Agar siz Madridga tashrif buyurgan bo‘lsangiz, albatta, Chamartin tumaniga borgansiz. Shahar markazining shimoliy qismida joylashgan ushbu hudud o‘nlab yillar davomida sayyohlar va mahalliy aholini o‘zining turli xil madaniy diqqatga sazovor joylari, brend do‘konlari va hashamatli restoranlari bilan o‘ziga jalb qilib kelmoqda, bu yerda hatto bir finjon qahva ham sizga shaharning boshqa hududlariga qaraganda o‘rtacha bir yarim-ikki baravar qimmatga tushadi.
Bundan tashqari, Chamartin mamlakatning moliyaviy yuragi hamdir, chunki Ispaniyadagi eng yirik kompaniyalarning bosh ofislari va jahon mega-korporatsiyalari ofislarining filiallari aynan shu yerda joylashgan.
Bu yerda dunyoning eng boy, sovrinlari ko‘p va mashhur futbol klublaridan biri — “Real”ning stadioni “Santyago Bernabeu” joylashgan.

Umuman olganda, butun dunyo uchun “Real” bo‘lgan klubni ispanlarning o‘zlari shunchaki “Madrid” deb atashadi. Bu, avvalo, qirol Alfonso XIII tufayli Ispaniyaning deyarli har bir shahrida “Real” borligi bilan bog‘liq — San-Sebastyanda “Real Sosyedad”, Sevilyada “Real Betis”, Barselonada “Real Espanyol” va hokazo.
Bundan tashqari, Madrid qirollik klubi mamlakatning asosiy jamoasi va vatan faxri sifatida e’tirof etiladi, shuning uchun bir paytlar buyuk imperiya poytaxti sharafiga “Madrid” deb ataladi.
Biroq, bu jarangdor maqom va butun dunyoga mashhurlikka qaramay, “Real” shaharning yagona klubi emas.
Bienvenidos a Madrid
Keling, sayyohlar uchun odatiy bo‘lgan Chamartin muhitini his qilish uchun o‘zimizni qisqa muddatga Ispaniya poytaxti mehmonlari deb tasavvur qilaylik va metroda “Santyago Bernabeu” bekatiga (aytgancha, dunyodagi eng qadimiy metrolardan biri) tushamiz va “Gregorio Maranon”ga o‘tib, sharqqa yo‘l olamiz.
Taxminan yarim soatdan so‘ng biz “Estadio Metropolitano” bekatiga yetib boramiz, undan chiqish joyida ko‘z oldimizda 70 000 o‘rinli shu nomdagi futbol arenasi paydo bo‘ladi, u yerda 2017-yildan beri Ispaniyaning eng agressiv va ko‘pchilik tomonidan yoqtirilmaydigan klublaridan biri — Madridning “Atletiko”si joylashgan.

