Joriy yilning 22-aprel kuni Rim papasi Fransisk insult va yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi. Endi katolik dunyosi o‘zi uchun yangi papa saylashi kerak. Rim papasining saylanish jarayoni sirlarga to‘la, qadimiy marosimlar va tarixiy voqealarga boy bo‘lib, bu jarayon o‘zi ichiga butun bir murakkab ruhiy holatni qamrab oladi. Ushbu jarayon “konklav” deb nomlanadi. Quyidagi maqolada Rim papasi qanday saylanishi va tarixda saylov bilan ro‘y bergan qiziq voqealar haqida hikoya qilamiz.
9 kunlik motam va konklav
Vatikanda Rim papasi vafot etgach, dastlab maxsus tartibga ko‘ra, papaning shaxsiy muhri va baliqchi uzugi (ramziy papa uzugi) yo‘q qilinadi. Bu papa vakolatlarining tugaganini anglatadi.
Papaning vafotidan keyin 9 kunlik rasmiy motam (lotincha: “novemdiales”) o‘tkaziladi. Dafn marosimi odatda papaning vafotidan 4–6 kun o‘tgach, ochiq osmon ostida, Avliyo Pyotr maydonida o‘tkaziladi.
Yangi Rim papasi konklav deb ataladigan maxsus jarayon orqali saylanadi. Bu jarayon lotin tilida “con clave” – “kalit bilan yopilgan” degan ma’noni bildiradi. Ushbu nom bejiz tanlanmagan. Konklavda qatnashuvchi kardinallar tashqi dunyo bilan aloqani uzib, maxfiy muhitda ovoz berishadi.
Saylov qadimiy an’analar, qat’iy qoidalarga asoslangan va faqat kardinallar (katolik cherkovidagi eng yuqori lavozimli din arboblari) ishtirokida amalga oshiriladi.
Dafn marosimi yakuniga yetgach, tarixiy saylov — konklavga tayyorgarlik boshlanadi. Papa yo‘qligida butun cherkov boshqaruvi vaqtincha kardinal kamerlenk (Rim-katolik cherkovida muhim vazifaga ega bo‘lgan ruhoniy. U Papa vafotidan so‘ng vaqtincha Vatikan faoliyatini boshqaradi, yangi Papa saylanishi jarayonida esa asosiy rol o‘ynaydi – tahr.) qo‘liga o‘tadi. 15-20 kun ichida yangi papa saylovi uchun konklav chaqiriladi.

Konklav jarayoni
Papani saylash jarayoni Vatikandagi Sikstin cherkovida, Mikelanjeloning “Qiyomat kuni” freskalari ostida o‘tkaziladi. Har bir kardinal o‘z tanlagan nomzodini yozib, yashirin ovoz beradi.
Papa bo‘lish uchun nomzod kamida 2/3 ovoz yig‘ishi kerak. Ovozlar kuniga bir necha marta sanaladi. Agarda natija yo‘q bo‘lsa, saylov turi davom etadi. Saylov jarayoni hatto 1-2 oygacha cho‘zilishi mumkin. Tarix bunga bir necha bor guvoh bo‘lgan. Bu haqida sal keyinroq.
Ovoz berish jarayoni yakuniga yetgach, qog‘ozlar maxsus pechda yoqiladi. Vatikan saroyi mo‘rilaridan oq tutun chiqishi – yangi papa saylanganini anglatadi.
Den Braun asaridagi soyaviy voqealik
Zamonaviy adabiyotda sirli, tarixiy va diniy mavzularni triller janrida mahorat bilan qalamga oluvchi mualliflardan biri — Den Braun (asl ismi: Daniel Gerhard Brown) o‘zining “Iblislar va farishtalar” (Angels&Demons) asarida aynan konklav va Vatikanda sirli voqealar tarixi haqida hikoya qiladi.
Kitob fantastika va haqiqat orasida yuradi, lekin konklav tasvirida u anchagina real tafsilotlarga suyangan. Den Braun konklavni “yopiq qafasdagi ruhlar kurashi” sifatida tasvirlaydi.
Kitobda asosiy ziddiyat — ilm-fan va din o‘rtasida kechadi. “Illuminati” deb ataluvchi maxfiy jamiyat to‘rt nafar kardinalni o‘g‘irlab, ularni “preferiti” — ya'ni papa bo‘lishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan nomzodlar deb taqdim etadi.
Garchi bu badiiy to‘qima bo‘lsa-da, o‘tmishda haqiqatdan ham papa saylovlarida qiziq va dramatik voqealar yuz bergan. Misol uchun, XIII asrda papa saylovi uch yil davom etgan.

