O‘zbekiston AQSH bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, TIV 2025-yil yakuniga qadar AQSH bilan yangi davrdagi strategik sheriklik aloqalarini yanada chuqurlashtirish choralarini ko‘rishga mas’ul bo‘ladi.
Oliy darajadagi tashrifni tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida AQSH bilan kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining dastlabki raundini o‘tkazish, “C5+1” formati doirasida hamkorlikni faollashtirish, jumladan, vazirlar uchrashuvi, tegishli “ishchi guruhlar” yig‘ilishlari hamda ushbu format tashkil topganligining 10 yillik yubiley sammitini Samarqandda o‘tkazish masalalarini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bilan Parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xususan, Kongress yetakchi a’zolarining O‘zbekistonga tashriflarini amalga oshirish ham rejalashtirilgan.
Amerika qit’asi mamlakatlaridan salohiyatli investorlarni O‘zbekistonga jalb qilish, ular ishtirokida turli biznes-forumlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish orqali savdo-investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish, AQSH bilan xavfsizlik hamkorlik aloqalarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, AQSH hukumati tomonidan e’lon qilinadigan inson mezoniga oid turli hisobotlarda O‘zbekistonning yuqori o‘rnini saqlab qolish bo‘yicha yaqin hamkorlik aloqalarini davom ettirish reja qilingan.
Ushbu davlat bilan ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit va boshqa sohalarda aloqalarni kengaytirish, xususan, universitetlararo hamkorlik, ingliz tilini o‘qitish, fan va ekologiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston—AQSH munosabatlari
AQSH O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 25-dekabrda tan olgan. 1992-yil martda esa Toshkentda AQSH elchixonasi ochilgan. 2002-yil martida Vashingtonda tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston va AQSH prezidentlari Strategik hamkorlik haqida deklaratsiyani imzolagan.
2018-yil 15—17-may kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQSHga birinchi rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi davri boshlangani haqida qo‘shma bayonot qabul qilindi.
2020-yil oktyabrida “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik to‘g‘risida AQSH—O‘zbekiston qo‘shma bayonoti” qabul qilingandi. Unda Qo‘shma Shtatlar uchun O‘zbekistonning xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqishda O‘zbekiston xalqi bilan yonma-yon ishlash katta sharaf ekani aytilgandi. Bayonotning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi sheriklikda yana bir ijobiy qadam deya qayd etilgandi.
AQSH O‘zbekistonning eng yirik 10 ta savdo hamkoridan biridir. O‘zbekiston-AQSH savdo hajmi 2024-yilda 773,3 million dollarga yetdi. So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti 2023-yil 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan. 2025-yilda ishtirokchi mamlakatlar “C5+1” formati doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning o‘n yilligini nishonlaydi.
Izoh (0)