“O‘zbekkosmos” agentligi Turkiy davlatlar hamkorlikdagi sun’iy yo‘ldoshni uchirishga tayyorlanayotganini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Ozarbayjonda Space Technology Conference—2025 anjumani doirasida Turkiy davlatlar tashkiloti aʼzolari xususan, Turkiya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston shuningdek kuzatuvchi mamlakatlar Vengriya va Turkmaniston kosmik agentliklari rahbarlarining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar kosmik sohadagi o‘zaro hamkorlikni yana rivojlantirish, texnologiyalar transferini jadallashtirish va bu borada tajriba almashish, fazoni tinch maqsadlarda tadqiq etish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqish, qolaversa birgalikda kosmik qurilmalarni ishlab chiqish kabi qator masalalarni ko‘rib chiqdi.
Xususan, muhokamalar davomida Turkiy davlatlar tomonidan yaratilishi rejalashtirilayotgan kubsat turidagi qo‘shma sunʼiy yo‘ldosh loyihasining ayni vaqtdagi bosqichlari haqida so‘z bordi. Belgilangan rejaga ko‘ra ushbu sunʼiy yo‘ldoshining dvigatel qismi o‘zbekistonlik muhandislar tomonidan yasalishi ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekkosmos” vakillari TDTga aʼzo davlatlar o‘rtasida mini sunʼiy yo‘ldosh qurilmalarini yasash va ularning sinov parvozlarini amalga oshirishga xizmat qiluvchi CanSat musobaqasini o‘tkazish taklifini ham ilgari surdi. Ta’kidlanishicha, bu mintaqa yoshlarining kosmik texnologiyalar, astronavtika va muhandislikka bo‘lgan qiziqishni yanada orttirish, ularning bu boradagi tashabbus hamda ixtirolarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilishda Ozarbayjon tomoni TDTga aʼzo davlatlar fuqarolari va kuzatuvchilari uchun “Virtual kosmik akademiya” va geoaxborot tizimi bo‘yicha o‘quv dasturlarini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu loyihalar orqali fuqarolarga kosmik faoliyatni yanada kengroq tushuntirish, yoshlarni ayni sohaga qiziqtirish va ularning bu boradagi g‘oyalari bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi.
“O‘zbekkosmos” vakillari taklifiga binoan TDTga aʼzo davlatlar kosmik agentliklari rahbarlarining beshinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazilishiga kelishildi.
O‘zbekiston koinotga kubsat (kichik kub shaklidagi) sun’iy yo‘ldosh yuborishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida 2023-yil aprelida ma’lum qilingandi. Sun’iy yo‘ldoshlar yosh mutaxassislar guruhi tomonidan loyihalashtirilishi qayd etilgandi.
“O‘zbekkosmos” agentligi departament boshlig‘i Muhiddin Ibrohimov 2024-yilda “Daryo”ga bergan intervyusida bitta yo‘ldosh uchirilgani bilan ish bitmasligini, kamida 2-3 ta sun’iy yo‘ldosh uchirilishi kerakligini aytgandi. Departament boshlig‘i SpaceX va boshqa bir necha kompaniyalar bilan aloqalar borligi, tijorat kompaniyalari Oyda baza yaratish bo‘yicha zamin hozirlayotgani haqida so‘zlab bergandi.
2022-yilda SpaceX kompaniyasi O‘zbekistonda yirik loyihalar amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgandi.
Izoh (0)