Toshkent shahridagi kafelarning biridan mast holda chiqqan va mashina o‘g‘irlashda gumonlangan sudyaning vakolati muddatidan avval tugatildi. Bunga uning Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani sabab bo‘lgan.
“Daryo” manbasi sudya Rustam Rahmonovning qilmishi yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, u Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun, qolaversa uning arizasiga binoan vakolati muddatidan avval tugatilganini maʼlum qildi. Manba shuningdek, o‘sha kuni sobiq sudya Rahmonovning yonida bo‘lgan ikki nafar sudyaga nisbatan ham xizmat tekshiruvi tayinlanganini ochiqladi.
“Daryo” jurnalisti bunga aniqlik kiritish uchun Sudyalar oliy kengashi axborot xizmati bilan bog‘landi. Masʼul bu xabarni na tasdiqladi va na inkor etdi. Aniqlanadigan holatlar borligini aytib, keyinchalik batafsil maʼlumot berilishini qo‘shimcha qildi.
2025-yilning 21-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtdagi kafelarning biridan mast holda chiqqan Mirobod tuman sudi sudyasi mashina o‘g‘irlaganlikda gumonlanayotgani xabar berilgan edi. Ushbu xabarga munosabat bildirgan Sudyalar oliy kengashi gap kim haqida ketayotganiga qisman aniqlik kiritdi.
“Sudyalar odobi kodeksi talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi sudyasining xizmatdan tashqari vaqtdagi xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi shu mavzuga doir xabarlarda tilga olinayotgan holatlarga xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlik kiritiladi va yakuni bo‘yicha lozim choralar ko‘rilishi taʼminlanadi”, deyilgandi kengash bayonotida.
“Kun.uz” sayti o‘z manbalariga tayanib, huquqbuzarlikda gumonlanayotgan sudya Mirobod tuman sudi sudyasi lavozimida bo‘lishining navbatdagi 10 yillik muddatiga tayinlangan Rustam Rahmonov ekanini aniqlashtirdi.
Keyinchalik “Daryo”ning huquqni muhofaza qiluvchi organlarida ishlovchi, Rahmonovga yaqin insonlardan biri voqea sodir bo‘lgan kuni sudya Yashnobod tuman IIB binosiga olib ketilganini va bir kun ushlab turilganini maʼlum qildi.
“Daryo” sudya Rustam Rahmonov bilan ham bog‘lanishga urindi. Sudya telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi. Qolaversa, Telegram orqali yo‘llangan savollarni ham ochiq qoldirdi.
Maʼlumot uchun: Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, avtomobil o‘g‘irlagan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Izoh (0)