Metro bekatidan stadionga kirishgacha shoshilmay yurar ekanmiz, “Atletiko” haqida nimalarni bilamiz va nima uchun u xorijlik tomoshabinni o‘ziga jalb qilishdan ko‘ra ko‘proq o‘zidan uzoqlashtirishi haqida biroz mulohaza yuritib ko‘raylik.
Obro‘ va uning injiqliklari
So‘nggi 14 yil ichida Diyego Simeone “Atletiko”ni boshqarmoqda va bu vaqt ichida klub zerikarli “avtobus” futbol o‘ynaydigan va qo‘pol, ba’zan esa ochiqdan-ochiq iflos usullardan foydalanishni rad etmaydigan qattiqqo‘l hamda shafqatsiz jamoa qiyofasini yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
Jamoani diqqat bilan o‘rganish natijasida bir nechta qiziqarli statistik ma’lumotlar paydo bo‘ladi.
Masalan, La Liga intizomiy reytingida (sariq + ikkinchi sariq + to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil) oxirgi ikki mavsumda “Atletiko”ning birorta futbolchisi hatto kuchli yigirmatalikda ham yo‘q. Ispaniya chempionati tarixidagi eng qo‘pol futbolchi esa Serxio Ramos (167 ta sariq, 14 ta ikkinchi sariq, 7 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil) — “Real”ning sobiq sardori va afsonasi.
Xo‘sh, bundan nima kelib chiqadi? “Eng qo‘pol klub” haqidagi bu gaplarning barchasi mubolag‘adan boshqa narsa emas va shunda “Atletiko” normal jamoami?
Va eng muhimi — nega shaharda buyuk va beqiyos “Real” bo‘la turib, ko‘plab madridliklar aynan “Atletiko”ga muxlislik qilmoqda? Zero, jamoaning mavsumdagi uy o‘yinlariga o‘rtacha 61,5 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyuradi, ya’ni arena sig‘imining 88 foizini tashkil etadi.
Keling, javoblarni stadion bo‘ylab sayohatdan qidiraylik, ayniqsa biz kirish eshigiga yaqinlashdik.
Bilbao filialidan Madridning qaynoq yuragigacha
Ekskursiya yetarlicha standart tarzda: sovrin zallari va klub tarixiga bag‘ishlangan hamda mehmonlarga jamoaning 120 yildan ortiq rivojlanish yo‘li haqida hikoya qiluvchi ko‘plab installyatsiyalar bilan boshlanadi.
Bu yo‘l 1903-yil 26-aprelda, mahalliy bask universitetining uch talabasi o‘zlarining futbol jamoasini tuzishga qaror qilishganida boshlanadi. Uni o‘zlarining sevimli jamoasi Bilbaodagi “Atletik” sharafiga “Atletik” deb nomlashadi va klubning ranglarini bir xil ko‘k-oq ranglarga aylantirishadi (ha, ilgari Bilbao qizil-oq-qora emas, balki ko‘k-oq edi).
Keyingi to‘rt yil davomida madridliklar faqat havaskorlar darajasida o‘ynashadi va Madrid Basklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan o‘ta qashshoq jamoa edi.
1907-yilda jamoa professional maqomga ega bo‘ldi va 1910-yillarning boshlarida ranglarni o‘sha paytlarda matras ishlab chiqarish korxonalarida ishlatiladigan odatiy qizil-oq-ko‘k ranglarga o‘zgartirdi va shu sababli “matraschilar” laqabini oldi.
1920-yillarda esa “matraschilar” Madrid proletariati orasida mashhur bo‘la boshladi. O‘sha paytda Ispaniyada monarxiyaga qarshi (va hatto kommunistik) kayfiyat kuchli edi va ko‘plab ishchilar Madridning “Atletik” jamoasiga muxlislik qila boshladilar, shu tariqa qirol Alfonso XIII va undan “Real” (ispancha “Qirollik”) prefiksini olgan “Madrid” futbol klubiga qarshi norozilik bildirgandilar.

O‘shandan buyon Madrid derbisi sinfiy kurashning elementi va “Chamartin majorlari” hamda “shahar chekkasidagi itlar” o‘rtasidagi qarama-qarshilik deb hisoblanadi. Shu bilan birga, norozilik madaniyati “Atletik”ning an’analariga tobora chuqurroq kirib bormoqda, bu esa uning muxlislarini butun Ispaniyadagi eng shovqinli va g‘azabnoklardan biriga aylantirmoqda.
Muxlislarning o‘zlari esa tribunalarda olovli muxlislikdan tashqari, o‘zlarining futbol atrofidagi qiliqlari va boshqa jamoalar muxlislari bilan janjallari bilan mashhur bo‘la boshladi. Oddiy ispanlarning “Atletiko”ni yoqtirmasligi shundan kelib chiqqan.
40-yillarning oxirigacha jamoa natijalarga erishishdan ko‘ra ko‘proq omon qolishga harakat qilardi. Bu yerda o‘z muammolari va albatta, umummilliy muammolar — inqilob, fuqarolar urushi va Franko diktaturasining boshlanishi “matraschilar”ga ta’sir qilmasligi mumkin emasdi. 1941-yilda Frankoning buyrug‘i bilan klub hatto o‘z nomini basklarning “Atletik”idan Ispaniyaning “Atletiko”siga o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Ammo asrning ikkinchi yarmidanoq “Atletiko”ning Ispaniya futboli elitasiga ko‘tarilishi boshlanngan — jamoa ilk sovrinlarni qo‘lga kirita boshladi, vaqti-vaqti bilan Yevropada shov-shuv ko‘tarib, 55 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan “Visente Kalderon”ga ko‘chib o‘tib, asta-sekin biz bilgan "Atletiko"ga aylangan.
“Metropolitano” ochilishi
Biz bu yerga tarix uchun emas, balki klubning tub mohiyatini va uning muxlislarini tushunish uchun kelganmiz, shuning uchun “Metropolitano” arenasi bo‘ylab yo‘limizni davom ettiramiz.
Ko‘lami jihatidan hayratda qoldiradigan arena, VIP-loyihalar, kiyim almashtirish xonalari, matbuot markazi va nihoyat, sayohatning eng qiziqarli qismi — immersiv zonaga o‘tamiz.
Qarshimizda VR-garniturali ko‘plab kichik ustunchalar turibdi. Ulardan birini kiyib, “matraschilar”ning eski va sevimli arenasi bo‘lgan “Visente Kalderon” stadioni tribunalariga ko‘tarilamiz va o‘sha atmosferani his qilish, tribunalar energiyasidan quvvat olish uchun turli rakurslarda harakatlanamiz.