Tarixdagi konklavlar
Vatikan o‘tmishda bo‘lib o‘tgan konklavlar detallarini ochiqlashni unchalik xush ko‘rmaydi. Shu boisdan bu jarayon ko‘plab insonlar va tarixchilar uchun juda qiziq hisoblanadi.
Vatikan maxfiy arxividan nafaqadagi arxivchi monsenyor Charlz Berns 2005-yilda ABC News telekanaliga bergan intervyusida, tarixda eng uzoq davom etgan konklav haqida bir qancha faktlarni oshkor qilgan edi.
Unga ko‘ra, 1268-yilda papa Kliment IV vafotidan so‘ng o‘tmishdagi eng uzoq vaqt davom etgan konklav jarayoni boshlangan. Bu 1268-yildan 1271-yilgacha, aniqroq qilib aytsak, 1006 kun davom etgan.
O‘shanda fransuz va italyan kardinallari o‘rtasidagi chuqur bo‘linish, oxir-oqibat konklavni uch yil davom etishiga olib kelgan. Yangi papani saylash uzoq davom etgach, Viterbo (Italiyaning markaziy qismida, Lazio mintaqasida joylashgan shahar – tahr.) aholisi kardinallarni saroyga qamab, ularning oziqlanishini faqat non va suv bilan cheklab qo‘yadi.
Bundan tashqari, aholi kardinallar ochiq osmon ostida bo'lishi, ya’ni tezroq bir qarorga kelishi uchun hatto saroy tomini olib tashlaydi. Qizig‘i, tomsiz saroyni bugungi kunda ham ko‘rish mumkin. Nihoyat ko‘rilgan chora-tadbirlar kardinallarni bir qarorga kelishga olib keladi.
1274-yilda Ikkinchi Lion soborida papa Griqoriy X “Ubi periculum” deb nomlangan yangi tartibni e’lon qiladi. Ushbu hujjat, papalik saylovlarining yangi tartibini belgilab beradi.
Kiritilgan tartibga ko‘ra, kardinallarni izolyatsiya qilish, ularning oziqlanishini cheklash va saylov jarayonini tezlashtirishga qaratilgan qoidalar o‘rnatiladi.

Jumladan, agar konklav uch kundan ortiq davom etsa, kardinallar kuniga bir marta ovqatlanadilar. Agar konklav sakkiz kundan ortiq davom etsa, kardinallarga faqat non, suv va vino beriladi. Bundan tashqari, kardinallar to yangi papa saylangunicha Sikstin cherkovida tunab qolishlari kerak.
Biroq chiqarilgan qarorga qaramay konklavlar uzluksiz davom etavergan. Masalan, 1314 va 1415-yildagi konklavlar ikki yil ortiq vaqt davom etgan.
Papa saylovi vaqtida siyosiy aralashuvlar ham yuz bergan. Misol uchun, 1903-yildagi konklavda Avstriya imperatori Frans Iosif o‘z vakilini yuborib, bir nomzodga qarshi “veto” e’lon qiladi. Shundan so‘ng cherkov rasmiylari dunyoviy aralashuvni butunlay taqiqlab qo‘yishadi. Bu qaror katolik cherkovning mustaqilligini qat’iy belgilab beradi.
Benedikt XVI va tarixiy iste'fo
Eng zamonaviy voqealardan biri — Benedikt XVI ning 2013-yilda kutilmaganda iste'foga chiqishi bo‘lgan. Bunday voqea oxirgi olti asr ichida birinchi marotaba sodir bo‘lgan edi.
O‘sha vaqtda Benedikt XVI o‘zini “tanasi va ruhi bu yukka bardosh bera olmaydi” deb ilohiy poklik bilan chetga chiqqan edi. Uning o‘rnini esa Lotin Amerikasidan chiqqan ilk papa — marhum Fransisk egallagandi. U oddiylik, kamtarlik va ekologik masalalardagi faoliyati bilan tarixda qoldi.
Albatta, bu galdagi konklav uzoq davom etishi haqiqatdan ancha yiroq. Chunki XX asrda eng uzun konklav bor-yo‘g‘i besh kun davom etgan.

