Jizzax shahri uchun zamonaviy avtobuslar olib kelinishi davom etmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Jizzax shahrida aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy avtobuslari olib kelinishi davom etmoqda.
Xususan, “Jizzax Avtotrans Servis” MCHJ tomonidan 8 dona ANKAI rusumli avtobus olib kelindi. Ushbu avtobuslar Jizzax shahar ichki yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida biriktiriladi.
Joriy yilning mart oyida “Jizzax Oriyent Trans” XK tomonidan 30 dona Zhong tong rusumli avtobus olib kelingan edi. Joriy yil yakuniga qadar Jizzax shahriga tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan 52 ta avtobus olib kelish rejalashtirilgan.
Bundan avval Angrenga 15 ta Yutong avtobusi olib kelingandi. Zoir Mirzayev 2024-yil oktyabrida o‘tkazgan hokimlik soatida Toshkent viloyatida transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash uchun 1000 ta yangi avtobus xarid qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Transport vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida zamonaviy avtobuslarni olib kelish ishlari davom etmoqda. Toshkent shahriga yana 1000 ta Yutong avtobusini olib kelish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. Andijon viloyatiga Xitoydan 100 ta elektrobus xarid qilinishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)