O‘zbekistonda Work and travel dasturlarida ishtirok etuvchi talabalar uchun ssuda ajratiladi.

Hukumatning 2-maydagi qaroriga ko‘ra, Work and travel xalqaro dasturlari doirasida ishlash va sayohat qilish uchun xorijiy davlatlarga borish va kelish hamda boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida talaba yoshlarga ssuda ajratish tartibi 2025-yil 15-maydan joriy etiladi.
Mazkur davlatlarga Yevropa Ittifoqi davlatlari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya kiritilgan.
Har yili 2 000 nafargacha talaba yoshlarga BHMning 40 baravari miqdorida ssuda ajratiladi. Ssuda ajratish haqidagi arizalar davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.
Ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
- xorijiy davlatdagi ish beruvchi bilan ariza beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi;
- ariza beruvchi tomonidan ssuda qaytarilmaganda, ushbu mablag‘larni qaytarish majburiyatini o‘z zimmasiga oluvchi kafil jismoniy shaxsning so‘nggi 12 oylik ish haqi to‘g‘risida ma’lumot va qarz shartnomasi bo‘yicha kafil bo‘lishga rozilik arizasi — agar mavjud bo‘lsa;
Talaba ajratilgan ssudani xorijiy davlatdan kelganidan so‘ng 1 oy muddatda qaytarish majburiyatini oladi.
1 kalendar yil davomida 2 000 nafar ariza beruvchiga ssuda ajratish ma’qullangandan so‘ng ariza qabul qilish to‘xtatiladi. Ssuda ajratilgunga qadar, biroq ketma-ketligi bo‘yicha ssuda ajratilgan ariza beruvchilardan keyin ariza topshirgan shaxslar keyingi yil uchun ro‘yxatga qo‘yilmaydi hamda kelgusi yilda qaytadan murojaat qiladi.
Ssuda bu — qaytarish sharti bilan ajratiladigan foizsiz qarz.
Shavkat Mirziyoyev talabalarning ishlab, daromad topishiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazganida ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam berib, ularning bandligini ta’minlash shartligini aytgandi.
Izoh (0)