15—16-noyabr kunlari AQSH prezidenti Jo Bayden va Xitoy raisi Si Szinpin o‘zaro ko‘rishib, muzokaralar olib bordi. Butun dunyo bu uchrashuvga diqqatini qaratgan bo‘lsa, ajab emas. Xo‘sh, AQSH va Xitoy nimalarga kelishib oldi?
“Daryo” ushbu mavzuda siyosatshunos Oybek Sirojov va iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul bilan suhbatlashdi.
– Dunyoning ikki yetakchisi jahonda geosiyosiy vaziyat o‘ta bir taranglashgan vaqtda uchrashdi. AQSH va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi hozirgi vaqtda qanchalik muhim edi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Bir so‘z bilan aytganda, bu uchrashuv juda muhim edi. Uchrashuvning muhimlik masalasiga 3 tomondan qarash mumkin. Birinchidan, AQSH uchun bu uchrashuv kerak edi. Chunki AQSH Xitoy bilan birga Yaqin Sharqda kechayotgan notinchlikning kengayib ketishining oldini olishi va kerak bo‘lsa bartaraf etishi mumkin. Bundan tashqari, Amerikada prezidentlik saylovi yaqin. Albatta, Yaqin Sharqdagi vaziyatning chigallashib ketishi demokratlar partiyasining manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Ikkinchidan, Xitoyda iqtisodiy o‘sish suratlari sekinlashdi. Tabiiyki, bunday pallada Xitoy uchun AQSH bilan sovuqlashgan munosabatlarini muvozanatga keltirib olish zarur. Xitoy ham Yaqin Sharqdagi vaziyatni chigallashib ketishidan manfaatdor emas. Sababi, Xitoyga keladigan energiya resurslarining deyarli yarmi Yaqin Sharq orqali keladi. Uchinchidan, O‘zbekiston manfaati nuqtayi nazaridan ham bu uchrashuv muhim ahamiyat kasb etadi.
2022-yilda AQSH hukumati vakili Nensi Pelosi Tayvanga kelganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar juda sovuqlashib, ko‘plab hamkorlik sohalari muzlatib qo‘yilgan edi. Jumladan, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi harbiy hamkorlik masalalari to‘xtatilgan. Bugungi kunda dunyoda ko‘plab mojarolar kechayotgan bir vaqtda AQSH va Xitoy rahbarlarining o‘zaro uchrashuvi muhim.
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– Haqiqatan ham, so‘nggi vaqtlarda AQSH va Xitoy munosabatlari biroz sovuqlashgan. Xususan, Nensi Pelosining Tayvanga borishi taranglikni kuchaytirgandi. Buning ustiga AQSH prezidenti Jo Bayden Xitoy rahbarini diktator deb atagandi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti kecha ham shu gapni takrorladi. Lekin shunga qaramasdan Jo Bayden va Si Szinpin o‘rtasidagi uchrashuv dunyodagi taranglashuvni ancha yumshatdi. Ikki davlat rahbari o‘rtasida bo‘lgan uchrashuvda oxirgi yillarda hech ham murosasizlik masalalarida kelishuv yuz berdi.
– Keyingi bermoqchi bo‘lgan savolim ham shu haqida edi. AQSH va Xitoy rahbarlari nimalarga kelishib oldi?
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– Bu masalada ko‘pchilik siyosatshunoslar ikki davlat rahbari asosan Rossiya—Ukraina urushi va Yaqin Sharqdagi masalani muhokama qilgan, deb aytmoqda. Lekin dunyoning ikki yetakchisi o‘rtasida olib borilgan muloqotda asosiy masala – AQSH va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar. Yana bir muhim muhokama qilingan masala bor. Bu – Tayvan masalasi. Chunki Nensi Pelosining Tayvanga borganidan so‘ng AQSH Tayvanga juda ko‘p qurol bergan edi. Bundan tashqari, Xitoy ham Tayvan atrofida bir necha marta katta harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bir so‘z bilan aytganda, ikki davlat o‘rtasida zo‘riqish va kuchlanish avj olayotgan edi. Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Xitoy rahbari Tayvan masalasi tinchlik yo‘li bilan hal qilinishini bildirdi. Bu bilan AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik go‘yo yechilgandek ko‘rinmoqda.
