Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin 23-aprel kuni Pekinda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan o‘tkazilgan muzokaralarda savdo urushlarining jahon iqtisodiyoti uchun tobora xavfli bo‘lib borayotganini bildirdi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar bermoqda.

Si Szinpin Ilhom Aliyev bilan muzokaralar davomida Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) asosidagi xalqaro tizimni va xalqaro huquqqa asoslangan xalqaro tartibni hamda tegishli qonuniy huquq va manfaatlarni qat’iy himoya qilish, xalqaro xolislik va adolatni ta’minlash uchun Ozarbayjon bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Xitoy rahbarining fikricha, proteksionizm choralari va tarif mojarolari nafaqat ko‘p tomonlama savdo tizimi asoslariga putur yetkazadi, balki global iqtisodiy tartibni ham izdan chiqaradi.
“Tarif va savdo urushlari barcha mamlakatlarning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazadi, ko‘p tomonlama savdo tizimini izdan chiqaradi hamda jahon iqtisodiy tartibotini beqarorlashtiradi”, deya ta’kidlagan Xitoy rahbari.
Ta’kidlanishicha, bunday tendensiyalar rivojlanish darajasi va geosiyosiy ta’siridan qat’i nazar, deyarli barcha davlatlarning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazadi.
Si Szinpin o‘z nutqida savdo cheklovlarini joriy etish va tarif urushlarini boshlash erkin va adolatli savdo tamoyillariga zid ekanligini alohida ta’kidlagan.
Tramp savdo urushi
Aprel oyi boshida AQSH prezidenti Donald Tramp 185 mamlakat uchun import bojlarining yangi tizimini joriy etgandi. Dunyo mamlakatlari rahbarlari Trampning qarorini qoralab, javob choralarini ko‘rish bilan tahdid qilishdi. Xitoy bilan savdoda yirik defitsit mavjudligi bois AQSH bu mamlakat uchun tariflarni ancha yuqori darajaga ko‘tarib, 34 foizga yetkazdi.
Bunga javoban Pekin ham shuncha miqdorda Amerika tovarlariga bojlar soldi. Shundan so‘ng Tramp agar Pekin javob choralaridan voz kechmasa, bojlarni 50 foizgacha oshirish bilan tahdid qildi. Shu sababli bojlar 104 foizga oshdi.
Natijada Xitoy Amerika mahsulotlari uchun bojlarni 84 foizga oshirishini e’lon qildi. Mazkur e’lon ortidan Tramp Pekin uchun tariflar 125 foizga chiqishini aytdi, keyinchalik buni 145 foizga oshirdi. Xitoy mazkur tariflarga javoban stavkani 125 foizga ko‘tardi.
Xitoy AQSHni “o‘zaro bojlar”ni bekor qilishga va o‘zining noto‘g‘ri amaliyotini tuzatishga chaqirdi. XXR raisi Si Szinpin hech bir davlat “boj urushi”dan yutmasligini qayd etdi.
22-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Xitoyga qaratilgan savdo urushida yangi burilish qilmoqchi. O’rnatilgan yuqori bojlar sezilarli darajada pasayadi, ammo nolga teng bo‘lmasligini bildirdi.
Izoh (0)