Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni yer hisobini yuritish va kadastr xizmatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 45 million gektarga yaqin yer maydoni bor. 2021-yilgacha shundan bor-yo‘g‘i 1 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi. So‘nggi yillarda yagona tizim yaratilib, raqamlashtirish joriy etilgani natijasida 42 million gektar yer, yaʼni jami maydonlarning 94 foizi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Jumladan, o‘rmon va suv fondi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘liq davlat ro‘yxatiga olindi. Transport, aloqa, geodeziya, energetika, yo‘l kabi 13 turdagi davlat kadastri bo‘yicha maʼlumotlar 100 foiz shakllandi. Yana 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda.
Sohadagi eng dolzarb masala – ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solishdir. Shu maqsadda ko‘chmas mulklarning haqiqiyligi va ishonchliligi davlat tomonidan kafolatlanadigan yagona maʼlumotlar bazasi – UZKAD tizimi ishga tushirilgan. Barcha bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilib, unga kiritilmoqda. Hozirgacha 150 mingta turar va 707 mingta noturar joy, 44 mingta ko‘p qavatli uy haqidagi maʼlumotlar ushbu yangi tizimda aks ettirilgan.

Yaqin-yaqingacha o‘z uyiga mulk huquqi bo‘lmagani uchun millionlab fuqarolar qiynalib kelardi. “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida”gi qonun bilan joriy yil yanvardan hujjatlarni rasmiylashtirib, egalariga taqdim etish boshlandi.
Taqdimotda galdagi rejalar va ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bu yil 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKAD tizimiga kiritiladi. Natijada mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Kelgusida 6 million 300 mingdan ziyod barcha yakka tartibdagi uylar ushbu tizimda aks ettiriladi.
Ko‘p joylarda ko‘chmas mulkning kadastr qiymati bilan haqiqiy bozor bahosi o‘rtasida katta farq bor. Bu huquqiy munosabatlarda va savdolarda nomutanosiblikni keltirib chiqaryapti.

Shu bois O‘zbekiston prezidentining 5 martdagi farmoniga muvofiq, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etilmoqda. Buning uchun Kadastr agentligida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ochildi. Unga 40 milliard so‘m ajratilib, malakali mutaxassislar jalb qilindi va amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Ommaviy baholash bu yil Toshkent shahrida boshlanib, keyingi yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Davlat rahbari kadastr maʼlumotlari iqtisodiy rejalarni samarali belgilash uchun muhim asos ekanini taʼkidlab, bu sohada yaxlitlik va aniqlikni taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Byurokratiyani keskin kamaytirib, kadastr xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga yengilliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.
Izoh (0)