Aslida AQSH ham Tayvanni Xitoyning bir qismi sifatida ko‘radi. Lekin AQSH Tayvan masalasi kuch ishlatish yo‘li bilan hal etilishiga qarshi. Biroq kechagi uchrashuvda Xitoy rahbari Tayvanni kuch ishlatmasdan Xitoy tarkibiga qo‘shib olish majburiyatini oldi. Bu bilan AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik biroz ortga chekinganday ko‘rinmoqda.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– O‘tkazilgan press-konferensiyada AQSH prezidenti Jo Bayden “diplomatiyada hech bir narsa, yuzma-yuz uchrashuvga teng kelmaydi” deb aytdi va Xitoy rahbarini uzoq yillardan beri tanishini taʼkidladi. Uchrashuvda Tayvan masalasi ham ko‘tarildi. Xitoy rahbari “biz Tayvanni zaruriyat bo‘lganda kuch ishlatishni o‘z vakolatimizda qoldiramiz” deb aytdi. Lekin muhim jihati Xitoy ham Tayvan masalasini kuch ishlatish bilan emas, balki diplomatik yo‘l bilan hal qilish masalasiga eʼtibor qaratmoqda. Juda ko‘pchilik Tayvan masalasida AQSH va Xitoy rahbarlari juda qattiq bir bayonotlar beradi deb kutgan edi. Lekin unday narsa bo‘lmadi. Menimcha, yaqin orada bu hududda harbiy harakatlarni amalga oshirmaslik kafolati berildi.
– Shunda Tayvan masalasi to‘liq hal qilindimi?
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Yo‘q, biroz yumshatildi. Sababi AQSH bir vaqtni o‘zida 3 ta frontda kurash olib bora olmaydi. Bir narsani taʼkidlab o‘tishim kerakki, Xitoy tashqi siyosati mojaroni kuch yo‘li bilan emas, balki diplomatik yo‘l bilan hal qilishga eʼtibor qaratmoqda. Menimcha, bu juda to‘g‘ri yo‘l.
Shuningdek, Si Szinpin uchrashuv vaqtida AQSH va Xitoy munosabatlarining tarixiga ham to‘xtalib o‘tib, Ikkinchi jahon urushi (1939—1945) vaqtida ikki davlat Yaponiyaga qarshi kurashganini esga oldi. Yana bir eng muhim masala, Xitoy rahbari dunyo ikki davlatning rivojlanishi uchun yetarli ekanini va AQSH hamda Xitoy o‘rtasidagi mojaro ikki tomon uchun juda katta zarar keltirishini aytdi.
AQSH va Xitoy rahbarlari o‘zaro 4 soat davomida suhbatlashdi. Bu shundan dalolat beradi-ki, ikki tomon bir-birini eshitishga tayyor, shu bilan bir qatorda ular o‘rtasida kelishmovchilik ham mavjud. Buni AQSH prezidenti Jo Bayden ochiq gapirdi. Ikki yirik davlat o‘rtasida mojaro vujudga kelishidan hech kim yutmaydi!
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– AQSH prezidenti “endi biz boshqariladigan raqobatga o‘tamiz”, dedi. Bu raqobat iqtisodiy maʼnoda. Yaʼni Bayden AQSH va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilikni musobaqaga qiyosladi.
– AQSH va Xitoy bir-biriga iqtisodiy jihatdan qay darajada bog‘liq?
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi, dunyodagi eng katta savdo aylanma hisoblanadi. Hisob kitoblarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanma 700-800 milliard dollarga yaqin hisoblanadi. Umuman, Xitoy iqtisodi AQSH iqtisodiga qanchalik bog‘langan bo‘lsa, AQSH iqtisodi ham shu darajada Xitoyga bog‘langan. Men bularni “egizak iqtisodlar” deb atayman. Chunki ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy integratsiya juda kuchli. Bugungi kunda AQSHda sotilayotgan 10 mahsulotning kamida 8 tasi Xitoyda ishlab chiqariladi. Albatta, bunday katta savdo hamkorlar bir-biri bilan urishib qolishi aslida bemaʼnilik. AQSH va Xitoy kelishuv yuz berishi kerak edi. Chunki Xitoy iqtisodining o‘sish surʼatlarining pasaygani, uni AQSH oldida so‘rovchi rolida ko‘rsatdi.
