Kosovo Respublikasida bo‘lib o‘tgan EGMO-2025 — Yevropa Qizlar Matematika Olimpiadasida O‘zbekiston tarixiy yutuqni qo‘lga kiritdi: mamlakatimizdan ilk bor ishtirok etgan 4 nafar iqtidorli qizlardan 3 nafari medal bilan yurtimizga qaytmoqda.
Jami 55 davlatdan 300 ga yaqin iqtidorli qizlar ishtirok etgan ushbu nufuzli olimpiadada O‘zbekiston vakillari so‘nggi yillardagi ilmiy rivojlanishning, xususan, qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaldagi natijasini namoyon qilishdi.
G‘oliblarimiz:
Dildora Mahkamova — Toshkent shahri Olmazor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi — Kumush medal.
Malika Xojamuratova — Nukus shahridagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o‘quvchisi — Bronza medal.
Nastarin Kamolova — Buxoro viloyati Qorako‘l tumani ixtisoslashtirilgan maktab-internati 9-sinf o‘quvchisi — Bronza medal.
Yurt qizlarining zafarli qadami nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki butun bir avlod uchun iftixor va ilhom manbaidir. Olimpiadada qatnashishning o‘zi katta tajriba sanalsa, unda sovrindor bo‘lish — ilm yo‘lidagi qat’iyat va mahorat isbotidir.
Mamlakatimizda oxirgi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlar, ayniqsa, ayol-qizlarning ilm-fanga keng jalb etilishiga qaratilgan tashabbuslar o‘z mevasini bermoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy qilingan maxsus dasturlar, STEM sohasida qizlar uchun ochilgan yangi imkoniyatlar va xalqaro olimpiadalarga tayyorlov markazlari bugungi natijaning asosiy omillaridandir.
Bu yutuq — O‘zbekistonning xalqaro fan maydonidagi navbatdagi muvaffaqiyatli qadami bo‘lib qoladi.
Izoh (0)