Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu majmua tarixda ilgari bo‘lmagan ulkan va noyob loyihadir. Bugungi kunda muhtasham bino qad rostlab, qurilish yakuniy bosqichga kirgan.
Ushbu markaz prezidentning 2017-yil 23-iyundagi qaroriga binoan boshlanib, 2018-yilgi Ramazon hayiti kuni davlat rahbari uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygan edi.
Bag‘oyat ulug‘vor markaz binosi uch qavatni tashkil etib, qadimgi meʼmoriy obidalarimiz shaklida bunyod etilmoqda. Milliy gumbaz va peshtoqlar, naqshlarning ajoyib uyg‘unligi unga alohida ko‘rk va salobat bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qurʼoni karim zali bunyod etilmoqda. Bu yerda musulmon dunyosining maʼnaviy durdonasi – qadimiy Usmon Musʼhafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qurʼonlardan namunalar ham o‘rin oladi.
“Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼlum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning taʼsiri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak. Bu dargoh nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi bo‘lishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi. Prezident ularning ilmiy konsepsiyasi, yaratilgan sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida maʼlumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom maʼrifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.
Ayni vaqtda majmuada Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin kabi tariximizda chuqur iz qoldirgan mashhur ayollarning ilm-maʼrifat homiysi sifatidagi faoliyati ham o‘z ifodasini topgan. Bu ekspozitsiya bugungi qizlar uchun ibrat namunasi bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtaldi.
“Islom sivilizatsiyasining, islom taʼlimotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, taʼlim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi”, – dedi prezident.
Ana shu vazifadan kelib chiqqan holda, markazda ulug‘ ajdodlarimiz merosini chuqur tadqiq qilish, uni bugungi kunning o‘tkir muammolariga javob bera oladigan hayotbaxsh kuchga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Buning uchun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi va boshqa xalqaro ilmiy-maʼrifiy tashkilotlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, birgalikda zamonaviy tahdidlarga munosib ilmiy javoblar topish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish kerak.
“Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning meʼmoriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-maʼnaviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani eʼtiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz – milliy o‘zligimizni anglash va anglatish”, – dedi davlat rahbari.
Markaz tomonidan bir qator xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi. 2024-yil avgustda Toshkent va Samarqand shaharlarida “Buyuk ajdodlar merosi – Uchinchi Renessans asosi” mavzusidagi VIII xalqaro kongress o‘tkazildi. Unda 35 ta davlatdan 200 ga yaqin xorijiy olimlar qatnashib, markaz bo‘yicha qimmatli taklif va tavsiyalar bildirdi.
Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.
Davlat rahbari shu yerda Toshkentning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bilan ham tanishdi.
Bunday loyihalar ko‘p joylarda boshlangan. Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot tumanlarida 7/24 tartibida ishlaydigan o‘nlab sayyohlik manzillari tashkil etilgan.
Toshkentning eski shahar hududi o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega. Bu yerga yilning barcha mavsumida xorijiy sayyohlar ko‘p keladi. Shu bois hudud turizm xizmatlariga ixtisoslashtirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Chorsu bozori yonidagi Gulbozor mahallasida shunday ko‘cha tashkil etilgandi. Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i ham obodonlashtirilmoqda.
Endi bularga uyg‘un ravishda gastronomik va turizm ko‘chalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 17 ta ko‘cha va 32 ta berk ko‘cha tanlab olingan. Ularda Eski shaharning o‘ziga xos meʼmoriy qiyofasini saqlab qolgan holda, qo‘shimcha infratuzilmalar yaratiladi.
Buning natijasida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar soni 250 taga ko‘payadi, 1 ming 500 ta ish o‘rni ochiladi. Muhimi, kunlik sayyohlar soni hozirgi 4 mingtadan 11 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda.
Mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni ko‘paytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Foto
Islom sivilizatsiyasi markazi haqida
Shavkat Mirziyoyev 2017-yil aprelida Toshkent shahrining Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida Imom Termiziy jome’ masjidini rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriq bergan va Hazrati Imom (Xastimom) majmuasida Islom madaniyati markazini tashkil etish taklifini bildirgandi. O‘sha yilning iyunida Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Sentyabrda ushbu mazkur markaz qurilish loyihasi bilan tanishdi. Tashrif davomida markaz qurilishiga Alisher Usmonov ko‘mak berayotganini aytdi.
2018-yil 15-iyun, Ramazon hayiti kuni Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshini qo‘ydi. 2022-yil aprelida prezident qurilishi davom etayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini yana borib ko‘rdi.
Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalar shaklida barpo etilgan. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi. Ikkinchi qavat majmuaning asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta bo‘limdan tashkil topadi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mus'hafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Hastimom majmuasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Xalqaro islom akademiyasi bilan yonma-yon qurilib, yaxlit kompleks hosil qiladi.
Markaz qurilishi yetti yildan beri davom etmoqda. Rejaga asosan, jarayon 2023-yilda yakunlanishi kerak edi. Biroq pandemiya sabab mahsulotlar yetkazib berish va qurilish ishlari kechikkan.
Izoh (0)