Keyin, bizni o‘yin oldidan hozirgi “Metropolitano”ning tribuna ostidagi xonasida turgan “Atletiko” futbolchilari tomon olib ketadi. Mana, yonimizdan yelkamizga qoqib qo‘yib, jamoadoshlarimiz o‘tib ketishyapti, raqib o‘yinchilari yonma-yon saf tortishyapti, ishchi xodimlar qayoqqadir shoshilishyapti.
Nihoyat, hakam chiqish uchun buyruq beradi va biz tunnel oxiridagi yorug‘lik tomon harakatlanishni boshlaymiz, 70 ming muxlis bir ovozdan klub madhiyasini ijro etadi.
Shu bilan videoqator tugaydi, garniturani yechamiz, yengil bosh aylanishini his qilib, voqelikka qaytamiz va yo‘limizda davom etamiz.
Quyida chaqqonlik, zarba kuchi va reaksiya tezligi bo‘yicha bir qator sinovlardan o‘tishi mumkin bo‘lgan futbol o‘yin avtomatlari/trenajyorlari ketma-ketligini ko‘ramiz. Bundan tashqari, sinovlarning har birida “Atletiko” asosidagi futbolchilardan birining undan oldindan o‘tgan natijasi ko‘rsatilgan.
Ushbu o‘yin-kulgi asosan bolalar auditoriyasiga mo‘ljallangan, biroq kattalar uchun ham o‘z kuchlarini sinab ko‘rish va zamonaviy top-futbolchilar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha qanchalik super odamlar ekanligiga o‘z tajribalarida ishonch hosil qilish qiziqarli bo‘ladi.
Noqulay xona
Va oxirgi lahzada, biz ketishga tayyor bo‘lganimizda, zalning o‘rtasida kichik yopiq xonani (katta kubga o‘xshash) ko‘ramiz, u yerga ma’lum vaqt oralig‘ida kichik guruh bo‘lib kiritiladi.
Ichkariga kirgach, biz bir qarashda oddiy ko‘ringan bolalar xonasiga tushamiz. Mana, burchakda kichkina krovat, uning yonida 90-yillardagi “Atletiko” yulduzlari tasvirlangan bir nechta plakatlar, kitob javoni, deraza, polda sochilib yotgan mashinalar va askarchalar. Faqat negadir juda qorong‘i.
Nihoyat, proyektor yoqiladi, kerakli dekoratsiyalar bosqichma-bosqich yoritiladi va tanish ovoz o‘z hikoyasini boshlaydi. Shunday qilib, biz Madrid chekkasidagi xuddi shunday xonada mahalliy muxlislar “El Nino” (ispanchada kichkintoy) deb ataydigan futbolchi yashaganini va o‘sganini bilib olamiz, qolgan dunyoga esa u Fernando Torres nomi bilan tanilgan.

