Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumanining 23-maktab 10-sinf o‘quvchisi 31-mart kuni otasiga tegishli bo‘lgan Cobalt’ni uydan haydab chiqqan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.

Bola mashinani haydab ketayotgan vaqtda yo‘lni kesib o‘tayotgan 4-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Hodisa oqibatida bola shifoxonada vafot etgan.
“Rossiyada edim, 31-mart kuni shu xabarni eshitdim. Tez chipta olib, ortga qaytib keldim. Uyda ayasi ham bo‘lmagan. Rossiyadaligimda telefonda gaplashsam ham, Telegram’da gaplashsam ham teginma deb aytar edim. Aybdorman, o‘zim ham bilmay qoldim. Birinchi o‘rinda meni kechirishsin”, deydi 10-sinf bolaning otasi.
O‘quvchining o‘zi esa uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, mashinani “qizdiraman” deb ko‘chaga haydab chiqqanini aytgan.
“Uzoqdan u bolani ko‘rdim. U endi o‘tmoqchi edi, onasi ushlab qoldi. Men bir to‘xtadim, keyin yana gazni bosdim, unga yetishga 5 metr qolganda yugurib o‘tib qoldi”, deydi bolaning o‘zi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266 moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
2024-yil noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)