“Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti mavsum yakunlangach, jamoani tark etadi. Italiyalik mutaxassisning Madrid klubini tark etishi oydinlashdi, ortga yo‘l yo‘q.

Anchelotti allaqachon ketish bo‘yicha kelishib qo‘ygan edi. Kubok finali bu yerda rol o‘ymagan
Karloning kelajagi Ispaniya Kubogi finalidan ancha oldin shubha ostida edi. Marca mart oyida “Arsenal”ga qarshi bahs italiyalikning klubdagi kelajagini belgilab berishi haqida yozgan edi.
Chempionlar Ligasi chorak finalidan o‘rin olgan javob o‘yinidan so‘ng, klubga yaqin bo‘lgan jurnalist Ramon Alvares insayd bilan o‘rtoqlashdi: Anchelotti va Peres allaqachon mavsum yakunida murabbiyning ketishi bo‘yicha kelishib olgan. Tomonlar hammasini muhokama qilib, hozir xayrlashishning ayni vaqti degan xulosaga kelgan. Maqsad mavsumni kubok bilan yakunlash va La Ligada g‘olib chiqishga harakat qilish edi, ammo klub o‘zgarishlar vaqti kelganini tushunadi.
Yakunda kubok qo‘ldan chiqarildi, ammo o‘yindan so‘ng Karloning ketishi haqidagi xabarlarni boshqa jurnalistlar ham tasdiqlay boshladi. The Athletic nashri muxbiri Mario Kortegananing ma’lum qilishicha, Anchelotti Braziliya terma jamoasi bilan kelishib olgan va iyun oyida jamoani qabul qilib oladi.
Sky Sports murabbiy “Barselona” bilan finaldan so‘ng darhol ketishi mumkinligi haqida xabar bergan edi, ammo Kortegana buni rad etdi — Karlo La Ligada mavsumni yakunlaydi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanishidan oldin ketadi. Karloning o‘zi matbuot anjumanlarida doimo qolishni xohlashini takrorlardi: “Mening kelajagim? Umid qilamanki, “Madrid”da imkon qadar uzoq vaqt qolaman”.

AS xabariga ko‘ra, Anchelotti Braziliya futbol federatsiyasi bilan 2030-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma bo‘yicha kelishib olgan, ammo murabbiy JCH—2026 dan keyin istalgan vaqtda ketish imkoniyatiga ega bo‘ladi — bunday band kelishuvga kiritiladi. Shartnomaning aniq raqamlari haqida hozircha ma’lumot yo‘q, ammo Braziliyaning UOL Esporte nashri Karlo dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi murabbiylaridan biriga aylanishini yozmoqda.
Davide Anchelotti otasi bilan terma jamoaga bormaydi — Relevo xabariga ko‘ra, u faoliyatini bosh murabbiy sifatida boshlaydi. Avvalroq uning xizmatlariga “Reyms” va “Bazel” klublari qiziqish bildirgandi, ammo Davidening o‘zi “Real”dan ketishni istamagan.
Braziliya futbol federatsiyasi Anchelottini 2023-yildan buyon o‘z safiga qo‘shib olishga urinib kelayotgan edi, ammo yakunda murabbiy “Madrid”da qoldi va shartnomani 2026-yilgacha uzaytirdi. The Athletic xabariga ko‘ra, federatsiya Karlo undan ma’naviy qarzdor deb hisoblaydi.
Anchelottining o‘rnini kim bosadi? Alonso — favorit
Xabi Alonso Karlo Anchelottining o‘rnini egallash uchun nomzodlar qatorida favorit sifatida ko‘rilmoqda.
Fabritsio Romanoning ta’kidlashicha, 2024-yilda Xabi “Bavariya” va “Liverpul” takliflarini rad etgan, chunki u “Madrid”dan kutgan, klub rahbariyati esa baskning ishi haqida doimo iliq fikrda bo‘lgan. Florentino Peres Alonsoni Anchelottining o‘rniga ideal nomzod sifatida ko‘rmoqda. “Real” uchun u mutlaq favorit.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: hozir “Real” klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga kim olib borishini hal qilmoqda. Kortegananing ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita ehtimoliy ssenariy mavjud.
- Vaqtinchalik murabbiy: Santyago Solari jamoani klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatiga olib boradi. Undan keyin Alonso o‘z o‘rnini bo‘shatadi.
- Xabi iyun oyining boshidanoq jamoani qabul qilib oladi va u bilan birga klublar mundialiga boradi. Hammasi yangi murabbiyning qaroriga bog‘liq.

Germaniyalik insayder Florian Plettenbergning ma’lum qilishicha, “Bayer” Alonso uchun 15-20 mln yevro miqdorida tovon puli olmoqchi.
Nemis klubi bosh direktori Fernando Karro aprel oyi o‘rtalarida murabbiyning iste’fosi haqida gapirgan va tez orada qaror qabul qilinishini kutayotganini ta’kidlagandi: “Xabining shartnomasida tovon puli miqdori yo‘q, ammo bizda uning ketishi bo‘yicha jentlmencha kelishuv bor. Agar Xabi avval o‘ynagan jamoa kelsa, muzokaralar stoliga o‘tiramiz va unga xalaqit bermaymiz. Lekin biz yozgacha kuta olmaymiz. Bizga yaqin 3-4 hafta ichida yechim kerak”.
Yurgen Kloppning tayinlanishi haqida ham xabarlar bor edi: Marca nashri “Real” ikki marta nemis bilan bog‘lanib, uning rejalari haqida so‘ragani haqida yozgandi. Kloppning agenti Mark Kozitskening so‘zlariga ko‘ra, Yurgen “Red Bull” tizimidagi rolidan mamnun, u yerga bor e’tiborini jamlagan.
Plettenbergning ishontirishicha, Klopp kamida 2026-yilgacha murabbiylik faoliyatiga qaytmoqchi emas.
Tez orada Karlo Anchelotti iste’foga chiqariladi va yuqoridagi ikki ssenariydan biri yuz beradi. Buyog‘i endi vaqt masalasi.
Izoh (0)