Xitoy uchun juda og‘riqli bo‘lgan masalalar bor. Masalan, mikrochiplar. So‘nggi vaqtlarda Xitoyda elektrotexnika ishlab chiqarishda mikrochiplar yetishmasligi kuzatilmoqda. Chunki Donald Tramp prezidentlik davri (2017—2021)da Xitoyga qarshi qo‘yilgan sanksiyalar bor. Buning natijasida mikrochip ishlab chiqaradigan davlatlar Xitoyga mahsulot sotmay qo‘ygan edi. Oqibatda Xitoy sanoatida muammolar yuzaga kelmoqda. Aslida Xitoy elektronika sohasi G‘arb texnologiyalari evaziga rivojlangan. Shu sababdan ham kechagi uchrashuvda Xitoy AQSHdan savdo cheklovlarini olib tashlashni so‘radi.
Chunki u Tayvan masalasi bilan chalg‘ib ketdi. Den Syaopin Tayvan masalasini kuch yo‘li bilan hal qilishimiz kerak deb aytmagan. Bundan tashqari,
Konfutsiyning bir gapi bor: “Dushmaningni yengmoqchi bo‘lsang, daryo bo‘yida uzoq o‘tir. Shunda dushmaningni jasadi oldingdan oqib o‘tadi”. Mana shu donolik so‘nggi vaqtlarda Xitoy rahbarining esidan chiqib qolgan edi. Bir yarim yil oldin Xitoy rahbari Si Szinpin 2027-yilgacha urushga tayyorgarlik ko‘rishga buyuriq bergan edi. Bugungi kunda bu gaplar yo‘q.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Men bir narsaga alohida urg‘u bermoqchiman. Nensi Pelosi Tayvanga kelgan vaqtda juda ko‘p provokatsiyalar amalga oshirildi. Lekin Xitoy o‘ziga yarasha bosiqlikni namoyon qildi. Kechagi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham Xitoy o‘ziga xos Sharqona bosiqlikni ko‘rsatdi. Yaʼni Xitoy Rossiya va Isroilga o‘xshab qurol kuchiga tayanmayapti.
Xitoy 2049-yilga borib nafaqat iqtisodiy, balki harbiy jihatdan ham dunyoning eng kuchli davlati bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Buni amalga oshirish uchun dunyoning eng qudratli davlati bilan hamkorlik qilishi zarur. Shuningdek, AQSH bugungi kunda bir qutbli dunyoni shakllantirishga urg‘u berayotgan bo‘lsa, Xitoy ikki qutbli dunyoni shakllantirishga harakat qilmoqda.
– AQSH va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi uchrashuv yakuniga yetgach, Qo‘shma Shtatlar prezidenti Jo Bayden Si Szinpinni diktator deb atadi. Buni qanday izohlash mumkin?
Shuhrat Rasul, iqtisodiy tahlilchi:
– Buni hech narsa deb izohlab bo‘lmaydi. Sababi, Bayden bu so‘zni birinchi marta aytayotgani yo‘q. Bayden Putinni qotil deb ham atagan edi. Bu gaplarni kim aytmoqda? Albatta, AQSH prezidenti! Jo Bayden bu gaplarni gapirishni o‘ziga ep ko‘ra oladi. Boshqa dunyo liderlari bunday gaplarni gapira olmaydi. Bayden 1978-yildan beri katta siyosatda. Shuning uchun bu gaplarni biz izohlamasak ham bo‘ladi.
Oybek Sirojov, siyosatshunos:
– Haqiqatan ham juda qiziq bir holat yuz berdi. Diplomatik nuqtayi nazardan, bu juda katta xato. Jo Bayden bu so‘zni birinchi bor aytganda, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi sovuqlik ancha kuchayib ketgan edi. Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQSH prezidentining bu so‘zlarini haqorat deb baholadi.
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ham bekorga prezident Jo Baydenning oldida o‘tirgani yo‘q, Yaʼni davlat rahbari bir xatoga yo‘l qo‘ysa, Blinken uni to‘g‘rilashga tayyor edi. Chunki bunday haqoratli gaplarni aytilishi, mamlakatlar o‘rtasidagi sovuqlikka sabab bo‘ladi. Lekin bu bilan Xitoy va AQSH munosabatlari yana sovuqlashib ketadi deb bo‘lmaydi.
Sardor Ali suhbatlashdi
Izoh (0)