Xitoy kompaniyalari “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusi doirasida mamlakatlar bilan tuzgan yangi investitsion va qurilish shartnomalari hajmi rekord darajaga yetdi. Bu haqda Avstraliyaning Griffith universiteti hamda Xitoyning Yashil moliya va rivojlanish markazi tadqiqotiga tayanib, Financial Times xabar berdi.

Ekspertlarga ko‘ra, “Bir kamar — bir yo‘l” doirasidagi bitimlar va investitsiyalarning umumiy qiymati allaqachon 1,3 trillion dollardan oshgan. Ushbu summaga qurilish sohasidagi 775 milliard dollarlik shartnomalar va 533 milliard dollarlik nomoliyaviy investitsiyalar kiradi. 2025-yilning dastlabki olti oyida bu loyihaga 124 milliard dollar investitsiya kiritilgan, jami 176 ta bitim imzolangan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda jami 122 milliard dollar investitsiya jalb qilingan edi.
Qozog‘iston 2025-yilda hamkorlar orasida eng ko‘p sarmoya — 23 milliard dollarni qabul qildi. Hududlar bo‘yicha investitsiya va qurilish shartnomalarining umumiy qiymati Afrikada (39 milliard dollar) va Markaziy Osiyoda (25 milliard dollar) eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi.
Xitoyning “Bir kamar — bir yo‘l” tashabbusi logistika, infratuzilma va savdoni rivojlantirish strategiyasidir. Uni 2013-yil sentyabr oyida Xitoy rahbari Si Szinpin taqdim etgan edi. Tashabbusga 150 dan ortiq mamlakat, jumladan, O‘zbekiston ham qo‘shilgan. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2018—2023-yillarda Xitoyning xorijdagi aktivlari 50 foizdan ko‘proqqa oshgan. Solishtirish uchun, AQSHda bu o‘sish atigi 21 foizni tashkil etgan.
Izoh (0)