Markaziy Osiyo davlatlarining asosiy muhofaza qilinadigan hududlarini o‘z ichiga olgan G‘arbiy Tyan-shan tabiiy majmuasi GES qurilishlari tufayli xavf ostida qolmoqda. “Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi mazkur masala bo‘yicha hisobot e’lon qildi.

G‘arbiy Tyan-shan kompleksi 2016-yilda YUNESKO tomonidan Butunjahon merosi obyekti sifatida tan olingan. Hozirda u va unga tutash hududlarning ekologik yaxlitligi uchun ahamiyatli daryolarda kamida beshta to‘g‘on qurilgan. Bundan tashqari 15 tadan 40 tagacha yangi GES to‘g‘onlari rejalashtirishdan qurilishgacha bo‘lgan bosqichda turibdi.
Chotqol, Pskem, Ugam, Ko‘ksuv, Oqsuv, Arys, Sayramsuv kabi daryolar 5 yil oldingi holatiga nisbatan sezilarli bosim ostida qolmoqda. Butunjahon merosi obyekti hududida bevosita amalga oshirilayotgan yoki unga ta’sir ko‘rsatayotgan loyihalar alohida xavotir uyg‘otmoqda.
- Qirg‘izistonda G‘arbiy Tyan-shan yuragi — Besh Orol qo‘riqxonasi ichida Chotqol GESini qurish rejalari ilgari surilmoqda. Daryo bo‘yida olib borilayotgan oltin qazib olish ishlari Chotqol vodiysini vayron qilmoqda.
- Qozog‘istonda esa G‘arbiy Tyan-shan tarkibiga kiruvchi Sayram—Ugam milliy bog‘idagi Ugam daryosida GESlar kaskadi va suv quvurini qurish taklif etilmoqda. G‘arbiy Tyan-shandan Arys daryosi havzasiga quyiladigan daryolarda ko‘plab kichik GESlar qurilishi rejalashtirilgan.
- O‘zbekistonda esa Qirg‘izistondagi Besh Orol qo‘riqxonasidan pastroqda Quyi Chotqol GES qurilishi amalga oshirilmoqda. Bu G‘arbiy Tyan-Shanning yuqori qismidagi komponentlar uchun xavf tug‘dirib, YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan Qirg‘iziston hududining bir qismini suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Pskem daryosida qurilayotgan yirik GES kaskadi Ugam—Chotqol milliy bog‘ining yaxlit landshaftiga ziyon yetkazishi mumkin. O‘zbekistonda yaqinda qurib bitkazilgan Ugam GES kaskadi esa Qozog‘istondagi Butunjahon merosi obyektining muhim tabiiy yashash joylarini ajratib qo‘ygan.
Biz tashvishli bir tendensiyani kuzatyapmiz: qisqa muddatli, ayniqsa, gidroenergetika sohasidagi iqtisodiy manfaatlar, sayyoramiz miqyosida noyob bo‘lgan tabiiy merosni uzoq muddat saqlashdan ustun qo‘yilmoqda. Ushbu obyektni ta’minlaydigan daryolarda rejalashtirilgan qurilishlar ko‘lami YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasi va xalqaro hamjamiyatning zudlik bilan aralashuvini talab qilmoqda, deydi “Chegara bilmas daryolar”ning koordinatori Yevgeniy Simonov.
Ekologlar ta’kidlashicha, G‘arbiy Tyan-Shandagi to‘g‘onlarning qurilishi muhim daryo va quruqlikdagi ekosistemalarning parchalanishiga olib keladi. Bu esa hayvonlar populyatsiyasi ajralishiga va butun landshaftning ekologik yaxlitligi buzilishiga olib keladi. Endemik Chotqol toshbalig‘i (Cottus jaxartensis), yalang‘och toshbaliq (Cottus nudus), boshqa endemik baliq turlari va hatto qor qoploni (Panthera uncia) yo‘qolib ketish xavfi ostidadir.
Besh Orol qo‘riqxonasi yoki Sayram—Ugam milliy bog‘i ichida GES qurish rejalari Butunjahon merosi obyektining yaxlitligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilishdir. GESlar suv ekotizimlariga, ayniqsa noyob baliq turlariga zarar yetkazmoqda. Ularning kaskadli qurilishi biologik xilma-xillikning butunlay yo‘qolishiga olib keladi. Bunday loyihalarni zudlik bilan to‘xtatish va mustaqil baholash o‘tkazish zarur, deydi “Chegara bilmas daryolar” ekologik koalitsiyasining mintaqaviy direktori Aleksandr Kolotov.
Ekologlarning fikricha, hozirgi vaziyat mintaqa davlatlarining Umumjahon merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya, Orxus konvensiyasi va Espo konvensiyasi bo‘yicha xalqaro majburiyatlarining buzilishiga olib keldi.
“Chegara bilmas daryolar” koalitsiyasi YUNESKOning Butunjahon merosi qo‘mitasiga murojaat qilib, 2025-yil iyulda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 47-sessiyasida G‘arbiy Tyan-Shan transchegaraviy obyektini xavf ostidagi Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritishni so‘radi.
Izoh (0)