Keniyada minglab chumolilarni yig‘gan ikki nafar belgiyalik o‘smir mahalliy hokimiyat tomonidan kontrabanda qilishda gumon qilinib, hibsga olindi. Nakuru okrugida qo‘lga olingan yigitlardan probirkalarga joylangan 5 mingta chumoli musodara qilingan. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, 19 yoshli yigitlar Nayrobi sudiga olib kelinib, u yerda chumolilarni ko‘ngil ochish uchun yig‘ganliklarini va buning noqonuniyligi haqida bilmaganliklarini aytishgan. Shu paytning o‘zida, xuddi shu sud zalida sudya chumolilar bilan qo‘lga olingan Keniya va vyetnamlik ikki erkakka ham ayblov e’lon qilgan.
Keniya yovvoyi tabiat xizmati (KWS) o‘z bayonotida bu shaxslar Yevropa va Osiyo bozorlari uchun hasharotlarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullanganini ma’lum qildi.
“Chumolilarni noqonuniy eksport qilish nafaqat Keniyaning o‘z biologik xilma-xilligiga bo‘lgan suveren huquqlarini buzadi, balki mahalliy hamjamiyatlar va ilmiy-tadqiqot institutlarini potensial ekologik va iqtisodiy manfaatlardan mahrum qiladi”, deb ta’kidladi KWS.
Ilgari Keniya fil, karkidon va pangolinlar kabi yirik yovvoyi hayvonlar a’zolarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashgan. Biroq so‘nggi to‘rtta ish “savdo tendensiyalarining o‘zgarishini — mashhur yirik sut emizuvchilardan kamroq tanilgan, ammo ekologik jihatdan muhim turlarga o‘tishini” ko‘rsatmoqda.
Keniya hukumati belgiyaliklardan musodara qilingan chumolilarni taxminan 7 ming yevroga baholagan. Shuningdek, ular hasharotlarning narxi, turi va bozoriga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Nayrobidagi Afrika yovvoyi tabiat jamg‘armasining tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha vitse-prezidenti Filip Murutining aytishicha, chumolilar tuproqni boyitishda, urug‘larning unib chiqishiga yordam berishda va qushlarga ozuqa yetkazib berishda muhim rol o‘ynaydi.
“Siz sog‘lom o‘rmonni, masalan, Ngong o‘rmonini ko‘rganingizda, uni nima sog‘lom qilayotgani haqida o‘ylamaysiz. U yerda hamma narsa o‘zaro bog‘liq — bakteriyalardan chumolilargacha va undan ham yirikroq mavjudotlargacha”, dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, qo‘lga olingan to‘rtala shaxs ham 23-aprelda bo‘lib o‘tadigan keyingi sud majlisigacha qamoqda qoladi.
Izoh (0)