Keyingi bir necha daqiqa ichida Fernando bizga bu klub uning uchun nimani anglatishi haqida gapirib beradi. Bu yerda bobosi bilan birga o‘yinlarga borgan bolalik xotiralari ham, klub akademiyasiga qabul qilingani haqidagi xabar ham, asosiy jamoadagi debyuti ham, Angliya Premyer Ligasiga o‘tish haqidagi og‘ir qarori va nihoyat, faoliyatining so‘nggi pallasida qadrdon “Atletiko”ga qaytishi ham bor.
Va mukammal tanlangan video ketma-ketligi, yorug‘lik o‘yinlari va mavjudlik taassurotini yaratadigan dekoratsiyalar bilan birgalikda bu oddiy tuyulgan hikoya birdan juda iliq va ta’sirli bo‘lib tuyula boshlaydi, go‘yo qalbning qaysidir tubidagi ko‘rinmas nozik rishtalarga tegib ketayotgandek. Va shu lahzada kutilmaganda “Atletiko”ning asl mohiyati anglab yetiladi.
Jasorat va yurak (“Atletiko” shiori)
Turni yakunlab, stadiondan chiqqanimizdan so‘ng iliq oqshom havosidan nafas olamiz va fikrlarimizni tartibga solish uchun sayr qadamlari bilan bog‘ orqali San-Blas-Kanilexas hududiga yo‘l olamiz.
Bugun ko‘rganlarimizning hammasini xayolan bir tizimga solar ekanmiz, kun bo‘yi biror marta ham torfeylar haqida o‘ylamaganimizni sezib qolamiz! Vaholanki, “Atletiko” Ispaniyadagi eng sovrindor jamoalardan biri bo‘lib, maqtanishga arzigulik jihatlari bor.
Biroq, klub muzeyi oddiy maqtanish o‘rniga empatiyaga e’tibor qaratadi, nomoddiy qadriyatlar yordamida jamoani ochib beradi va e’tibor markaziga klubni emas, balki insonni, uning his-tuyg‘ularini qo‘yadi.
Va “Real” “Menga qoyil qolinglar, chunki men hammadan zo‘rman!” deb jar solayotgan bir paytda, “Atletiko” xotirjamlik bilan: “Bizni yomon ko‘rishingiz mumkin, bu sizning huquqingiz. Lekin hukm chiqarishdan oldin bizni yaxshiroq tanishingiz kerak emasmi?” Ishoning bu ishlaydi!
Qolaversa, bu yondashuvdan nafaqat muzey, balki butun klub va uning hamjamiyati foydalanadi — “Atletiko”ning uysiz itlar haqidagi ta’sirli Rojdestvo roligini yoki deyarli 30 yildan beri har bir o‘yinda burchak bayrog‘iga chinnigul olib keladigan muxlisni eslang. Bunday misollar yana yuzlab topiladi, faqat jahon hamjamiyati ularni deyarli payqamaydi, ashaddiy muxlislardan tashqari, albatta.
Madridning o‘zida esa, aksincha, “matraschilar”ni faqat aholining nochor qatlamlari qo‘llab-quvvatlaydigan davrlar allaqachon o‘tib ketgan. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda klub radikal muxlislarga qarshi faol kurash olib bormoqda, eng shiddatli tashrif buyuruvchilarni abonementdan mahrum qilmoqda va hatto eng ko‘p sonli va ziddiyatli “Frente Atletiko” guruhini 2014-yilda uy o‘yinlariga tashrif buyurishni taqiqladi.
Bugungi kunda “Atletiko”ga avloddan avlodga an’analarni meros qilib qoldirgan holda oilaviy tashrif buyuruvchilar tobora ko‘payib bormoqda, ularga top-menejerlar, tadbirkorlar va hatto Madrid meri Xose Luis Martines-Almeyda yoki Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches kabi yetakchi siyosatchilar ham muxlislik qilmoqda.
Va nihoyat, unvonlari va tarixan buyuk bo‘lgan “Real”ni qo‘llab-quvvatlashga majburdek ko‘ringan inson ham bolaligidan aynan “Atletiko”ga muxlislik qiladi — bu Ispaniya qiroli Filipp VI ning o‘zi.
Tumanlar, mahallalar...
Shunday qilib, biz charchagan, ammo ruhlangan holda Ispaniya poytaxtining oddiy tumanidagi ko‘chalardan o‘tib boryapmiz, ko‘chadagi kichik qahvaxonalarning peshtaxtasidagi yozuvlar esa ichkariga kirib, dam olishga undaydi.
Ulardan birini tanlab, mo‘jazgina shinam ayvondagi stolchaga o‘tiramiz-da, atrofga qaraymiz. Birinchidan, hech qanday sayyoh yo‘q, hamma joydan faqat ispancha nutq eshitiladi.
Shunga qaramay, atrofdagilar xilma-xil — 40 yoshdan oshgan (hatto 50 yoshdan ham oshgan) erkaklar guruhi, ular, bizgacha yetib kelgan uzuq-yuluq iboralarga qaraganda, La Ligadagi turnir jadvalini tinmay muhokama qilmoqda, kechki ovqatga kelgan bir necha oilaviy juftliklar, 17-18 yoshlardagi yigit va qiz, ehtimol, uchrashuvda... Umuman olganda, dam olish kuni kechqurun bu mahalla uchun odatiy holat.

Bizga esa suv va buterbrod keltirishadi. Xodimga minnatdorchilik bildiramiz va uning kiyimida tanish belgini ko‘ramiz. “Atletiko”ga muxlislik qilasizmi, degan savolga jarangdor va quvnoq javob olamiz: “Bu San Blas, bu yerda hamma “Atletiko”ga muxlislik qiladi!”
Suvdan xo‘playmiz va o‘yga tolamiz.
To‘g‘ri, San-Blas shaharning asosiy ishchilar tumanidan biri bo‘lib, 1990—2000-yillarda o‘smirlar va muhojirlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning “ko‘payishi” tufayli eng xavfli hududlardan biri hisoblangan. Lekin so‘nggi 10—15 yil ichida tuman tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi.
Ha, siz hamon u yerda hashamatli restoranlar va besh yulduzli mehmonxonalarni topa olmaysiz, ammo tumanda yangi savdo markazlari, bolalar va sport maydonchalari, bog‘lar, xiyobonlar hamda turli xil madaniy maydonlar (masalan, san’at studiyalari va kvest xonalari) va undan ham ko‘proq kichik, ko‘pincha oilaviy kafelar paydo bo‘ldi.

