Bir birlik uzunlikdagi igna yoki kesmani istalgan yo‘nalishda burish mumkin bo‘lgan eng kichik maydonning shakli qanday bo‘ladi?
Dastlab Kakeya bunday eng kichik soha doira bo‘lishi mumkin deb taxmin qilgan. Ammo keyinchalik Besikovich to‘plami deb ataluvchi maxsus fraktallarga o‘xshash shakllar orqali, bu maydon istalgancha kichik bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatildi, hatto nolga yaqinlashishi mumkin.

Izoh (1)
SubhanAlloh, qoyil , in shaa Alloh bizga ham nasib qilsin shunday ilmli boʻlish