Ko‘plab rejissyorlar uchun kadrda aktyorlarning improvizatsiyasi bahsli mavzu hisoblanadi. Ayrimlari ssenariyda erkinlikka yo‘l qo‘ymay, qat’iy ravishda ssenariy o‘ynashni talab qiladi. Boshqalari esa yakuniy montajda dastlab rejalashtirilmagan jonli sahnalarni saqlab qoladi. Filmlarning so‘nggi variantlariga kiritilgan aktyorlarning eng mashhur improvizatsiyalarini to‘pladik.
“Cho‘qintirgan ota” filmidagi mushuk
Kinematografiya olamidagi eng mashhur va esda qolarli improvizatsiyalardan biri Frensis Ford Koppolaning “Cho‘qintirgan ota” filmidagi Marlon Brando namoyish qilgan ijrodir. Ssenariyga ko‘ra, mafiya boshlig‘i Korleone Don Vito huzuriga kelgan dafn byurosi egasiga nasihat qiladi. Shu payt Brandoning tizzasiga mushuk sakrab chiqadi. Aktyor dovdiramasdan, xuddi hech narsa bo‘lmagandek monologini davom ettirib, dumli hamkasbini silab-siypalab, rolini ijro etadi.
Sahna shunchalik tabiiy chiqadiki, mushukni filmning yakuniy versiyasida qoldirishga qaror qilinadi. Qo‘lida mushuk bilan o‘tirgan mafiya boshlig‘i obrazi “Cho‘qintirgan ota”ning o‘ziga xos ramzi va tashrif qog‘oziga aylanadi.
TV shou va “Shu’la”
Jek Nikolson rejissyor Stenli Kubrikning “Shu’la” trilleridagi rolini mohirona ijro etadi. Eng mashhur sahnalardan birida Nikolsonning qahramoni — ichkilikboz Jek Torrens xotini yashiringan xonaning eshigini bolta bilan chopadi. Bolta eshikni buzgach, aqldan ozgan erining yuzi ko‘ringanda Jek Nikolson: “Mana, Jonni ham keldi!” deydi.
Bu jumlani aktyor AQSHda juda mashhur bo‘lgan Jonni Karsonning teleshousidan o‘zlashtirgan. Kubrik dastlab bu gapning ma’nosini anglamaydi. Rejissyorga so‘zlarning ma’nosi tushuntirilgach, u Nikolsonning improvizatsiyasini filmda saqlab qolishga qaror qiladi.
Rayan Goslingning “Barbi” filmdagi tantanasi
“Barbi” filmining ikkinchi qismida Margo Robbi ijro etgan bosh qahramon Kenning oldiga “Macho dacha Hata Haus”ga kelganida Rayan Goslingning replikalaridan biri butunlay improvizatsiya bo‘lgan.
Barbi Kenga uning “majburiyatsiz sevgilisi” bo‘lishga tayyorligini aytgach, Ken burchak ortiga o‘tib, “Sublime!” deb baqiradi. Rus tilidagi dublyajda bu so‘z “Alliluyya!” deb tarjima qilingan. So‘ngra yana xotirjam holatda Ken suhbatga qaytadi. Goslingning improvizatsiyasi shunchalik kutilmagan ediki, Margo Robbi kulib yuborgan va bu ibora filmda qoldirilgan.
“Huriliqo” filmidagi ayyor Richard Gir
Richard Girning improvizatsiyasi “Huriliqo” filmining shundoq ham qiziqarli ssenariysini sezilarli darajada jonlantirdi. Melodramaning bir sahnasida Edvard Lyuis Vivian Uordga qimmatbaho marjon sovg‘a qiladi. Juliya Roberts taqinchoqqa qo‘l cho‘zganida, Richard Gir kutilmaganda qutichani yopib qo‘yadi. Aktrisa bundan qo‘rqib ketadi va hayratdan kulib yuboradi. Uning samimiy kulgisi va his-tuyg‘ulari rejissyor Garri Marshallga ham yoqadi.
“Titanik”dagi improvizatsiyalar
“Titanik” filmida ham aktyorlar improvizatsiya qilgan. Keyt Uinslet ijro etgan qahramon Billi Zeyn gavdalantirgan kuyovning qo‘lidan qutulmoqchi bo‘lganida, u erkakka to‘g‘nog‘ich sanchishi kerak edi. Biroq Uinslet boshqacha yo‘l tutadi: buning o‘rniga, u erkakning yuziga tupuradi. Bunday yondashuv rejissyorga ma’qul keladi, chunki bir necha soat oldin Jek Douson qizga “Titanik” palubasidan tupurishni o‘rgatgandi.
Leonardo DiKaprio ham “Titanik” kemasining tumshug‘ida suratga olinayotganda, qo‘llarini yoyib: “Men dunyoning hukmdoriman” deya hayqiradi. Bu ibora ssenariyda bo‘lmagan, ammo Jeyms Kemeron uni “cho‘kmas” kemaning yosh yo‘lovchisi ambitsiyalariga mos va tabiiy deb topadi.
“Ozod Jango” filmida sabr-toqatli DiKaprio
Leonardo DiKaprioning aktyorlik iste’dodiga shubha yo‘q. U rejissyor Kventin Tarantinoning “Ozod Jango” filmini suratga olish jarayonida mahoratini yana bir bor namoyon etadi.
G‘azab otida plantator va qul savdogari Kelvin Kendi qo‘li bilan stol ustidagi kichik qadahni urib yuboradi. U qadahni sindirib, qo‘lini qattiq kesib oladi, ammo roli o‘ynashni to‘xtatmaydi. Keyingi bir necha daqiqa davomida DiKaprio qo‘lidan qon oqib turgan holda sahnani davom ettiradi. Uning o‘z qonini aktrisa Kerri Vashingtonning yuziga surtayotgan lahzasi Kventin Tarantinoga kuchli taassurot qoldiradi. Aktyorning bu ajoyib ijrosini filmda qoldirishga qaror qilinadi.
“Avtomobildan saqlaning” filmdagi uzoq olingan sahna
Eldar Ryazanovning “Avtomobildan saqlaning” komediyasining yakunida ajoyib sovet aktyori Innokentiy Smoktunovskiy trolleybusning old oynasi orqali sevgilisiga uzoq vaqt tikilib turadi.
Sahna bu qadar cho‘zilishi kutilmagan edi. Rejissyor suratga olishni yakunlash haqida ko‘rsatma berishni unutib qo‘ygan bo‘lsa-da, Smoktunovskiy yana bir necha soniya shunday turadi. Bunday uzoq davom etgan muhabbat e’tirofi Ryazanovni lol qoldiradi va u sahnani filmda saqlab qolishga qaror qiladi.
Izoh (0)