Tojikistonda 13-aprel kuni yuz bergan zilzilalar oqibatida uch yoshli bola halok bo‘ldi. Qo‘shni respublikada uchta yer silkinishlari qayd etildi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar va mudofaa qo‘mitasiga tayanib, “Sputnik Tojikiston” xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Rasht tumanida uch yoshli bolani devor bosib qolgan, oqibatda u halok bo‘lgan. Zilzila 13-aprel kuni soat 9:24 da sodir bo‘lgan. Uning episentri Rashtdan 21 kilometr shimolda, Dushanbedan 160 kilometr shimoli-sharqda kuzatilgan. Zilzila kuchi Rasht tumanida 5—6 ballni, Dushanbeda esa 3 ball atrofida bo‘lgan.
Shundan so‘ng 4 va 3 magnitudali ikkita yer silkinishlari qayd etilgan. Tabiiy ofat oqibatida 29 ta turar joy binosi va bitta maktabga zarar yetgan. Shundan 17 ta uy va maktab Rasht tumanida, yana 12 ta uy Tojikobodda joylashgan. Zilzila sodir bo‘lgan hududda zararni baholash uchun Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi komissiyasi ishlamoqda.

Tojikistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi qo‘shni O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlariga ham sezilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida 3 ball, Namangan, Sirdaryo, Andijon viloyatlarida 2—3 ball, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida 2 ballni tashkil etgan. Qozog‘istonda esa yer silkinishlari uch ballni tashkil etgan.
Izoh (0)