Shunday qilib, o‘sha qahvaxonaning ayvonida o‘tirib, atrofdagi odamlarni kuzatar ekanmiz, Madridning ikki asosiy jamoasi o‘rtasidagi asosiy farqni tushunib yetamiz. Bu farq klubning o‘z auditoriyasini idrok etishidadir.
“Real” “klub uchun muxlis” tamoyili asosida yashaydi — buyuk va yengilmas jamoa obrazini yaratadi, unga muxlislik qilish sharafli va obro‘li, unga moslashish kerak. Kimligingiz va qayerdan ekanligingizdan qat’i nazar, klub tomonidan belgilangan qadriyatlarni baham ko‘rish muhimdir.
“Atletiko” esa, aksincha, o‘zining asosiy auditoriyasini juda nozik his qiladi — bu odamlar kim, ular qayerda yashaydi, ular nimani muhim va to‘g‘ri deb biladi, ularni nima quvontiradi va hokazo. Va keyin o‘z auditoriyasiga aynan u xohlagan narsani beradi, ya’ni “klub muxlislar uchun” tamoyilidan kelib chiqadi.
Aynan shuning uchun ham tumanlardagi oddiy madridliklar uchun “Real” — o‘z dunyosida yashaydigan, yollanma futbolchilar o‘ynaydigan ruhsiz efemer klub, “Atletiko” esa — “o‘z tumanidagi yigitlar” jamoasi va ular o‘z yigitlari uchun oxirigacha va nima bo‘lishidan qat’i nazar, muxlislik qilishga tayyor. Shuning uchun butun dunyo qanchalik “Hala Madrid!” deb hayqirmasin, ular hech qachon “Aupa Atleti”dan voz kechmaydi.

Bundan tashqari, biz Madrid derbisi shunchaki boylar va kambag‘allar yoki monarxistlar va respublikachilar o‘rtasidagi to‘qnashuv emasligini tushunamiz. Bu bir savoldan kelib chiqadigan ikki xil hayotiy falsafaning qarama-qarshiligi - idealga intilish yo‘lida abadiy o‘zgarish yaxshimi yoki shunchaki o‘zingiz bo‘lib, yuragingiz aytgandek yo‘l tutish yaxshimi?
Bu savolga mutlaqo to‘g‘ri javob bo‘lmasa ham, bu jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvining o‘zi bizga hali ko‘p hayajonli kechalar va yoqimli xotiralar hadya etadi. Balki, eng muhimi ham shudir?
Haqiqiy Madrid
Asta-sekin botayotgan quyoshni kuzatar ekanmiz, bu qisqa sayohatga yakun yasaymiz.
“Atletiko” bir qarashda ko‘ringanidan ancha haybatli bo‘lib chiqadi. Unga muxlislik qilish kerakmi? Balki ha, balki yo‘q, har kim o‘zi uchun hal qilsin. Biroq, “Atletiko” mutlaqo e’tiborga loyiq va yaqinroq tanishganda, o‘zining ochiqligi va samimiyligi uchun hurmat va minnatdorchilik uyg‘otadi.
Keyingi safar Madridga borganingizda, faqat Chamartenning yaltiroqligi va mashhur sayyohlik yo‘nalishlari bilan cheklanib qolmang, chunki bu holda siz faqat chiroyli, ammo hissiz manzarani ko‘rasiz. Ishoning, bu shahar sizga ko‘proq narsa bera oladi.
Keng xiyobonlar o‘rniga eski shaharning atmosferali ko‘chalari bo‘ylab sayr qiling, tarmoqli restoran o‘rniga esa shinam oilaviy kafeda tushlik qiling. Xayriyatki, tanlov juda keng. Boshqacha aytganda, Madridga yanada chuqurroq nazar soling, unga quloq solishga harakat qiling, uning atmosferasi va energiyasi bilan to‘yining va “Atletiko” “so‘zlariga” amal qilib, unga o‘z holicha qolishiga imkon bering.

Va albatta, “Atletiko” stadioni bo‘ylab sayohat uchun bir-ikki soat ortiqcha vaqt va 20 yevro sarflang, bu yo‘lni o‘zingiz bosib o‘ting, bu jamoa ruhini his qiling va o‘zingiz xulosa chiqaring.
Shundagina haqiqiy Madridni his qilasiz.
Izoh (0)