Koreys seriallari va filmlari butun dunyoni zabt etishda davom etmoqda, koreys aktyorlari va aktrisalari ham tobora mashhurlikka erishmoqda. Biroq tomoshabinlarning aksariyati yulduzlar hayotining tafsilotlariga chuqur kirmaydi. Aslida ko‘plab koreys san’atkorlarining hayoti qiziqarli voqealarga boy.
Futbolchi, tansoqchi va shahzoda
Koreyalik aktyor Shin Seun Ho “Ruhlar muhabbati” dramasida valiahd shahzoda Go Von va “Kuchsiz qahramon”da o‘smirlar to‘dasining a’zosi Jung Sok De kabi yorqin rollari bilan tomoshabinlar e’tiborini eng ko‘p jalb etdi. Biroq bolaligida u aktyorlik karyerasini orzu qilmagan, balki 10 yoshidan futbol bilan shug‘ullangan. U 11 yil davomida mashg‘ulotlarni davom ettirgan, ammo 2016-yilda tizzasidan jarohat olgani tufayli Shin Seung Ho futboldagi faoliyatini yakunlashga qaror qiladi.
Bo‘lajak aktyor baland bo‘yi va yorqin tashqi ko‘rinishi tufayli modellik qila boshlaydi va bir nechta yirik moda namoyishlarida ishtirok etadi. Bundan tashqari, u K-pop yulduzlari ishtirokidagi tadbirlarda tansoqchi bo‘lib ishlaydi. 2018-yilda Seung Ho aktyor sifatida debyut qilib, 2021-yilda Red Velvet guruhi a’zolaridan biri Ayrin bosh rolni ijro etgan “Ikki qavatli burger” filmida bosh qahramon rolini o‘ynaydi.
Osmondan yerga tushgan
33 yoshli koreyalik aktrisa Pxyo Yen Jin 2012-yilda debyut qilgan va ko‘plab loyihalarda suratga tushgan. U asosan ikkinchi darajali rollarni ijro etgan, ammo 2021-yilda u juda mashhur bo‘lgan “Taksichi” dramasidagi roli bilan mashhur bo‘lgan. Shundan so‘ng “Kunduzgi oy”, “Yoshligimiz” va “Zolushka bo‘lishni orzu qilaman” dramalarida bosh rollarni ijro etadi.
Aktrisalik faoliyatini boshlashdan biroz oldin Pxyo Ye Jin styuardessa bo‘lib ishlagan. O‘sha paytda u 19 yoshda bo‘lgan va Koreyaning eng yirik Korean Air aviakompaniyasida eng yosh styuardessaga aylangan. Pxyo Ye Jin ikki yil styuardessa bo’lib ishlagach, aktrisa bo‘lishga qaror qiladi va “osmondan yerga tushadi”.
Haqiqiy kitobxon
43 yoshli mashhur koreys aktyori Li Don Uk 1999-yilda “2-maktab” nomli o‘smirlar dramasida ilk bor rol o‘ynagan. O‘shandan buyon u koreys kinematografiyasining eng yorqin yulduzlaridan biriga aylandi. U shuningdek, “Iblis” filmida ajal farishtasi — to‘qqiz dumli tulki, “Qotillar do‘koni”da do‘kon egasi, “Do‘zaxdan kelgan begonalar”dagi ruhiy kasal va “Ajralish sug‘urtasi”da asoschi rollarini ijro etgan.
Mashhur aktyor manxva muxlisi hisoblanadi. Manxva — Janubiy Koreya komikslaridir. Uning aytishicha, bolaligidanoq o‘qishni juda yaxshi ko‘rgan, biroq oilasining moliyaviy ahvoli bunga to‘sqinlik qilgan. Hozirgi kunda Li Don Ukning puldan hech qanday muammosi yo‘q, shu bois u istagancha manxva sotib oladi. Natijada uning kolleksiyasi 200 nusxadan oshib ketdi. Aktyor aynan komikslar tufayli kinoindustriyaga qiziqish uyg‘onganini aytadi, chunki ularda rejissyor bo‘lish orzusi paydo bo‘lgan.
Jangovar cho‘qintirish va direktorlik kursi
42 yoshli koreyalik aktyor Son Sok Ku “Mening ozodlik kundaligim”, “Qotil paradoksi”, “Kazino” dramalari va “Hech narsa” filmi bilan mashhurdir. Intervyularning birida aktyor bolaligida juda uyatchan bo‘lgani sababli do‘stlari bo‘lmaganini aytib o‘tadi. O‘ziga ishonchni oshirish maqsadida Son Sok Ku avvaliga Chikago san’at instituti maktabida ta’lim olishga qaror qiladi. 2005-yilda esa harbiy xizmatni o‘tayotgan paytda o‘z ixtiyori bilan “Zaytun” diviziyasiga a’zo bo‘ladi. Bu diviziya Koreya Respublikasi armiyasining urush girdobida qolgan Iroqda tinchlikparvarlik va tiklash ishlarini amalga oshirgan qo‘shin kontingenti edi.
Bundan tashqari, Son Sok Ku yirik kompaniyani boshqarishda tajribaga ega edi. U otasining mexanik detallar ishlab chiqaruvchi korxonasini meros qilib oladi va uning bosh ijrochi direktori bo‘ladi. Biroq keyinchalik aktyorlik faoliyatiga ko‘proq e’tibor qaratishga qaror qiladi.
Izoh (0)