Kaliforniya boshchiligidagi AQSHning yigirmata shtati AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini sudga berdi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligining shaxsiy tibbiy ma’lumotlarni Ichki xavfsizlik vazirligi va Immigratsiya xizmatiga (ICE) o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga e’tiroz bildirmoqda. Bu haqda shtat bosh prokurori Rob Bonta matbuot xizmati xabar berdi.

“Kaliforniya bosh prokurori Rob Bonta bugun yigirmata shtatdan iborat koalitsiyaga rahbarlik qilib, AQSH Sog‘liqni saqlash vazirligining Ichki xavfsizlik vazirligi, shu jumladan Immigratsiya xizmatiga (ICE) shaxsiy tibbiy ma’lumotlarga cheksiz kirish huquqini berish qaroriga qarshi da’vo arizasi taqdim etdi”, deya ta’kidlandi uning bayonotida.
Koalitsiyaga Kaliforniyadan tashqari Nyu York, Illinoys, Massachusets, Michigan va Vashington kabi shtatlar ham qo‘shilgan.
Da’vogarlarning fikricha, tibbiy ma’lumotlarning ommaviy uzatilishi federal maxfiylik qonunlarini, jumladan HIPAA (AQSH sog‘liqni saqlash sug‘urtasining ko‘chirib o‘tkazilishi va hisobdorligi to‘g‘risidagi qonun)ni buzadi. Bu odamlarni shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilishdan cho‘chitishi mumkin. Natijada zaif guruhlar orasida sog‘liqning yomonlashishi va hatto o‘lim holatlari yuz berish ehtimoli yuqori.
Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, AQSH hukumati to‘plangan ma’lumotlardan ommaviy deportatsiyalar bazasini yaratish uchun foydalanmoqchi. Bu esa ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonun va Maxfiylik to‘g‘risidagi qonun kabi bir qator federal qonunlarga zid.
Da’vogarlar suddan ma’muriyatning harakatlarini noqonuniy deb topishni va immigratsiya nazorati maqsadida ma’lumotlar uzatilishini to‘xtatishni so‘ramoqda.
Bundan avval Kaliforniya shtati va gubernator Gevin Nyusom AQSH prezidenti Donald Tramp, Pentagon va mudofaa vaziri Pit Xegsetga qarshi Los-Anjelesda Milliy gvardiya qo‘shinlari joylashtirilgani sababli sudga shikoyat arizasini topshirgandi.
Fevral oyida esa AQSHning 14 ta shtatidan demokrat prokurorlar va rasmiylar prezident Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskni sudga bergandi.
Trampga qarshi uning qasamyod marosimidan keyingi birinchi kunda ikkita sud da’vosi qo‘zg‘atilgandi.
Izoh (0)