Papani tanlashda mezonlar qanday?
Konklav jarayonida Rim papasi etib saylanish ehtimoli yuqori bo‘lgan kardinallarni aniqlashda bir nechta omillar muhim rol o‘ynaydi. Masalan, yoshi, tajribasi va cherkovdagi mavqeyi inobatga olinadi.
Odatda 60–75 yosh oralig‘idagi kardinallar ko‘proq e’tiborga olinadi. Bu yoshdagi kardinallar yetarli tajribaga ega bo‘lishi bilan birga, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lishi kutiladi.
Shuningdek, diplomatik tajriba, cherkov boshqaruvidagi muvaffaqiyatlar va xalqaro miqyosdagi tan olinishi kardinallarning nomzodligini kuchaytiradi.
Quyida Rim papaligiga nomzodlar keltirilgan:
- Petro Parolin (70, Italiya) — Vatikanning oliy diplomati, Fransiskning o‘rtancha vorisi hisoblanadi. Xitoy va Yaqin Sharq bilan muzokaralardagi asosiy figura, o‘ta pragmatikligi uchun tanqid qilingan.
- Luis Antonio Tagl (67, Filippin) — birinchi osiyolik papa bo‘lishi mumkin. Ilgari Fransisk bilan yaqin bo‘lishgan, keyinchalik munosabatlari tugagan. LGBT va ajrashish mavzulariga yengil qaraydi. Abort masalasida esa salbiy fikrda.
- Piter Turkson (76, Gana) — birinchi qora tanli pontifik bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy adolatni yoqlab korrupsiyaga qarshi kurashadi, ammo nikoh va ruhoniylik borasida an’anaviy qarashlarga ega.
- Piter Erde (72, Vengriya) — konservativ, an’anaviy aqidalar tarafdori. Fransiskning migratsiya siyosatini tanqid qilib, muhojirlarni cherkovlarga qabul qilish chaqirig‘iga qarshi chiqqan.
- Matteo Zuppi (69, Italiya) — progressiv qanot vakili, Fransiskning ishonchli odami. Ukrainada tinchlik vositachisi bo‘lib ishlagan. Fransiskning yo‘lini davom ettirib, kambag‘allar va yordamga muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishi mumkin.
- Xose Tolentino de Mendonsha (59, Portugaliya) — eng yosh nomzodlardan biri. U liberal qarashlarga ega, Fransiskka yaqin, ammo iyerarxiyada bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Uning fikricha, cherkov zamonaviy madaniyat bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi kerak.
- Mario Grech (68, Malta) — sobiq an’anachi, hozirda islohotchi. Cherkovda ayollarning rolini kengaytirish tarafdori. Muhojirlarni qutqarish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklashga uringan yevropalik siyosatchilarni tanqid qilgan.
- Pierbattista Pizzaballa (60, Italiya) — Quddusning lotin patriarxi. U omma oldida o‘zini tuta bilishi bilan mashhur. 2023-yil oktyabr oyida HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng, Pizzaballa G‘azoda tutqunlikdagi bolalar evaziga o‘zini garovga olishni taklif qilgan. 2024-yil may oyida u bir necha oylik muzokaralardan so‘ng G‘azoga tashrif buyurib, tinchlik va insonparvarlik qadriyatlariga sodiqligini namoyish etdi.
- Robert Sara (79, Gvineya) — an’anaviy, pravoslav kardinal bo‘lib, kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, u bir vaqtlar Fransiskka “muqobil kuch” sifatida ishlagan. U gender mafkurasini jamiyatga tahdid sifatida qoralaydi va islom fundamentalizmiga qarshi chiqadi. Tagl singari u ham asrlar davomida birinchi qora tanli papa bo‘lishi mumkin.

Rim papasi bo'lish nima beradi?
Yangi Rim papasi 1,3 milliard katolikning ruhiy rahbari hisoblanadi. U cherkovning asosiy aqidaviy yo‘nalishlarini belgilaydi, diniy marosimlarni boshqaradi va muqaddas hujjatlarni chiqaradi.
Vatikan mustaqil davlat sifatida xalqaro diplomatik aloqalarga ega. Papa xalqaro siyosatda, ayniqsa, inson huquqlari, tinchlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida faol ishtirok etadi mumkin.
Masalan, marhum papa Fransisk iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda faol bo‘lib, 2015-yilda “Laudato Si” ensiklika (Rim papasi tomonidan butun katolik cherkoviga yoki uning rahbarlariga yo‘llanadigan rasmiy maktubdir – tahr.)sini chiqargan. Bu hujjatda u ekologik muammolarni axloqiy va ruhiy masala sifatida ko‘rsatgan edi.
Shuningdek, papa Fransisk ijtimoiy adolat, kambag‘allik va tengsizlikka qarshi kurashda cherkovning faol ishtirokini ta'minlagan. U bu masalalarni cherkovning asosiy vazifalaridan biri deb bilgan.
Garchi yangi Rim papasi dunyoda tobora beqarorlashib borayotgan geosiyosiy jarayonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsata olmasa-da, ijtimoiy muammolarga qarshi kurashda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Izoh (0)